Линклар

Шошилинч хабар
18 октябр 2018, Тошкент вақти: 05:44

Erondagi yangi ko‘cha namoyishlari haqida nimalarni bilamiz


Eronlik ruhoniy Xuroson Razaviy viloyatining Mashhad shahridagi norozilik namoyishchilariga 3 avgust kuni murojaat qilmoqda

Iyul oyi oxiridan boshlab Eronning yirik shaharlarida ahyon-ahyonda ko‘cha to‘qnashuvlari va boshqa namoyishlar bo‘lib o‘tmoqda. Aholi shu tarzda narx-navo oshib ketishi va milliy pul birligining muntazam qadrsizlanib borayotganiga qarshi g‘azab va e’tirozini izhor qilmoqda.

Erondagi noroziliklar miqyosi va qanchalik jiddiy ekanini baholash qiyin, chunki "qo‘poruvchi", deb hisoblanadigan xabarlarni yig‘ish va tarqatish qattiq nazorat ostidadir.

Bunga 1979 yilgi inqilobdan beri hokimiyatda o‘tirgan din a’yonlari tanqidi ham kiradi.

OAV Tehrondan 50 km g‘arbda joylashgan Karaj shahrida kamida bir nafar norozilik namoyishi qatnashchisi o‘ldirilganini xabar qildi. U yonidan o‘tib ketayotgan avtomobildan otilgan o‘qqa uchgani aytilmoqda.

Ayni damda AQSh hukumatining Eronning yadro dasturi bo‘yicha 2015 yili yana bir qancha mamalkatlar bilan tuzilgan bitimdan chiqib, sanksiyalarni qayta joriy qilishga kirishgani aholi xavotirini oshirmoqda.

Noroziliklar qaerda boshlandi?

Dekabr-yanvar oylarida narx-navo o‘sishiga qarshi boshlangan namoyishlar 80 dan ortiq shahar va qo‘rg‘onlarga tarqab ketgan edi. Ayni damdagi namoyishlar hali bu qadar keng yoyilmadi, ammo ular boshlanganiga endi bir hafta bo‘ldi.

OAV namoyishlar Tehron bilan unga yaqin o‘nlab shaharlarda boshlanganini aytmoqda.

Namoyishchilar soni qancha?

Eron hokimiyat idoralari davlatga qarashli OAV orqali, ijtimoiy tarmoqlar, mobil telefonlar va boshqa raqamli qurilmalarni filtrlash va to‘sib qo‘yish orqali axborot oqimini nazoratga olishga urinmoqda. Shu sababli namoyishchilar soni qancha ekanini aniq aytish qiyin.

Lekin taxminlarga ko‘ra, ular soni ba’zan o‘nlab, ba’zan esa yuzlab erkak va ayollardan iborat. Namoyishchilar iqtisodiy muammolardan g‘azabga kelgani, lekin bu zum o‘tmay siyosiy norozilikka aylanib ketishi hech gap emasligi aytilmoqda.

Norozi kishilarning talabi nima?

Namoyishchilar mamlakatning og‘ir iqtisodiy ahvolidan, shuningdek, siyosiy tizim va Eron rahbariyatidan norozi ekanini bildiruvchi shiorlarni ko‘tarib chiqmoqda. Ular rahbariyatni iqtisodiy qiyinchiliklar aybdori deb hisoblaydi.

Shiorlardan namunalar keltiramiz:

“Baland narxlar va inflyatsiya yo‘q bo‘lsin”.

“Bizga qo‘lidan ish kelmaydigan rahbarlar kerak emas”.

“Mening hayotim G‘azoga yoki Livanga emas, Eronga qurbon bo‘lsin”.

“Diktatorga o‘lim!”.

“Dushman ko‘z o‘ngimizda turibdi, ular buning uchun Amerika aybdor deb yolg‘on gapiryapti”.

“Rizo shoh, Alloh sizni rahmat qilsin”.

“Hizbullohga o‘lim!”.

“Eronliklar o‘ladi, ammo xo‘rliklarga chidamaydi”.

“Xomanaiyga o‘lim!”

“Yo‘qolsin mullalar!”.

Eron rasmiylari noroziliklarga qanday munosabat bildirdi?

Odatda Eron hokimiyat idoralari bunday namoyishlarni kuch ishlatib bostiradi, bunga bir namoyishchining otib o‘ldirilganini misol qilib keltirish mumkin. Ammo bu safar oliy rahbar Ali Xomanaiy ham, prezident Hasan Ruhoniy ham sukut saqlamoqda.

O‘tgan haftada ichki ishlar vaziri namoyishlar ahamiyatini pasaytirish uchun, ularni Eronning dushmanlari tashqaridan turib qo‘zg‘ayapti, deb aytdi.

OAV tarqatayotgan xabarlarga ko‘ra, xavfsizlik kuchlari namoyishchilarni tayoq bilan urmoqda, ba’zan ularga qarata kimyoviy moddalarni sepmoqda.

Namoyishchilar Eronning diniy a’yonlariga biror xavf tug‘dirishi mumkinmi?

Ayrim kuzatuvchilar ushbu namoyishlarni so‘nggi o‘n yillikda ahyon-ahyon, ayniqsa, so‘nggi dekabr-yanvar oylarida avj olib turgan noroziliklarning davomi deb hisoblaydi. Masalan, bir necha hafta oldin odamlar suv taqchilligi va havo ifloslanishiga qarshi ham namoyishga chiqqan edi.

Ammo hozirgi namoyishlar a’yonlarga hech qanday muammo tug‘dirmaydi. Biroq eronliklarinng o‘rta sinfiga mansub kishilardan iborat olomon ko‘chaga chiqsa, vaziyat taranglashishi turgan gap.

Sobiq deputat va huquqshunoslik professori Hoshim Sholeh Sa’diyning taxmin qilishicha, namoyishlar ancha davom etadi.

XS
SM
MD
LG