Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 22:07

OzodDayjest: Farg‘onadagi maktab hududida IIB xodimlariga xizmat uyi qurilmoqda


Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

Oliy Majlis deputati tanosil xastaligini davolash holatini tanqid qildi. Qo‘shtepadagi 18-maktab hududida ichki ishlar xodimlari uchun xizmat uyi qurilmoqda. Xorijiy banklarni to‘nagan o‘g‘rilar Toshkentda qo‘lga olindi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

_____________________________________________________________

Deputat: Tanosil xastaligiga chalinganlar sog‘lom odamlarga jiddiy xavf tug‘dirmoqda

O‘zbekistonda tanosil kasalligini aniqlash qoniqarsiz ahvolda, deb hisoblaydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Muharram Dadaxo‘jaeva (“Jamiyat”, 27 iyul). Gap shundaki, hozirgi kunda tanosil kasalliklarini aniqlash bo‘yicha majburiy tibbiy ko‘rik o‘tkazilmaydi. Jumladan, fohishalik bilan shug‘ullangan shaxslar ham majburiy ko‘rikdan o‘tmaydi. Shu bois mazkur xastalikka chalingan shaxslar to‘g‘risida statistik ma’lumotlar yuritilmayapti. Tanosil kasalliklariga chalingan bemorlar esa sog‘lom odamlarga jiddiy xavf tug‘dirmoqda. Negaki, ular xizmat ko‘rsatish sohalarida erkin faoliyat yuritmoqda. Deputatga ko‘ra, xorijiy davlatlarda tanosil kasalligiga chalinganlar sud qarori asosida majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi va davolanadi. Ta’kidlanishicha, tanosil kasalliklari profilaktikasi to‘g‘risida qonun qabul qilib, xorij tajribasini O‘zbekistonda tatbiq etish kerak.

Maktabmi yo karvoncaroy?! Farg‘onada ta’lim maskani hududida militsiya xodimlariga xizmat uyi qurilmoqda

Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumanidagi 18-maktab hududida ichki ishlar xodimlari uchun xizmat uyi qurilmoqda (“Oila davrasida”, 2 avgust). Uy bitish arafasida ekanini yozgan gazeta “Bu yer maktabmi yoki karvonsaroy?” deya mutasaddilarni savolga tutadi. Umuman, maktab og‘ir ahvolda. Ta’lim maskani tashqi devorlari nurab tushgan, ayrim joylarda esa umuman devor yo‘q. Maktabga yondosh xonadonlar devorga taqab tovuq kataklari va chorva oxurini qurib olgan. 850 ga yaqin o‘quvchining ovqatlanish masalasiga umuman e’tibor qaratilmagan. Maktab oshxonasi 30 yildan beri ishlamaydi. Tibbiyot xonasida ham zarur dori-darmon yetishmaydi. Maktab hududini chiqindi va o‘t bosgan. Gazetaga ko‘ra, vaziyatni o‘nglashga mutasaddilar e’tibori lozim.

Xorijiy banklardan 3,5 million dollar o‘margan o‘g‘rilar to‘dasi Toshkentda qo‘lga olindi

Toshkentdagi “Orient Finance Bank” filialini to‘namoqchi bo‘lgan paytda qo‘lga olingan ukrainalik fuqarolardan iborat o‘g‘rilar to‘dasiga oid yangi tafsilotlar ma’lum qilindi (“Darakchi”, 2 avgust). Aniqlanishicha, mazkur guruh Rossiya, Ukraina, Belarus, Moldova, Makedoniya kabi davlatlar banklaridan 2015-2018 yillar davomida 3,5 million dollardan oshiq mablag‘ni o‘margan. Guruh a’zolari Toshkentdagi “Orient Finance Bank” filiali mijozlariga tegishli shaxsiy qutichalarda saqlanayotgan pullarni qalbaki kalitlar yordamida o‘g‘irlashni rejalashtirgan. Xalqaro miqyosdagi o‘g‘rilar to‘dasiga 1975 yilda Ukrainada tug‘ilgan, hozirda AQSh fuqarosi bo‘lgan Stavko Aleks boshchilik qilgan. Guruh a’zolaridan biri “Orient Finance Bank” filialida depozit qutichasi ochib, shu bahonada qutilar saqlanadigan xonaga 18 marta kirib, qutichalar pultini suratga olgan. Huquq idoralari o‘tkazgan tezkor tadbirda jinoiy guruhning ikki a’zosi – Vladislav Buts va Vyacheslav Sheremet qo‘lga olingan. Guruh rahbari S.Aleks va to‘daning boshqa bir a’zosi Alek Dubrovskiy bunga qadar xorijga chiqib ketishga ulgurgan.

XS
SM
MD
LG