Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 17:32

MIB qarzini to‘lay olmagan "Bunyodkor" stadionini suv¸ gaz va elektrdan uzib qo‘ydi


"Bunyodkor" stadionidagi ahvoldan bevosita xabardor toshkentliklarning Ozodlikka bildirishicha¸ mamlakatning eng yangi va yirik o‘yingohi 14 avgustdan boshlab suv¸ elektr va gazsiz qoldirilgan.

Keyingi yillarda jiddiy moliyaviy bo‘hronga tushib¸ o‘yinchi va xizmatchilariga oylik bera olmay qolgan klub nomi bilan bog‘liq bu stadionning ta’minotdan uzilgani rasmiylar tomonidan tasdiqlandi

Ozodlik gaplashgan Majburiy ijro byurosi mutasaddilaridan biri¸ stadionning suv¸ gaz va elektrdan uzilishini "Bunyodkor" klubi qarzdorligi bilan izohladi.

"Bunyodkor" chimi emas¸ o‘quvchi-bolalar aziyat chekdi"

15 avgust kuni Ozodlikka o‘g‘li “Bunyodkor” futbol akademiyasida o‘qiyotgan bolaning otasi mamlakatdagi eng qimmat va zamonaviy "Bunyodkor" (yangi nomi "Milliy) stadionining 14 avgustdan boshlab suv¸ elektr va gaz ta’minotidan uzib qo‘yilganini bildirdi.

Shaxsi ochiqlanmasligini istagan bu suhbatdoshga ko‘ra¸ buning oqibatida yozning jaziramasida qurib qolayotgan chimdan tashqari, tarbiyalanuvchilar ham jiddiy noqulayliklarga duch kelgan - ovqat qilish, yuvinish, sanitariya masalalarida muammolar paydo bo‘lgan.

PFP rasmiysi izoh berdi

"Bunyodkor" stadionidagi ta’minot muammosi mahalliy futbol portalida ham tilga olingani ortidan Professional futbol ligasi bosh direktori maslahatchisi Diyor Imomxo‘jaev Telegram kanalida bu xabarga munosabat bildirdi.

"Bunyodkor" stadionida svet yo‘q, gaz yo‘q, suv yo‘q. Maysalarni sug‘orishga ham, tarbiyalanuvchilarga ovqat qilishga ham, futbolchilarning yuvinishiga ham. Chunki "Bunyodkor" stadionining qarzlari bor. Majburiy ijro byurosi qarzdorlik masalasi ijobiy hal bo‘lishini istaydi va bu yo‘lda o‘z prinsipi bo‘yicha ish ko‘radi.

Ayrim hamkasblarimiz bu mavzuga O‘FA nomini ham tirkab ketishdi. Aytib o‘taman, stadionni ham, klubni ham moliyalashtiradigan tashkilot bor. To‘g‘ri, hozir o‘sha tashkilotga ham oson emas. Futboldan boshqa ham etarlicha tashvishi bor. Shunchaki qarzdorlik va "Bunyodkor" keyingi uchrashuvni qaysi stadionda o‘tkazishi borasidagi masala O‘FAga tegishli emas. Shuni aytmoqchi edim", - deb yozdi 15 avgust kuni Diyor Imomxo‘jaev.

Majburiy ijro byurosi ta’minot uzishni "Bunyodkor" rahbariyati so‘roviga to‘nkadi

Ozodlik suhbatlashgan Majburiy ijro byurosining markaziy apparati mulozimi bu ma’lumotni tasdiqladi.

"Bu holat MIB bilan bog‘liq emas, ularning moliyaviy ahvoli bilan bog‘liq. “Bunyodkor” stadionining energiya resurslari va suv ta’minotidan jami qarzdorligi 245 mlndan ziyod so‘mni tashkil etmoqda. Shuning uchun suv tarmog‘idan, elektr energiyasi, gaz tarmog‘idan o‘chirilgan. O‘chirishdan oldin rahbariyat bir necha bora ogohlantirilgan. Stadion rahbariyati ham moliyaviy qarzdorlik oshib ketmasligi uchun o‘chirtirilishini so‘ragan" - dedi Ozodlik suhbatlashgan MIB markaziy boshqaruvi mulozimi.

Muxlislar norozi

Ozodlik bilan suhbatda o‘zini Badriddin deb tanishtirgan «Bunyodkor» klubi muxlisi bu yangilik butun O‘zbekiston futbol ishqibozlarining qattiq noroziligiga sabab bo‘lganini aytadi.

"Nima qilib bo‘lsa ham¸ futbolni o‘ldirishayapti. U deyishyapti, bu deyishyapti, bir-birini «krayniy» qilib¸ o‘zini oqlayapti. Lekin bir narsa aniq - "Bunyodkor" orqasida endi hech kim yo‘q. Klub yetim qoldi. Eng achinarlisi, xozirgi kunda tishini tishiga qo‘yib, hech qanday qiyinchiliklarga qaramay xaqiqiy futbol ko‘rsatayotgan klub aynan Qosimovning shu klubi o‘zi. “Nasaf” bilan “Bunyodkorni” o‘ldirishmoqchi. Rahbarlarga insof so‘rashdan boshqa ish qolmadi, bizning fikrimiz bir tiyin”¸- deydi 22 yashar toshkentlik futbol ishqibozi.

"Bunyodkor" - "So‘g‘diyona" o‘yini oldidan ta’minot tiklandi

16 avgust kuni Ozodlik bu voqea tafsilotlarini o‘rganayotgan paytda O‘FA mulozimi stadionga suv va elektr ta’minoti qayta tiklanganini xabar qildi.

Ozodlik gaplashgan stadion ishchilaridan biri 15 avgust kechga yaqin elektr va suv ta’minoti qayta tiklanganini aytdi.

Ayni paytda¸ "Bunyodkor" klubi matbuot xizmatining o‘zini Ulug‘bek Mirzaev deb tanishtirgan xodimi 16 avgust kuni Ozodlikka stadionning suv¸ gaz va elektrdan uzib qo‘yilgani haqidagi xabarlarni rad qilishga urindi. Bu suhbatdoshga ko‘ra¸"14 avgust kuni stadion svetsiz qolgan¸ ammo suv va gaz ta’minotida hech qanday uzilish bo‘lmagan".

Ozodlik shu yilning mart oyida "O‘ztransgaz" va "O‘zbekneftegaz" pul bermay qo‘ygani ortidan “Bunyodkor” bankrotlik yoqasida qolgani xaqida yozgan edi.

Bundan tashqari, iyul oyida "Bunyodkor" stadioni ishchilari yetti oydan beri maoshini ololmayotgani haqida Ozodlikka shikoyat qilgan edi.

XS
SM
MD
LG