Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 10:31

Tojikiston harbiylarining O‘zbekistondan o‘tishiga doir bitim tasdiqlandi


30 may kuni Tojikiston parlamentining quyi palatasi Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi Tojikiston harbiy yuklari va harbiy kontingentini O‘zbekiston hududi orqali tranzit qilish to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qildi.

Tojikiston mudofaa vazirining birinchi muovini Imomali Saidzoda parlament sessiyasida chiqish qilib, ushbu bitim mamlakat qurolli kuchlari uchun hayotiy ahamiyatga ega ekanini alohida ta’kidladi.

“Mazkur bitim doirasida Tojikiston harbiy yuklari va qurolli kuchlarining avtomobil, temir yo‘l va havo orqali O‘zbekiston hududidan tranzit ravishda o‘tishlariga imkoniyat yuzaga keldi. Ayniqsa, qurolli kuchlar safiga chaqirish jarayonida yangi askarlarni Tojikistonning turli mintaqalariga temir yo‘l bilan O‘zbekiston hududi orqali tranzit qilish mumkin bo‘ladi,” - dedi general Saidzoda.

Tojikiston harbiy yuklar va harbiy kontingentini O‘zbekiston hududi orqali tranzit qilish borasidagi bitim joriy yilning 9 mart kuni, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevning Tojikistonga davlat tashrifi chog‘ida ikki davlat mudofaa vazirlari tomonidan imzolangan edi.

Tojikiston parlamenti vakili Zayniddin Safarovning Ozodlikka aytishicha, mazkur bitim ikki qo‘shni davlat o‘rtasida harbiy masalalarda mavjud muammo va cheklovlarga echim topdi.

“Oxirgi 9 yil ichida Tojikiston qurolli kuchlarining O‘zbekiston hududi orqali tranzit tarzda o‘tishida jiddiy muammolar mavjud edi. Askarlar va harbiy texnikani qo‘shni mamlakat hududi orqali o‘tkazish uchun O‘zbekiston tomoni bilan muzokiralar olib borishga to‘g‘ri kelardi. Endi bu muammolar hal bo‘ldi,” - deb aytdi Zayniddin Safarov.

Tojikistonlik tahlilchilarning fikricha, Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasida 1993 yili “Do‘stlik va hamkorlik” va 2000 yili “Abadiy do‘stlik” bitimlari imzolangan esa-da, ikki qo‘shni davlat o‘rtasida harbiy sohadagi hamkorlik to‘xtab qolgandi.

O‘zbekiston tojikistonlik harbiylar va harbiy yuklarni o‘z hududi orqali tranzit qilishga ruxsat bermasdi.

Ayni masalada ikki mamlakat munosabatlari ayniqsa 1998 yil noyabrida keskinlashdi.

O‘sha yili 3-4 noyabr kunlari isyonchi polkovnik Mahmud Xudoyberdiev kuchlari shimoliy Tojikistondagi Xo‘jand, Panjakent shaharlari va Ayniy tumanini o‘z nazorat ostiga oldi.

O‘shanda tog‘larga qalin qor yoqqani va Dushanbe-Xo‘jand yo‘nalishida avtomobil yo‘li yopilgani bois Tojikiston hukumati shimoliy Tojikistonga harbiy texnika va askarlarni o‘tkazish uchun ruxsat so‘rab O‘zbekistonga murojaat qilgandi.

Ammo O‘zbekiston tomoni tranzitga ruxsat bermadi. Ortidan Tojikiston hukumati O‘zbekistonni isyonchi polkovnik Mahmud Xudoyberdiev kuchlarini qo‘llab-quvvatlashda ayblagan.

2013 yili oktabrida esa Dushanbe-Konibodom passajir poezdi O‘zbekistonning Jizzax viloyati hududida halokatga uchragan. Ushbu poezda 200ga yaqin askar ham bor edi. Natijada 35 askar yaralanib, shifoxonda yotqizilgan.

“Tojikiston temir yo‘l” shirkati O‘zbekistonni “Dushanbe-Konibodom” poezdini Jizzax temir yo‘lida ta’mirlash ishlari olib borilayotgani haqida ogohlantirmaganlikda ayblagan.

XS
SM
MD
LG