Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 23:51

OzodDayjest: Samarqandda “Green card”li kelin qidirgan oila 7000 dollarga chuv tushirildi


Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

Andijonda o‘nlab qishloq aholisi toza ichimlik suvi taqchilligidan aziyat chekmoqda. Qarshida mijozidan 12 ming dollar pora olgan advokat ushlandi. Samarqandning Ishtixon tumanida “Green card” bilan bog‘liq jinoiy ish ko‘rib chiqildi. Joriy hafta mahalliy matbuot shu kabi voqealar haqida xabar bergan.

_____________________________________________________________

Andijondagi o‘nlab qishloqda suvsizlikdan odamlarning tinkasi qurigan

Andijon viloyatida o‘nlab qishloq aholisi toza ichimlik suvi taqchilligidan aziyat chekmoqda (“Oila davrasida”, 21 iyun). Masalan, Baliqchi tumanidagi mahallalarda ichimlik suvi yo‘qligi sabab aholi 13-40 metrli qo‘lbola suv tortish kranlarini o‘rnatishga majbur bo‘lgan. Ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida barpo etilgan minoralar esa uzoq yillar davomida ishlamagani oqibatida zanglab, teshilib ketgan. Suv ta’minoti tashkilotlari ham zarur moddiy-texnik baza, zamonaviy uskunalar va mashinalar bilan jihozlanmagan. “Ikki daryo kokilini yuvadigan” yurtda nima uchun odamlarni ichimlik suvi bilan ta’minlash masalasi kun sayin dolzarb ahamiyat kasb etib bormoqda?” deya mutasaddilarni savolga tutadi gazeta.

Qarshida advokat “sudyaga beraman” deya mijozidan 12 ming dollar pora oldi

Qarshi shahridagi “Sohibqiron izdoshlari himoyasi” advokatlik firmasi rahbari Shahzod Suyunov qabuliga najot istab kelgan fuqarodan yaqinlarini qamoqdan chiqarib berish evaziga 12 ming AQSh dollari miqdorida pora oldi (“Huquq”, 21 iyun). “Transmatoeks” xususiy korxonasi rahbari D.Hasanovaning ikki ukasi janjal payti boshqa bir fuqaroga tan jarohati yetkazadi. Ularga jinoiy ish ochilib, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olinadi. D.Hasanova ukalariga himoyachi sifatida Shahzod Suyunov bilan shartnoma tuzadi. Ammo advokat Sh.Suyunov mijozini qo‘rqitib, tergovchi va sudyaga pora berish zarurligi, aks holda, ukalari qamalib ketishi aytadi va katta miqdorda pora oladi. Aslida mazkur ish porasiz ham hal bo‘ladi: jabrlanuvchilar arizasini qaytarib olgach, ikki aka-uka ozod etiladi. Mijoz D.Hasanova advokat uni aldab, katta miqdorda pul olganini bilgach, huquq idoralariga xabar beradi va advokat qo‘lga olinadi. Unga nisbatan adolatli jazo tayinlangani xabar qilingan.

O‘g‘lini faqat “Green card” yutgan qizga uylantirmoqchi bo‘lgan samarqandlik otani aldab ketishdi

Samarqand viloyatining Ishtixon tuman sudida “Green card” bilan bog‘liq jinoiy ish ko‘rib chiqildi (“Inson va qonun”, 19 iyun). Shu tumanda yashovchi oila boshlig‘i tanishidan “Menga “Green card” yutgan qiz topib ber, o‘g‘limni unga uylantirib AQShga yuboraman” deya iltimos qilgan va buning evaziga 7000 dollar va’da qilgan. Ammo tanishi katta pulga ega chiqish uchun firibgarlik qilgan. Payariq tumanida yashovchi bir qizning nomiga “Green card” yutgani haqida ingliz tilida soxta hujjat tayyorlab, kelin qidirgan otani aldab, va’da qilingan pulni olgan. Ishtixonlik ota qalbaki hujjatga ishonib, o‘g‘lini o‘sha qizga uylantirgan. Ammo keyinroq kelin “Green card” yutgani haqidagi gap yolg‘on ekani ma’lum bo‘lgan. Qayd etilishicha, “Green card”ga ishqiboz otani chuv tushirganlarga tegishli jazo berilgan. O‘g‘lini Amerikaga yubormoqchi bo‘lgan ota “Green card”siz keliniga keyin qanday munosabatda bo‘ldi, ajratib yubormadimi – bu savollarga oydinlik kiritilmagan.

XS
SM
MD
LG