Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:31

IIV biometrik pasport olmaganlar javobgarlikka tortilishdan ogohlantirdi


Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi (IIBB) aholini 2018 yilning 1 iyuliga qadar eski pasportini yangi biometrik pasportga almashtirish shartligidan ogohlantirdi. Qo‘shimcha qulaylik maqsadida pasport stollari ertalabki soat 9 emas, 8dan ish boshlaydigan bo‘ldi.

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi saytida xabar qilinishicha, 1 iyuldan eski pasportlar amal qilish muddati tugaydi va yangi pasportni olishga ulgurmaganlar uchun ma’muriy javobgarlik belgilangan.

"Sizdan o‘z vaqtida pasportlaringizni almashtirishni so‘raymiz", deya ogohlantirdi IIBB.

Aholiga pasportni almashtirish uchun qo‘shimcha imkoniyat berish masadida IIBB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi hamda uning tumanlardagi bo‘limlari 26 maydan boshlab, tongi soat 9da emas, balki 8da ish boshlashini ma’lum qildi.

Bunga qadar ham ayni ogohlantirish bilan chiqqan IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi bayonotida, jumladan, shunday deyilgandi:​

"Fuqarolar diqqatiga eslatib o‘tmoqchimizki, pasporti bo‘lishi shart bo‘lgan fuqaroning pasportsiz yoki haqiqiy bo‘lmagan pasport bilan yashash, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 223-moddasida belgilangan tartibda jarima solinishiga sabab bo‘ladi".

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 223-modda - "Pasport tizimi qoidalarini buzish" to‘g‘risidagi moddasida shunday deyilgan:

"Pasporti bo‘lishi shart bo‘lgan fuqaroning pasportsiz yoki haqiqiy bo‘lmagan pasport bilan, vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi bo‘yicha hisobda turmasdan yashashi, pasportni qasddan yaroqsizlantirishi, shuningdek pasportni beparvolik bilan saqlashi va buning oqibatida pasportning yo‘qolishi — eng kam ish haqining ikkidan bir qismidan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, — eng kam ish haqining besh baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi".

Shu yil boshida 2018.strategy.uz saytida aholi muhokamasi uchun taqdim etilgan davlat dasturi loyihasida O‘zbekistonda joriy etilgan biometrik pasportni 2018 yil 1 iyulidan xorijga chiqish pasporti sifatida tan olinishi rejalashtirilayotgani qayd etilgandi.

O‘zbekiston ichkarisida foydalanish uchun esa aholiga shaxsni tasdiqlovchi identifikatsiya kartalari - ID-kartalari joriy etilishi taklif qilingandi.

Muhokamalar borayotgan kezda O‘zbekiston IIV Xorijga chiqish, kirish va fuqarolikni qayd etish bosh boshqarmasi Gazeta.uz Internet nashriga xorijiy pasport va ID-karta bo‘yicha aholidan tushgan takliflar ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qilgan.

"Bu aholining taklifidir. Biz xorijiy pasportni 48 sahifalik qilish va uni 10 yillik muddatga berishni taklif qilganmiz. Xorijiy pasportga propiska muhrini urmaslik, oilaviy ahvolini ko‘rsatmaslik va hokazo jihatlar rejalangan edi. Faqat viza uchun sahifalar bo‘lishi rejalangan edi. Hozircha, bu borada aniq qaror yo‘q, aholi takliflarini o‘rganib chiqayapmiz", deya iqtibos keltirgandi IIV boshqarmasidan Gazeta.uz Internet nashri.

Ammo, hozirga qadar Ozodlikda bu borada yakuniy qaror berilgani haqida rasmiy ma’lumot yo‘q.

Bundan tashqari, Prezident Mirziyoevning 2017 yil 16 avgust kungi farmonida 2019 yilning 1 yanvaridan xorijga chiqish stikerini bekor qilish topshirilgan edi. 2018 yilning mart oyiga kelib esa “chiqish vizasi” joriy pasport yangisiga almashmaguncha, saqlanib qolishi ma’lum qilindi.

XS
SM
MD
LG