Линклар

Шошилинч хабар
19 январ 2021, Тошкент вақти: 23:45

Xorijda yashashga majbur bo‘lgan oligarx G‘afur Rahimovning O‘zbekistonga qaytishiga huquqiy izn berildi


10 iyulda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi yirik tadbirkor va metsenat G‘afur Rahimovni qidiruvdagi shaxslar ro‘yxatidan olib tashlash haqida qaror qabul qildi.

Qarorga muvofiq, Xalqaro boks assosiatsiyasi (IBA ) vaqtinchalik prezidenti G‘afur Rahimovga nisbatan besh yil muqaddam ehtiyot chorasi sifatida belgilangan qamoq ham bekor qilindi.

66 yashar tadbirkor O‘zbekistonni 2010 yilda tark etganidan buyon¸ asosan Dubayda istiqomat qilib keladi.

Ehtiyot chorasi

Bosh prokuraturaning O‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi boshlig‘i Sh.R. Muhammadjonov imzolagan qaror nusxasi 11 iyul kuni Ozodlikka bu jarayonga bevosita aloqador shaxs tomonidan yo‘llandi.

Bu hujjatning haqiqiyligini 12 iyul kuni huquq tartibot idoralarida ishlovchi rasmiylar tasdiqladi.

2013 yilning 6 fevralida G‘afur Rahimovga O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 165 (tovlamachilik), 243 (jinoiy faoliyatda olingan daromadlarni legallashtirish) va 228 (hujjatlarni qalbakilashtirish) moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etish ayblovlari qo‘yilgan edi.

O‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi boshlig‘i Sh.R. Muhammadjonov imzolagan qarordan ma’lum bo‘lishicha, o‘shanda G‘afur Rahimovning "qaerdaligi noaniq bo‘lgani sababli unga sirtdan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilib, qidiruv e’lon qilingan".

10 iyulgi yangi qarorda jumladan shunday deyiladi:

"Hozirgi vaqtda ayblanuvchi G.A. Rahimovning qaerdaligini ma’lum bo‘lgani, uning doimiy yashash joyi va ish joyi bor bo‘lgani, Osiyo Olimpiya kengashining vitse-prezidenti va Xalqaro havaskor boks federatsiyasining vaqtinchalik prezidenti sifatida faoliyat yuratayotgani, oilali, avval sudlanmagan bo‘lgani, tergov va suddan yashirinishini ko‘rsatuvchi asos bo‘lmagani uchun unga nisbatan avval tanlangan qamoq tarzidagi ehtiyot chorasini munosib hulq atvorda bo‘lish to‘g‘risidagi tilxatga almashtirish​ ​maqbul chora deb hisoblayman."

G‘afur Rahimovga ochilgan tergov ishidan yaqindan xabardor huquqni muhofaza qiluvchi organ mulozimi ehtiyot chorasini o‘zgartirish tashabbusi tadbirkorning o‘zidan chiqqanini bildirdi:​

"Mazkur shaxs unga nisbatan tanlangan ehtiyot chorasini o‘zgartirish tashabbusi bilan chiqqan bo‘lib, ... tergov bilan hamkorlik qilishi va haqiqatni aniqlashga to‘sqinlik qilmagani nuqtai nazaridan ehtiyot chorasi munosib xulq atvor to‘g‘risidagi tilxatga almashtirilgan," dedi shaxsi ochiqlanmasligini so‘ragan mulozim.

Rahimov biznesiga qarshi reydlar

G‘afur Rahimovga nisabatan qidiruv 5 yil muqaddam e’lon qilingandi
G‘afur Rahimovga nisabatan qidiruv 5 yil muqaddam e’lon qilingandi

Hozirda havaskor boks bo‘yicha dunyodagi eng yirik tashkilotning vaqtinchalik prezidenti bo‘lgan G‘afur Rahimov va uning biznes tizimlariga qarshi harakatlar O‘zbekistonda 2012 yilda boshlandi.

Dastlab, ishbilarmon O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi rais o‘rinbosari va O‘zbekiston Milliy Boks federatsiyasi prezidenti lavozimlaridan chetlatildi.

Ayni yilda G‘afur Rahimovga oidligi iddao qilingan O‘zbekistondagi biznes tizimlarida jiddiy taftish va reydlar o‘tkazilgani ortidan tadbirkor vatanini tark etdi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi 2012 yilning 28 iyun kuni e’lon qilgan xabarnomada aytilishicha, Sezam va Lessor Plyus shirkatlaridan mamlakatga noqonuniy tarzda olib kirilgan 362,5 million so‘mga teng maishiy texnika va audio-video apparatura musodara qilingan.

