Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 13:42

OzodDayjest: Dang‘ara hokimi javob xatidan 100 ga yaqin xato topildi


Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

Surxondaryoda o‘nlab IIB mansabdorlari ishdan bo‘shatildi. Dang‘ara hokimi jurnalist faoliyatiga to‘sqinlik bo‘lmaganini iddao qilmoqda. O‘zbekiston bozorlarida qovun va tarvuz narxi arzonlayotgani yo‘q. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

_____________________________________________________________

Ichki ishlar vaziri xizmat vazifasiga loqaydlik qilgan o‘nlab mansabdorlarni ishdan oldi

O‘zbekiston Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov Surxondaryo viloyatida jinoyatchilikka qarshi kurashish holatini o‘rgandi (“Postda”, 8 avgust). Vazir asosan muammolarga e’tibor qaratgan. Qayd etilishicha, viloyatning ayrim shahar va tumanlarida jinoyatchilikka qarshi kurashish chora-tadbirlari tizimli olib borilmayotgani sababli oila va qo‘shnichilik doirasidagi jinoyatlar, ayniqsa, qotillik, qasddan badanga shikast yetkazish kabi o‘ta og‘ir va og‘ir jinoyatlar hamon yuqoriligicha qolmoqda. Xizmat vazifasiga loqaydlik va sustkashlik bilan munosabatda bo‘lgan o‘nlab rahbar kadrlar ishdan olingan. Ishdan bo‘shatilganlar orasida Surxondaryo viloyati IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i I.Xalilov, Sherobod tumani IIB boshlig‘i D.Kenjaev, Termiz shahar IIOFMB boshlig‘i J.Hasanov va boshqa bir qator mansabdorlar bor.

Dang‘ara tumani hokimi jurnalist faoliyatiga to‘sqinlik qilganidan tondi

Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumani hokimi S.Aminjonov “Jamiyat” gazetasiga g‘ij-bij xatolarga to‘la javob xati yo‘llagan (“Jamiyat”, 3 avgust). Tuman rahbarining ikki betgina xati 95 ta imloviy va uslubiy xatolar bilan yozilgan. Avvalroq Dang‘ara tumani hokimi gazeta muxbirining kasbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilgan haqida maqola chop etilgan edi. Tuman hokimi javob xatida jurnalist faoliyatiga to‘sqinlik qilganidan tongan. Qolaversa, hududdagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni xaspo‘shlashga uringan. Gazeta tahririyati esa Dang‘ara hokimini eskicha fikrlashdan voz kechishga undagan. “Muammoni inkor qilish bilan hech bir natijaga erishib bo‘lmaydi. Tanqidni to‘g‘ri qabul qilib, unda aks etgan masala yechimini topa olgangina yutadi”, deya eslatadi gazeta.

O‘zbekistonda qovun va tarvuz narxi qimmatligicha qolmoqda

O‘zbekiston bozorlarida qovunva tarvuzning narxi qimmatligicha qolmoqda (“Darakchi”, 9 avgust). O‘tgan yillarda dastlab qimmat bo‘lgan ushbu poliz mahsulotlari bahosi arzonlashib ketar edi. Ammo bu yil avgustning birinchi o‘n kunligi o‘tgan bo‘lsa-da, Toshkent bozorlarida tarvuz va qovunning eng arzoni 12 ming so‘mdan sotilmoqda. Qayd etilishicha, tarvuz va qovun narxining kam va qimmatligiga ekin maydonlarining qisqargani sabab bo‘lmoqda. Qolaversa, poliz mahsulotlarining xorijga eksport qilinishi ham narxga ta’sir etmoqda. “O‘zagroeksport” shirkatining Jizzax viloyatidagi vakili Odil Zaripovga ko‘ra, birgina Jizzaxdan Rossiya va Latviyaga 370 tonna qovun eksport qilindi. Gazetaga ko‘ra, o‘zbekistonliklar vitaminlarga boy qovun va tarvuzdan to‘yib yeyishi uchun ularni yetishtirishni ko‘paytirish va ichki bozorda arzon narxni saqlab qolish kerak.

XS
SM
MD
LG