Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2018, Тошкент вақти: 11:57

Besh kundan buyon Eronda tinchimayotgan namoyishlarda bir kishi o‘ldi


Eron shimolida iqtisodiy qiyinchiliklarga qarshi namoyishlar davom etmoqda. 3 avgust kuni mahalliy matbuot namoyishlar davomida kamida bir kishi halok bo‘lgani hamda shia madrasasiga hujum qilingani haqida xabar berdi.

AQSh tomonidan qayta joriy qilingan sanksiyalar kuchga kirishi arafasida ijtimoiy tarmoqlarda Tehron, Karaj, Sheroz, Mashhad, Isfahon hamda Qum shaharlarida bo‘lib o‘tayotgan namoyishlar videosi tarqatildi.

Joriy yilning may oyida AQSh Prezidenti Donald Tramp Vashington Tehron yadroviy dasturi bo‘yicha Eron va jahonning qudratli davlatlari o‘rtasida 2015 yil imzolangan kelishuvdan chiqishini va Tehronga qarshi sanksiyalar qayta joriy qilinishini e’lon qilgan edi.

Eron aholisi noroziligiga oshib borayotgan inflyatsiya hamda milliy valyuta rialning keskin qadrsizlanishi ortidan yuzaga kelgan iqtisodiy qiyinchiliklar turtki bo‘ldi.

7 avgust kuni kuchga kiradigan sanksiyalar Eron tomonidan AQSh dollari sotib olinishini cheklaydi. Bundan tashqari, sanksiyalar Eronning oltin va boshqa qimmatbaho metallar, ko‘mir hamda shirkatlar uchun mo‘ljallangan dasturlar savdosini ham mo‘ljalga oladi.

4 avgust kuni Fars xabar agentligi Karaj shahrida namoyishlar boshlanishidan avvalgi kechada yurib ketayotgan mashinadan otilgan o‘qdan bir kishi halok bo‘lgani haqida xabar tarqatdi.

Agentlik, shuningdek, shaharda taxminan 20 nafar namoyishchi qo‘lga olinganini bildirdi.

Ozodlikka yuborilgan videolarda poytaxt Tehronda namoyishchilar “Xomanaiyga o‘lim!” deya hayqirayotganini ko‘rish mumkin.

Videolarda, shuningdek, ayrim namoyishchilar eronliklarni o‘z talablarini izhor qilishga undayotganini kuzatish mumkin.

Xabarlarga ko‘ra, hozirda Tehron markazini hamda shaharning ayrim shimoliy tumanlarini politsiya qurshab olgan.

Ozodlikka kelib tushgan videolarning birida Karaj shahrida namoyishchilar politsiya xodimlari bilan to‘qnashayotganini ko‘rish mumkin.

4 avgust kuni Eron matbuoti 3 avgust kechasi Tehron g‘arbida namoyishchilar shia madrasasiga hujum qilgani haqida xabar qildi.

Fars agentligining yozishicha, hujum Ishtahard shahrida sodir bo‘lgan. Tasnim xabar agentligi madrasa o‘quvchilari tosh va g‘isht uloqtira boshlagan namoyishchilardan qochishga majbur bo‘lgani haqida xabar qildi.

3 avgust kuni AQSh Davlat departamenti Twitterdagi forscha sahifasida “Eron kelajagi eng avvalo eronliklar qo‘lida. Amerika esa e’tibordan chetda qolib kelayotgan Eron xalqini qo‘llaydi”, deb yozdi.

2015 yilda AQSh, Britaniya, Fransiya, Germaniya, Rossiya, Xitoy va Eron o‘rtasida erishilgan kelishuvga asosan Tehron o‘z yadroviy dasturini cheklashi evaziga mamlakatga qarshi joriy qilingan sanksiyalar bekor qilingan edi.

Ammo, may oyida Tramp AQSh kelishuvdan chiqib, Tehronga qarshi sanksiyalar qayta joriy qilinishini e’lon qildi. Prezident Eronni ballistik raketalar sinovlarini o‘tkazish hamda mintaqada ekstremistlarni qo‘llash orqali kelishuv “ruhini” buzayotganlikda aybladi.

Eron esa o‘z yadroviy dasturi harbiy maqsadlarni ko‘zlamasligini aytib keladi.

7 avgust kuni kuchga kiradigan sanksiyalar AQShga Eron gilamlari va ayrim oziq-ovqat mahsulotlari importini ham cheklaydi.

XS
SM
MD
LG