Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:25

G. Karimova Shveysariya sudida yutqazdi. $800 000 000 ning O‘zbekistonga qaytarilishi tezlashishi mumkin


2014 yildan uy qamog‘iga olingani aytilgan Gulnora Karimova¸ hozirda O‘zbekiston qamog‘ida besh yillik jazoni o‘tamoqda.
2014 yildan uy qamog‘iga olingani aytilgan Gulnora Karimova¸ hozirda O‘zbekiston qamog‘ida besh yillik jazoni o‘tamoqda.

Shveysariya Federal jinoyat sudi 31 iyul kuni O‘zbekiston Birinchi prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova appelyatsiyasini rad etdi.

Bu qaror¸ Gulnora Karimovaga qarashli ekani aytiladigan muzlatilgan 800 million shveysar frankining Toshkent hukumatiga qaytarilishini tezlatish yo‘lidagi muhim qadam sifatida ko‘rilmoqda.

Karimova Shveysariya sudiga kim va nimadan shikoyat qildi?

Jenevadagi advokati Grégoire Mangeat orqali Shveysariya Federal jinoyat sudiga may oyi oxirida qilgan shikoyatida Gulnora Karimova Shveysariya federal prokuraturasining 2012 yilda muzlatilgan 800 million frank mablag‘ning qariyb 700 millionini (ayni kunda taxminan 701 million AQSh dollariga teng-tahr.) konfiskatsiya qilish haqidagi orderiga norozilik bildirgan.

Shveysariya prokuraturasi joriy yilning 22 may kuni chiqargan ikkita orderda Jeneva va Surixdagi banklarda 2012 yili muzlatilgan va Gulnora Karimovaga qarashli ekani gumonlanayotgan 800 million frankning 686.7 millionini musodara qilish va O‘zbekistonga qaytarish aytilgan edi.

Prokuraturaning bunday orderiga¸ Gulnora Karimova “idorasi”ning ikki asosiy xizmatchisi – Gayane Avakyan va Rustam Madumarov yozgan iqror asos bo‘lgan. O‘zbekistonda uzoq yillik qamoq jazosini o‘tayotgan Karimovaning bu ikki sherigi Shveysariya prokuraturasiga berilgan iqrornomasida muzlatilgan pullarning jinoiy ekanini tan olgan va ularning o‘g‘irlangan manzil – O‘zbekistonga qaytarilishini so‘ragan. Ayni paytda¸ 2012 yildan beri Shveysariyada ochilgan jinoyat ishining asosiy bu ikki figuranti¸ o‘z ishining tez va soddalashtirilgan tartibda - Gulnora Karimova ishi yopilishini kutmasdan tugatilishini so‘ragan.

Shveysariya mahkamasiga topshirgan apellyatsiya arizasida Gulnora Karimova advokati¸ prokuratura orderi protsessual normalar va ayblanuvchilarning adolatli sud haqqini buzishini¸ o‘zbek qamog‘ida olingan iqrorlarning yetarli emasligini iddao qilgan¸ jinoiy ishning ikki figuranti bergan ko‘rsatma asosida muzlatilgan pullarning O‘zbekistonga qaytarilishiga norozilik bildirgan.

(Karimova Shveysariyada 2012 yil 5 iyul kuni ochilgan jinoyat ishining asosiy figuranti hisoblanadi. Undan tashqari yana besh o‘zbekistonlik – Gayane Avakyan¸ Rustam Madumarov¸ Behzod Ahmedov¸ Alisher Ergashev va Shohruh Sobirovlar Shveysariya Federal prokuraturasi olti yildan beri olib borayotgan jinoyat ishi figurantlaridir. Rossiyada yashirinib yurgani aytiladigan Behzod Ahmedovdan tashqari beshala figurantning O‘zbekiston qamog‘ida ekani aytiladi – tahr.)

Ozodlik bilan 20 iyun kungi suhbatda Gulnora Karimovaning Jenevadagi advokati Grégoire Mangeat Avakyan va Madumarovning Shveysariya federal prokuraturasiga berilgan iqrorlarining “qiynoqlar ostida olingan” bo‘lish ehtimolini tilga olgan va bunday iqrorlar Shveysariya federal prokuraturasini faktlarni aniqlashtirish majburiyatidan ozod qilmasligini aytgan edi.

Shveysariya Federal jinoyat sudi qarori

14 avgust kuni nusxasi Ozodlikka yuborilgan sud qarorida¸ Gulnora Karimova advokati tomonidan bildirilgan bu e’tirozlar asossiz deb topilgan.

Federal jinoyat sudining 31 iyul kungi qarori nusxasi.
Federal jinoyat sudining 31 iyul kungi qarori nusxasi.

Federal prokuratura orderlarini “ob’ektiv” va yetarlicha asoslangan deb topgan Federal jinoyat sudi ularda protsessual qoidalar buzilmaganini aytadi va shu asosda “arizachi apellyatsiyasini rad etish¸ apellyatsiya sudi xarajatlarini arizachi tomon zimmasiga yuklash va prokuratura orderlarini to‘xtatib turish so‘rovining maqsadga muvofiq emasligi” haqida qaror chiqaradi.

