Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2018, Тошкент вақти: 18:03

IIV PPX bosh boshqarmasi boshlig‘ini o‘ldirgan shaxs o‘z joniga qasd qildi


O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Post-patrul xizmati va jamoat tartibini saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i Dilshod Akramovning jonsiz tanasi 4 avgust kuni ish kabinetidan topildi.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Post-patrul xizmati va jamoat tartibini saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i Dilshod Akramovning qotili o‘z joniga qasd qildi.

Bu haqda Ozodlikka vazirlikning yuqori mulozimlaridan biri va Dilshod Akramovning yaqinlaridan biri ismi sir qolish sharti bilan ma’lum qildi.

Ozodlik podpolkovnik Dilshod Akramovning o‘z xizmat xonasida 4 avgust kuni o‘ldirib ketilgani haqida xabar bergandi.

IIV yuqori mulozimining aytishicha, Dilshod Akramovning qotili hodisadan ko‘p o‘tmay "tezkor amaliyot natijasida" qo‘lga olingan.

Mulozimga ko‘ra, Post-patrul xizmati va jamoat tartibini saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i "o‘z xodimi tomonidan chavaqlangan".

Ichki ishlar vazirligi mulozimining aytishicha, qotillikka o‘lgan va o‘ldirgan o‘rtasidagi "shaxsiy mojaro" sabab bo‘lgan.

O‘zini "Dilshod Akramovning qarindoshi", deb tanishtirgan shaxsning Ozodlikka ma’lum qilishicha, marhumning "shogirdi" bo‘lgan post-patrul xodimi uning ish kabinetiga kirib, avval yuziga "kislota sepgan, so‘ngra tanasining turli nuqtalariga pichoq bilan bir necha marta zarba bergan".

Ozodlik o‘zini maqtulning qarindoshi deb tanishtirgan odam haqiqatan ham Dilshod Akramov yaqin qarindoshi ekanligini o‘z manbasi orqali aniqladi.

"Dilshod Akramovning qarindoshi" hujumchining o‘zi ham orada jarohat olganini aytdi:

"Dilshod aka o‘zini himoya qilish uchun unga tashlangan, uyam pichoq egan 2-3 joyidan. Qochayotganda oxrana ushlagan. Bolnitsaga olib borishgan uniyam. O‘sha yerda o‘zini derazadan tashlabdi".

U o‘z so‘zining isboti sifatida "Dilshod Akramovga hujum qilgan shaxsning fotosuratini" Ozodlkikka yo‘lladi.

Qarindoshining iddao qilishicha, Dilshod Akramovni shu shaxs o‘ldirgan.
Qarindoshining iddao qilishicha, Dilshod Akramovni shu shaxs o‘ldirgan.

Podpolkovnik Dilshod Akramov bir oy muqaddam Patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlangan edi.

Ozodlik Dilshod Akramovning o‘limi yuzasidan qo‘shimcha ma’lumotlarni to‘plashga harakat qilmoqda.

Yuqori lavozimli IIV mulozimining o‘z kabinetida o‘ldirilishi Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan tergov qilinmoqda.

Rasmiylar tergov siri tufayli qotillik motivlari va o‘rganilayotgan versiyalar borasida, tergov manfaatlaridan kelib chiqib, hozircha qo‘shimcha ma’lumot bermadi.

XS
SM
MD
LG