Линклар

Шошилинч хабар
21 январ 2021, Тошкент вақти: 17:48

AQSh senatori Putinni "diktator", uning hukumatini “mafiya” deb atadi


Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov AQSh Kongressi delegatsiyasi bilan 3 iyul kuni uchrashdi.

O‘tgan haftada Respublikachilar partiyasi a’zolaridan iborat Kongress delegatsiyasi safida Rossiyaga safar qilgan AQSh senatori prezident Vladimir Putinga ishonib bo‘lmasligini aytib, Moskva bilan ish olib borishni “mafiya bilan ish yuritishga” qiyosladi.

9 iyul kuni senator Jon Kennedi jurnalistlarga Rossiya hukumati “Amerika saylovlariga burnini suqishni to‘xtatishi” kerakligini ta’kidladi.

Kennedi rossiyaliklarni noyabr oyiga belgilangan AQSh saylovlariga yana aralashadigan bo‘lishsa, hozirgi kungacha joriy qilingan sanksiyalardan ham kuchli sanksiyalarga duchor bo‘lishlari haqida ogohlantirganini qo‘shimcha qildi.

Kennedi, shuningdek, ruslarga Ukraina va Qrimdan chiqib ketishni hamda ularga o‘z kelajaklarini o‘zlari hal qilishlariga yo‘l ochib berishni aytganini ta’kidladi.

Bundan tashqari, senator Moskvani Suriyadagi “qing‘ir ishlarini” bas qilishga hamda Suriya janubida Eron o‘z pozitsiyasini mustahkamlashiga yo‘l qo‘ymaslikka chorlagan.

Kennedi olti respublikachi senator hamda Vakillar palatasining bir a’zosi bilan 30 iyundan 4 iyulgacha Rossiyaga amaliy safar bilan borgan edi.

22 iyun kuni senatorlar Jon Kennedi hamda Richard Shelbi CNNga bergan intervyularida safarni AQShning Rossiyadagi elchisi Jon Hanstman uyushtirganini aytishdi. O‘shanda Kennedi Putin bilan uchrashishga umid qilayotganini aytgandi, ammo bu amalga oshmadi.

Bu orada AQSh delegatsiyasi tashrifi haqida bir-biriga zid xabarlar tarqaldi. Tashrif demokratlar tanqidiga uchradi. Bunga respubliklachilar faqat o‘zlari borgani hamda demokratlar nazarida, Rossiyani AQSh saylovlariga aralashuvi va Ukraina, Suriya va boshqa hududlardagi faoliyati uchun yetarlicha tanqid qilishmagani sababchi bo‘ldi.

Delegatsiyaga yetakchilik qilgan senator Shelbi Rossiya Dumasi raisi Vyacheslav Volodinga:

- Rossiyani u yoki bu narsada ayblash uchun kelganim yo‘q. Aytmoqchi bo‘lganim, hammamiz yaxshiroq aloqalar uchun kurashishimiz kerak, - deganini aytdi.

Shelbi Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavroga esa:

- Aloqalarimiz tang, ammo AQSh va Rossiya o‘rtasidagi aloqalarni yaxshilasak bo‘ladi, chunki dunyo bo‘ylab umumiy qiziqishlarimiz bor va ular ustida hamkorlikda ishlashimiz mumkin, - degan.

Rossiya deputati Vyacheslav Nikonov bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarni “umrimdagi eng oson uchrashuvlardan biri” deya ta’rifdab, saylovlarga aralashish masalasiga faqatgina yuzaki to‘xtalib o‘tilganini aytdi.

Ammo Kennedi jurnalistlarga uchrashuvlarda taranglik sezilganini aytib, Lavrovni “zo‘ravon” deya ta’rifladi.

- Rossiyada siyosiy falsafa yo‘q. Bu mafiyaning siyosiy falsafasi qanaqa, deb so‘rash bilan barobar, - dedi senator.

- Ularning falsafasi pul va amaldir. Bu Putin falsafasidir. U “temir qo‘l” bilan boshqaradi. U diktatordir.

Senator Rossiyada erkin matbuot yo‘qligini, boylar va oddiy fuqarolar o‘rtasida yirik tafovut borligini qo‘shimcha qildi.

Kennedi, shuningdek, Rossiya xalqi bundan yaxshiroq sharoitda yashashga loyiqligini aytdi.

Shunday bo‘lsa-da, Kennedi Tramp va Putin yaqinda uchrashishiga qarshi emasligini, ammo sammit biror natijaga olib kelishiga ishonmasligini bildiri.

Ikki prezident 16 iyul kuni Xelsinkida ilk marotaba sammit o‘tkazishi kutilmoqda.

- Putinga ishonib bo‘lmaydi. Menimcha, tutishimiz mumkin bo‘lgan eng yaxshi yo‘l uni jilovlashga harakat qilishdir, - dedi senator.

XS
SM
MD
LG