Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:40

Nobiometrik pasport muddati yana bir yarim yilga uzaytirildi. Jarima bekor etildi


O‘zbekistonda eski nobiometrik pasportlarning amal qilish muddati Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 30 iyundagi 494-son qaroriga muvofiq mamlakat hududida 2019 yil 31 dekabrga qadar, chet el hududida esa nobiometrik pasportning amal qilish muddatiga qadar uzaytirildi.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining Ozodlik suhbatlashgan mulozimi aholiga eski pasportlarni almashtirishlari uchun qo‘shimcha imkoniyat berish maqsadida hukumat shunday qaror olganini aytdi.

O‘tgan hafta Ozodlik O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligidagi manbasiga asoslanib, vazirlik eski pasport muddatini uzaytirishni so‘rab hukumatga murojaat qilgani va eski pasportlarning amal qilish muddati kamida bir yilga uzaytirilishi borasida hukumatning qarori kutilayotgani haqda xabar qilgan edi.​

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining o‘zini tanishtirmagan mulozimi Ozodlik bilan 5 iyul kungi suhbatda hukumat qarori vazirlikning so‘rovi asosida qabul qilingani, 1 iyulgacha yangi pasport olishga ulgurmaganlar jarimaga tortilmasligini tasdiqladi.

- Odamlar oxirgi kunga taqab, yangi biometrik pasportga topshirayapti, stollarda navbatlar ko‘payib ketayapti. Pasport olishga ulgurmaganlarga yana imkoniyat beraylik, navbatda turib qolishmasin, deb kelasi yil oxirigacha uzaytirilayapti. Eski pasport muddati uzaytirilgandan keyin, jarimalar ham bo‘lmaydi, - deydi IIV rasmiysi.

O‘zbekistonda eski nobiometrik pasportlarning amal qilish muddati uchinchi marta uzaytirilayapti.

Dastlab 2011 yilning yanvaridan boshlangan biometrik pasportga o‘tish jarayoni 2015 yilning dekabriga qadar to‘la yakunlanishi ko‘zda tutilgan edi.

O‘shanda eski rusumdagi pasportlarning 2015 yil 31 dekabrigacha amalda bo‘lishi e’lon qilingan edi.

Keyinchalik Vazirlar Mahkamasi eski pasportlarning mamlakat ichidagi amal qilish muddatini 2018 yil 1 iyuligacha uzaytirdi, belgilangan muddat ichida yangi biometrik pasport olmaganlar jarimaga tortilishidan ogohlantirdi.

1 iyulgacha biometrik pasport olishga ulgurmaganlar yarim million so‘mgacha bo‘lgan miqdorda jarimaga tortilishi mumkinligi haqidagi xabarlar ortidan so‘nggi oylarda pasport stollari oldida ur-yiqit navbatlar yuzaga keldi.

Garchi eski pasportlarning amal qilish muddati yana bir yilga uzaytirilgan esa-da ayrim pasport stollari oldida navbatlar kamaymagan.

Samarqandning Paxtachi tumani pasport stoliga yangi biometrik pasport uchun borgan 45 yoshli Akbar Shomurodov pasport stoli oldida ur-yiqit 5 iyul kuni ham bo‘lganini aytadi:

- Ichkarida pasport stoli xodimi doim futbol ko‘rib o‘tiradi, biz tashqarida ochered kutamiz. Tag‘in bizga do‘q ham qiladi. Ikki haftada bitishi kerak bo‘lgan pasportni odamlar oylab kutishayapti, - deydi Shomurodov.

Ozodlikka kelayotgan xabarlarga ko‘ra¸ nafaqat Samarqand, balki mamlakatning boshqa hududlaridagi Pasport bo‘limlari binolari oldida shu kunlarda turnaqator navbatlar yuzaga kelgan.

Aholiga pasportni almashtirish uchun qo‘shimcha imkoniyat berish masadida bundan oldin Ichki ishlar vazirligi pasport bo‘limlari 26 maydan boshlab, tongi soat 9da emas, balki 8 da ish boshlashini yo‘lga qo‘ygan edi.

Garchi O‘zbekistonda eski pasportlarning amal muddati uzaytirilgan esa-da bu pasportlar bilan chet elga chiqib bo‘lmaydi, xorijda eski pasport bilan yurgan O‘zbekiston vatandoshlari pasportining amal qilish fursati tugamagan bo‘lsa O‘zbekistonga kirishda bir marta foydalanishi mumkin.

O‘zbekistonda eski pasportdan yangi biometrik pasportga o‘tish jarayoni hali tugamasidan 2019 yil 1 yanvaridan O‘zbekiston fuqarolariga xorijga chiqish uchun maxsus biometrik pasportlar joriy etilishi ma’lum qilindi.

XS
SM
MD
LG