Линклар

Шошилинч хабар
17 октябр 2018, Тошкент вақти: 10:55

OzodDayjest: Qashqadaryolik yigit o‘ziga turmush chiqishga ko‘nmagan qizni pichoqladi


Shahrisabzlik yigit turmushga chiqish taklifini rad etgan qizdan o‘ch oldi. Tuyabo‘g‘iz dam olish maskanida to‘pponchadan ikki bor o‘q uzildi. Andijonda to‘rt kishini o‘ldirgan yigit umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi.

_____________________________________________________________

Shahrisabzlik oshiq yigit sovchisini qaytargan qizdan o‘ch oldi

​Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida yashovchi 31 yoshli yigit uzoq qarindoshi bo‘lgan qizga ko‘ngil qo‘yadi va unikiga sovchi yuboradi (“Huquq”, 2 avgust). Yigitning onasi qiznikiga non va shirinliklar olib keladi, ammo rad javobini eshitadi. Bundan jahli chiqqan oshiq yigit dastlab qizdan onasi olib borgan non va shirinliklarni qaytarishni talab qiladi. Qiz mayda-chuydani qaytarib beradi. Yigit esa qizga: “Boshqaga turmushga chiqsang, o‘ldiraman!” deya tahdid qiladi. Keyinroq yigit ishdan qaytayotgan qizni yo‘lda kaltaklab, pichoqlaydi. Qashqadaryo viloyat prokuraturasi katta tergovchisi Umid Jahongirovga ko‘ra, ismi oshkor etilmagan yigit 11 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Qizning hayoti esa saqlab qolingan.

Toshkent dengizida 26 yashar yigit ikki kishini to‘pponchadan otib jarohatladi

Tuyabo‘g‘iz sum ombori, ya’ni Toshkent dengizi dam olish maskanida to‘pponchadan o‘q otildi (“XXI asr”, 2 avgust). Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida yashovchi 26 yashar yigit avtoturargoh ishchilari bilan janjallashib qolgan va shaxsiy pnevmatik to‘pponchasidan o‘q otib, ikki kishini jarohatlagan. So‘ng voqea joyidan qochib ketgan. Gazetaga ko‘ra, jaraq-jaraq foyda olayotgan dam olish maskani ma’muriyati odamlar xavfsizligi uchun ham kerakli choralarni ko‘rishi lozim.

Qayd etilishicha, Toshkent dengizi dam olish maskanida nafaqat xavfsizlikni ta’minlash, sifatli xizmat ko‘rsatish borasida ham muammolar talaygina. “Sohil bo‘yida it egasini tanimaydi… Bir tarafda yantoq o‘sgan, o‘rtada almisoqdan qolgan attraksion yiqilay-yiqilay deb turibdi, yarim-yalang‘och semiz kishi yirtiq materiallar tutilgan yuvinish xonasida chayinmoqda. Oyoq ostida pista po‘choq, muzqaymoq qog‘ozlari, chala yongan o‘tinlar”, deb yozadi gazeta. Yuzlab odam cho‘milayotgan sun’iy ko‘l suvi ham ifloslanib, bo‘tana bo‘lib ketgan.

Xotini va o‘g‘lini o‘ldirgan yigit umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi

Andijon viloyati Buloqboshi tumanida yashovchi, hali 30 ga kirmagan Azizbek Abduqayumov to‘rt insonni o‘ldirishda aybdor deb topilib, umrbod qamoq jazosiga hukm etildi. Bu haqda jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon viloyat sudi raisi A.To‘raev “Darakchi” nashri orqali ma’lum qiladi. Kirakashlik ortidan kun ko‘rgan A.Abduqayumov Xo‘jaobod tumanida turmushidan ajrab bir qizi bilan yashayotgan Feruza ismli ayol bilan shar’iy nikoh asosida oila qurgan. Juftlik o‘g‘il farzand ko‘rgach, ularning munosabati sovuqlashgan. Oilaviy janjallarning birida jahl otiga mingan A.Abduqayumov dastlab Feruzani bo‘g‘izlagan, keyin voqeaga guvoh bo‘lib qolgan qayinsinglisi Nargizani, keyin xotinining birinchi turmushidan tug‘ilgan qizi Gulchiroyni va nihoyat beshikda yotgan o‘g‘li Muhammadalini o‘ldirgan. So‘ng jasadlarni bir xonaga to‘plab, yoqib yuborgan. Ochiq sud majlisida qotillikda ayblangan A.Abduqayumov g‘azab ustida nima qilganini anglolmagani va qilmishidan afsusda ekanini bildirgan.

XS
SM
MD
LG