Линклар

Шошилинч хабар
24 январ 2021, Тошкент вақти: 12:08

Bosh vazir “Mersedes”i Bekobodda “Damas” bilan to‘qnashib ketdi. Aripov "yengil jarohat" oldi


Bosh vazir Abdulla Aripov.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligidagi yuqori lavozimli rasmiyning Ozodlikka norasmiy tarzda bildirishicha¸ 20 avgust kuni tonggi soat 9 larda O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov o‘tirgan “Mersedes” rusumli qora mashina “Damas” rusumli mashina bilan to‘qnashib ketgan. Ozodlik gaplashgan voqea guvohlari va mahalliy rasmiylarga ko‘ra¸ avariya oqibatida “Damas” haydovchisi va yo‘lovchilaridan biri “o‘rta darajadagi jarohat” bilan Bekobod tuman kasalxonasining Shoshilinch tez yordam bo‘limiga yotqizilgan. Rasmiylarning bildirishicha¸ yo‘l-harakati hodisasi sifatida ko‘rilayotgan avariya tafsilotlarini IIV¸ prokuratura va DXX o‘rganmoqda.

Guvohlar hikoyasi

Ozodlikka bu voqea haqida undan sanoqli daqiqalar o‘tib xabar bergan bekobodlik haydovchilardan birining aytishicha¸ voqea ertalab 9.10larda¸ Bekobod shahriga kiraverishga ikki kilometrcha masofada sodir bo‘lgan.

“Men 120 larda ketayotgandim (soatiga 120 km. tezlik nazarda tutilmoqda – tahr.). Yonimdan qora jip uchib o‘tib ketdi. Kamida 150 edi tezligi. Ozgina o‘tib¸ “Damas”ni urvordi¸ “Damas” uchib ketdi”¸ dedi Ozodlikka xabar yo‘llagan voqeaning bevosita guvohi.

Uning aytishicha¸ voqea joyi darhol o‘rab olingan¸ guvohlarning avariyani video yoki suratga olishiga imkon ham¸ ruxsat ham berilmagan.

Ayni avariya joyidan ertalabki soat 10 lar atrofida o‘tgan boshqa bir bekobodlikning aytishicha¸ qora “Mersedes”ning davlat raqami olib qo‘yilgan va voqea joyi "KamAZlar bilan o‘rab¸ to‘sib qo‘yilgan.

“Man oldidan mashinada o‘tib ketdim¸ mashinani to‘xtatishmadi. Vazirni mashinasini "KamAZ"lar bilan o‘rab kuyishgan¸ "Damas" yo‘lning o‘rtasida dumalab yotuvdi. Qonni ko‘rmadim¸ lekin "Damas" ahvoli ichida odam tirik qolmaydigan darajada yomon edi. "Mersedes"ning ahvoliyam yomon edi”¸ dedi shaxsi ochiqlanishini istamagan bekobodlik haydovchilardan yana biri.

Rasmiy ma’lumot

Bekobod shahar va tuman Ichki ishlar bo‘limi rasmiylari voqea haqida rasmiy xabar chiqmay turib Ozodlikka Bosh vazir o‘tirgan "Mersedes" rusumli mashinaning "Damas" bilan to‘qnashganini tasdiqladi.

“Voqeani hozir tuman ROVDsi prokuratura bilan o‘rganayapti. Jarohatlanganlar tuman markaziy kasalxonasiga olib ketilgan. Boshqasini bu voqeani bevosita o‘rganayotgan rahbarlarimizdan so‘rasangiz¸ ular biladi buni”¸ dedi Bekobod militsiyasining Ozodlik bog‘langan rasmiylari.

Ozodlik bilan shaxsi ochiqlanmasligi sharti bilan gaplashgan O‘zbekiston IIVning yuqori lavozimli rasmiysi¸ voqeaning oddiy avtohalokat ekanini ta’kidladi.

“Aripov tirik¸ voqea unga qarshi suiqasd emas¸ oddiy yo‘l harakati hodisasi. Bu voqeaga oid hujjatlarning hammasini Ixtiyorning (DXX raisi Ixtiyor Abdullaev nazarda tutilmoqda – tahr.) odamlari oldi"¸ dedi IIV mulozimi.