"Tergov davomida mazkur shirkatlar rahbarlari 2010-2011 yillar davomida 6,4 milliard so‘mlik molni noqonuniy tarzda mamlakatga olib kirib, sotgani, 6,7 milliard so‘mlik molni sotishda qonunlarni buzgani va davlatga 2,4 milliard so‘m miqdorida soliq va boshqa to‘lovlarni to‘lmagani ham fosh etildi", deya yozgan Bosh prokuratura xabarnomasida Rahimovning bu shirkatlarga aloqadorligi aniq aytilmagan edi.

O‘zbekiston biznes doiralariga yaqin manbaning aytishicha, "prokuratura keltirgan xabarlardagi biznes tizimlar O‘zbekistondagi biznesi tortib olingan G‘afur Rahimovga daxldor".

G‘afur Rahimovni yaqindan tanuvchi bir-biridan mustaqil ikki yirik tadbirkorning iddao qilishicha, G‘afur Rahimovga qarshi kampaniya boshida shaxsan o‘shandagi prezident Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova turgan.

G‘afur Rahimov O‘zbekistonga qayta oladimi?

G‘afur Rahimov 2018 yil fevralida AIBA vaqtinchalik prezidenti etib saylandi
G‘afur Rahimov 2018 yil fevralida AIBA vaqtinchalik prezidenti etib saylandi

Huquqni muhofaza qiluvchi organ mulozimining izoh berishicha, Bosh prokuratura qarori amalda G‘afur Rahimovning O‘zbekistonga qaytishiga hech qanday cheklovning qolmaganini anglatadi.

"Hozirda davlat jinoyat ishlari yurituvi siyosati shunday yo‘nalishdaki, agar jinoyat sodir etgan shaxs tergov bn hamkorlik qilsa, unga nisbatan qo‘llaniladigan protsessual majburlov choralarining optimal shakllari ko‘llaniladi," dedi huquqni muhofaza qiluvchi organ mulozimi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, tadbirkorning vataniga qaytishidan tergov organlari ham manfaatdor:

"Uning qaytishiga hech bir cheklov yo‘q, aksincha, biz ham manfaatdormiz, chunki tergov jarayoni yanada optimallashadi," dedi mulozim.

O‘zbekiston vatandoshi G‘afur Rahimov ismi Interpolning O‘zbekistondagi milliy vakolatxonasi qidiruv lentasidan joriy yilning 15 sentabr kuni olib tashlandi.

Rahimov AQSh Moliya vazirligi "qora ro‘yxati"dan chiqish harakatini ham boshladi

Joriy yil may oyida Rahimov boshqarayotgan Xalqaro boks assotsiatsiyasi rasmiy saytida tadbirkorning Vashington va Londondagi advokatlaridan o‘ziga qo‘yilgan sanksiyani qayta ko‘rib chiqish talabi bilan AQSh Moliya vazirligiga murojaat qilishni so‘ragani xabari paydo bo‘ldi.

Bu bayonotda G‘afur Rahimovning quyidagi so‘zlari keltirilgan:

“Men hech qachon uyushgan jinoiy guruh bilan aloqador bo‘lmaganman hamda men hech qachon hech qanday jinoyatlarda ayblanmaganman. AQSh Moliya vazirligi bosimi davom etayotgan bo‘lsada, men AIBA boshqaruvi va moliyaviy barqarorligini tiklash bo‘yicha sa’y-harakatlarimni davom ettiraman. Men boksni yaxshi ko‘raman. AIBA har qanday qiyinchiliklarni yengib o‘tadi va menga qarshi asossiz ayblovlarga qaramay, hayotimni sportga bag‘ishlashda davom etaman”.

G‘afur Rahimov AQSh Moliya vazirligining uyushgan xalqaro jinoiy guruh yetakchilariga qarshi joriy qilgan sanksiyalari ro‘yxatiga ilk bor 2012 yilning 23 fevral kuni "Yevroosiyodagi jinoiy sindikat" yetakchilaridan biri sifatida kiritilgan edi.

"Postsovet fuqarolaridan tashkil topgan “Birodarlik xalqasi” (Bratva) dagi belgilovchi shaxs bo‘lgan G‘afur Rahimov o‘zbek uyushgan jinoyat olami yetakchilaridan biri va u Markaziy Osiyoda narkotik moddalar ishlab chiqarish bo‘yicha ixtisoslashgan. Rahimov dunyoning yirik narkosindikatlarida geroin kontrabandasi bilan bog‘liq operatsiyalarda qatnashib kelmoqda"¸ deb yozilgan AQSh Moliya vazirligi o‘z rasmiy saytida 2013 yil 30 oktabrida e’lon qilgan hujjat matnida.

Ayni shu sanada AQSh Moliya vazirligi G‘afur Rahimovga aloqador deb ko‘rilgan yana olti shaxs va to‘rt shirkatga nisbatan jazo choralari joriy qilgan edi.

Bu ro‘yxatga nomlari kiritilgan shaxs va shirkatlarning AQSh banklaridagi hisoblarini muzlatilgan va AQSh fuqarolarining ular bilan har qanday hamkorligi taqiqlangan.

XS
SM
MD
LG