Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2018, Тошкент вақти: 10:47

Tojik rasmiysi: Tojikiston va O‘zbekistondan mahsulot olib o‘tishda cheklovlar yӯq


Tojikiston Bojxona xizmati raisi Xurshed Karimzoda

Tojikiston bojxona xizmati rasmiylari O‘zbekiston va Tojikistondan mahsulotlar olib o‘tishda cheklovlar kiritilganini rad etdi.

Iyul oyi boshidan Tojikistondan O‘zbekiston hududiga bir kishiga kuniga faqat 10 kilogramm va O‘zbekistondan Tojikistonga 40 kilogramm miqdorida oziq-ovqat va sanoat mollari o‘tkazishga izn berilani aytilgandi.

2 avgust kuni Dushanbeda matbuot yig‘ini o‘tkazgan Tojikiston Bojxona xizmati raisi Xurshed Karimzoda O‘zbekistondan Tojikistonga mahsulot olib o‘tishda biron cheklov kiritilmagani va har bir kishiga kuniga 50 kilo miqdorida yoki 1000 AQSh dollari teng mahsulot olib o‘tishga izn berilganini aytdi.

- Bu miqdordagi tovarlarga bojxona to‘lovlari yo‘q. Ammo tadbirkor O‘zbekistondan Tojikistonga 100 kilo yoki undan ortiq mahsulot olib o‘tsa, 50 kilodan ortig‘iga bojxona to‘lovlarini to‘laydi. O‘zbekistondan Tojikistonga barcha mahsulotlar, jumladan tuxum olib kelishga ham cheklovlar yo‘q, - dedi Xurshed Karimzoda.

Uning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekistondan tuxum olib o‘tishda faqat tuxumning ishlab chiqarilgan muddati qayd etilishi va ularni refrejeratorlarda yetkazilishi lozim.

Mart oyida Tojikiston va O‘zbekistonda vizasiz bordi-keldi yo‘lga qo‘yilishi ortidan tojik va o‘zbek vatandoshlari bir-birlariga katta miqdorda oziq-ovqat va sanoat mollari olib o‘ta boshlashdi.

Tojikiston bojxona xizmati rasmiylarining aytishicha, natijada ba’zi tadbirkorlar ikki davlat hududiga juda ko‘p miqdorda sifati past bo‘lgan mahsulotlarni olib o‘tgan.

Shu bois Tojikiston va O‘zbekiston bojxona organlari chegarda olib o‘tadigan mahsulotlarga nisbatan nazoratni kuchaytirgan.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 22 iyundagi "Jismoniy shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasiga tovarlarni olib o‘tish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qaroriga asosan endilikda temir yo‘l va daryo o‘tkazish punktlari orqali bojxona chegarasini kesib o‘tganda – 1000 AQSh dollari miqdorida hamda avtomobil yo‘li (piyodalar yo‘li) o‘tkazish punktlari orqali bojxona chegarasini kesib o‘tganda esa – 300 AQSh dollari miqdoridagi quyidagi tovarlarni 1 kalendar oy davomida 1 donadan bojxona to‘lovlarisiz olib kirish mumkin.

Bular har bir xonadon uchun zarur bo‘lgan sovutgich, muzlatgich, konditsioner, kir yuvish mashinasi, chang yutgich, gaz plitasi, elektr plita, televizor, mikroto‘lqinli pech, duxovkali pech, elektr go‘sht qiymalagich, dazmol, fen, oshxona kombayni, telefon apparati, shu jumladan qo‘l telefoni, kompyuter texnikasi, printer va ko‘p funksiyali ofis qurilmasi, planshet kompyuter, noutbuk, oshxona idishi kabi tovarlardir.

Shuningdek, boshqa har bir nomdagi tovardan (masalan, oziq-ovqat, kiyim kechak, kanselyariya, xo‘jalik mollari) 2 kg, ammo umumiy og‘irligi 10 kilogramdan oshmaydigan tovarlardan bojxona to‘lovlari undirilmaydi.

Jismoniy shaxslar tovarlarni bojxona to‘lovlari to‘lamasdan olib o‘tishning miqdoriy normalari jismoniy shaxs O‘zbekiston Respublikasi davlat chegarasidagi o‘tkazish punktlaridan belgilangan davrda birinchi marta o‘tishida qo‘llaniladi.

Bunda bojxonachilar chegara xizmatlari organlari tomonidan jismoniy shaxsning pasportiga qo‘yiladigan belgidagi sanaga asoslanishadi.

Ro‘yxatda qayd etilgan har qanday tovar belgilangan norma va davriylikdan ortiq olib o‘tilganda esa o‘rnatilgan tartibda bojxona to‘lovlari undiriladi.

Tojikiston bojxona xizmatig ma’lumotiga binoan, O‘zbekiston bilan vizasiz bordi-keldi boshlanishi ikki davlat o‘rtasidagi tovar aylanishiga ijobiy ta’sir korsatib, joriy yilning olti oyi davomida tovar aylanishi 117 million AQSh dollarini tashkil etgan.

Bu raqam o‘tgan yilning olti oyiga qaraganda ikki baravar ko‘pdir.

XS
SM
MD
LG