Kasalxonadan olingan ma’lumot

20 avgust kuni Ozodlik bog‘langan Bekobod tuman markaziy kasalxonasi mulozimlari¸ Bosh vazir mashinasi bilan to‘qnashgan "Damas" haydovchisi va yo‘lovchisining kasalxonada ekanini tasdiqladi.

“Bittasining yelkasi singan¸ ikkinchisi boshidan jarohat olgan. Ahvollari uncha og‘ir emas. Jipdagilarni bizga olib kelishmadi¸ shunga ularning ahvolini bilmayman”¸ dedi jarohatlanganlarni bevosita qabul qilgan tibbiyot xodimlaridan biri.

Ozodlik voqea tafsilotlarini o‘rganayotgan paytda Gazeta.uz nashrida paydo bo‘lgan qisqa xabarga ko‘ra¸ avariya oqibatida Bosh vazirning o‘zi ham “yengil tan jarohati bilan kasalxonaga olib kelingan¸ uning sog‘lig‘iga hech qanday tahdid yo‘q”. Ayni xabarda¸ Bosh vazir bilan bitta mashinada bo‘lgan yana bir odamning ham jarohat olgani aytiladi.

Kun.uz nashrining yozishicha¸ Bosh vazir yonida bo‘lgan va jarohat olgan shaxs uning o‘rinbosari, «O‘zbekneftgaz» kompaniyasi boshqaruvi raisi Alisher Sultonovdir.

Rasmiy bildiruv

Ozodlikning voqea tafsilotlariga oid surishtiruviga O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish idorasidan bildirish yuborildi.

Unga ko‘ra:

Damas" rusmli avtomobil boshqaruvni yo‘qotib, qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketganligi sababli to‘qnashuv yuz bergan. Ikkala avtomobil haydovchilari tan jarohatlari olgan, avtomobil yo‘lovchilariga zarar yetmagan”.

Ozodlik hozircha Bosh vazir mashinasi bilan avariyaga aynan "Damas" haydovchisining harakati sabab bo‘lganini mustaqil manbalardan tasdiqlata olmadi.

“O‘lganlar bor!”

Voqea tafsilotlaridan xabardor bekobodlik tibbiyot xodimasiga ko‘ra¸ hozirda tuman kasalxonasi “ichki ishlar va GAI xodimlari tomondan o‘rab olingan”.

Bunday xavfsizlik choralarini izohlagan boshqa bir bekobodlik kasalxonaga yotqizilgan ikkala jarohatlanganning o‘lganini iddao qildi.

“Haydovchi ham¸ uning yonida o‘tirgan yo‘lovchi ham o‘lgan. Shunga hamma yoq vahima bo‘lib ketdi. Men avariya bo‘lgan "Damas"ni o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Unda o‘tirganlarning tirik qolmasligi shundoq ko‘rinib turipti”¸ dedi shaxsi sir qolishini so‘ragan bekobodlik mulozim.

Hozircha Ozodlik bu ma’lumotni boshqa manbalardan tasdiqlatishga muvaffaq bo‘lmadi.

Bosh vazir “Obod mahalla”ni ko‘rmoqchi bo‘lgan

Ozodlik suhbatlashgan Bekobod tuman hokimligi rasmiylari¸ 20 avgust kuni Abdulla Aripovning shaharda qurilayotgan “Obod mahalla”ni ko‘zdan kechirish uchun kelganini bildirdi.

28 avgustgacha prezidentning kelishi kutilayapti. Shunga bugun Bosh vazir prezident borib ko‘radigan “Obod mahalla”ni tekshirishi kerak edi. Ertalabdan hamma rahbarlar o‘sha yerda edi. Shaharda 5-uchastka deyiladigan “Istiqlol” mahallasi “Obod mahalla” bo‘layapti. Bosh vazir kelmadi. Lekin bugun kechki soat 19:45 da Toshkentda videoselektor o‘tkazadi¸ degan rasmiy telefonogramma keldi bizga. Demak¸ ahvollari yaxshi”¸ dedi Bekobod tuman hokimligi rasmiysi.

So‘nggi xabarlarga ko‘ra¸ 20 avgust kunga belgilangan videoselektor yig‘ilishiga prezidentning o‘zi raislik qiladi¸ unda Bosh vazirning qatnashishi kutilmoqda.

XS
SM
MD
LG