Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 16:15

OzodDayjest: Sharof Boshbekov teatr sohasi qo‘rquvdan qutulmaganini urg‘uladi


Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

Farg‘onada universitet va hokimiyat mas’ullari abiturientlarni noqonuniy yo‘llar bilan o‘qishga kiritishga uringani fosh etildi. Dramaturg Sharof Boshbekovning yangi pьesasi tsenzura qilindi. Olmaliqda 12 jon yashaydigan uyning bir xonasi jarga quladi.

_____________________________________________________________

Farg‘ona davlat universiteti rektori yordamchisi soxta abiturientlar yollagani fosh qilindi

Farg‘ona davlat universiteti hamda Farg‘ona shahri hokimi yordamchilari jinoiy til biriktirib, abiturientlarni universitetga noqonuniy yo‘llar bilan o‘qishga kiritishga uringani fosh qilindi (“Huquq”, 9 avgust). Ismi oshkor etilmagan rektor va hokim yordamchilari bir necha abiturient bilan kelishib, ularning o‘rniga imtihon topshirib chiqishi uchun universitetning bilimli talabalarini yollashadi. Ikki mas’ul talabalarga soxta hujjat rasmiylashtirib, abiturientlar nomidan imtihon topshirishiga sharoit yaratib beradi. Qayd etilishicha, huquq idoralari o‘tkazgan tezkor tadbirda har bir fandan test topshirib chiqish evaziga 500 dollardan pul ishlab olmoqchi bo‘lgan soxta abiturientlar va ularni yollagan kimsalar ushlangan. Yordamchilarning ushbu qilmishidan ularning bevosita rahbarlari – rektor va hokim xabardor bo‘lganmi? Ular har bir abiturientdan qancha pul ishlashni maqsad qilgan? Bu kabi savollar ochiqlanmagan.

Sharof Boshbekovning yangi pyesasi mutasaddi tashkilotlar senzurasiga uchradi

Atoqli dramaturg Sharof Boshbekovning “Yer baribir aylanadi” deb nomlangan yangi pyesasi O‘zbek davlat drama teatrida sahnalashtirildi. Ammo muallifning o‘zi “Oila davrasida” nashriga bergan intervyusida ayrim mutasaddi tashkilotlarning “iltimosi” bilan asar juda ko‘p qisqartirish va o‘zgartirishlarga giriftor etilganini ma’lum qilgan. “Temir xotin” asari bilan tilga tushgan ijodkor teatr sohasida hali-hamon qo‘rquv borligini qayd etgan. “Teatr repertuarini shakllantirishda ana shu qo‘rquvdan qutulishimiz kerak. Har shaklni – kvadratmi, to‘g‘ri to‘rtburchakmi, uchburchakmi, trapetsiyami – burchaklarini arralab, hammasini dumaloq shaklga keltirishga ustasi farangmiz. Shuning uchun ham barcha asarlarimiz dum-dumaloq. Birinchi varag‘ini olib qo‘ysangiz, kim yozganini ham bilmaysiz – hammasi bir xil. Boisi oxirgi chorak asr mobaynida ko‘p mavzularda qalam tebratish taqiqlandi”, degan Sh.Boshbekov.

Olmaliq kombinati tomonidan uyushtirilgan portlashlar oqibatida uylardan biri jarga o‘pirildi

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati ishchilari tomonidan tog‘da tinimsiz portlatish ishlari olib borilishi oqibatida shu yaqin hududda yashovchi Nigora Arslonovaning hovlisi xonalaridan biri jarga qulagan (“Oila davrasida”, 9 avgust). Portlatishlar oqibatida uy oynalari ham sinib tushgan. Ayni paytda uch xonali uyning ikki xonasi qolgan. O‘rtasidan bo‘z tortib bo‘lingan ikki xonali tor va vayrona kulbada esa to‘rt oila, jami 12 jon yashamoqda. Ulardan 6 nafari norasidalardir. Xatarli jihati shundaki, qolgan ikki xona ham jarga qulashi mumkin. Uy egasi Nigora Arslonovaga ko‘ra, ijara haqi qimmatligi bois hayot uchun xavfli bo‘lsa-da, ushbu uyda yashashga majbur bo‘lishmoqda. Xavfli uyda yashayotgan oilalar Olmaliq hokimiga yer ajratishni so‘rab murojaat qilgan, ammo hokim ularni qabul qilmagan. Portlashlarni uyushtirgan Olmaliq kon-metallurgiya kombinati xonadonga yetkazilgan zararni qoplagani yo qoplamagani masalasiga oydinlik kiritilmagan.

XS
SM
MD
LG