Bu qaror ustidan shikoyatga o‘rin yo‘q”¸ deb tugallanadi Ozodlikka nusxasi kelgan Shveysariya Federal jinoyat sudining 31 iyul kungi qarori matni.

Sud qarori muzlatilgan millionlarning O‘zbekistonga qaytishini anglatadimi?

Ozodlik suhbatlashgan shveysariyalik ekspertlar¸ Federal jinoyat sudining Karimova appelyatsiyasini rad qilgani Jeneva va Surixda olti yildan beri muzlatib qo‘yilgan 800 million frankning darhol O‘zbekistonga qaytarilishini anglatmasligini bildirdi.

Ayni paytda¸ bu qaror shu yo‘lda tashlangan muhim qadam va u¸ shubhasiz¸ pullar qaytarilishini tezlatadi. Bu ham Shveysariya¸ ham O‘zbekiston prokuraturasi o‘z muvaffaqiyatlari ro‘yxatiga qo‘shsa bo‘ladigan voqea”¸ dedi Ozodlik bilan suhbatda Shveysariyada “o‘zbek ishi” nomini olgan jinoyat ishni yaqindan kuzatib kelayotgan moliyaviy mutaxassislardan biri.

Ozodlik bilan 15 avgust kungi yozishmalarda Shveytsariya Bosh prokurori matbuot xizmati rasmiysi¸ o‘z idorasi Federal jinoyat sudining 31 iyul kungi qaroridan “mamnunligini” alohida ta’kidladi.

Gulnora Karimova advokatining Federal prokuratura 22 may kuni chiqargan ikki order ustidan qilgan appelyatsiyasi rad etildi. Endilikda sudning Jinoyat ishlari palatasi ham prokuratura orderlari yuzasidan o‘z qarorini chiqarishi lozim. Jinoyat ishlari palatasi qarori¸ bu orderlarning ijro etilish-etilmasligi haqida bo‘ladi. Bu qaror chiqishini kutar ekanmiz¸ to‘rtala ayblanuvchiga nisbatan borayotgan jinoyat ishi davom etadi”¸ deyiladi Shveysariya Bosh prokurori idorasining Ozodlikka yo‘llagan bildirishnomasida jumladan.

Bu yozishmalarda Shveysariya Bosh prokuraturasi rasmiysi¸ 2018 yilning 22 may kuni Gulnora Karimovaning shaxsiy kotibasi Gayane Avakyan va uning fuqaroviy eri Rustam Madumarov ustidan ochilgan jinoyat ishi yakuniga yetgani va ayblov xulosasini chiqarilganini ham ta’kidlab o‘tdi.

Federal prokuratura pul yuvish va hujjatlarni soxtalashtirganlikda ayblangan bu ikkala shaxsni jarimaga tortish (har biriga 390 ming frank jarima solingan – tahr.) va ularni hisobidagi 685 million frankka teng mablag‘dan mosuvo qilish haqida order chiqardi”¸ deyiladi Shveysariya Bosh prokurori idorasidan Ozodlikka yuborilgan rasmiy javobda.

O‘zbek qamog‘ida qolayotgan sobiq "malika" o‘z shartlari qabul qilinsa¸ sudgacha murosaga borishi mumkin

21-22 iyun kunlari Toshkentda o‘z mijozi bilan uchinchi marta uchrashgan Gulnora Karimovaning advokati Grégoire Mangeat¸ O‘zbekiston va Shveysariyada ochilgan jinoyat ishlarini tezroq yopish maqsadida Karimova "ayrim shartlari qabul qilingan taqdirda¸ murosaga borishi mumkinligini" aytgan edi.

Bu shartlar esa¸ advokat ta’kidicha¸ Karimovaning qamoqxona sharoitini yaxshilashdan tortib¸ uning ozod etilib yangi hayot boshlashi va shaxsiy boyliklarining qaytarib berilishigacha o‘z ichiga oladi.

Hozircha Ozodlik ixtiyorida O‘zbekiston tomonining bunday murosa taklifiga qanday javob berganiga oid aniq ma’lumot yo‘q.

2017 yilning 28 iyul kuni O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Gulnora Karimova ishiga oid tafsilotlarni jamoatchilikka ochiqlagan edi.

Unga ko‘ra¸ Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudining 2015 yil 21 avgustdagi hukmi bilan G.Karimova ayblanayotgan jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan va unga 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.​

Rasmiy bayonotda aytilishicha¸ "G.Karimovaga nisbatan uyushgan jinoiy guruhga qo‘yidagi jinoyatlarni sodir etishga ko‘maklashish holatlari bo‘yicha alohida ish yurituvga ajratilgan jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda".

"Ushbu holatlar bo‘yicha G.Karimovaga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168, 178, 182, 189, 228 va 243-moddalari bilan ayblov e’lon qilingan va unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan".

XS
SM
MD
LG