Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 20:41

Toshkentda kushxona qolmadi. Qurbonlik qilmoqchi bo‘lganlar sarson


Iyun oyidan buyon Toshkentda mavjud barcha 24 ta kushxonaning berkitilgani tufayli aholi orasida Qurbon bayrami arafasida jonliq so‘yishda muammolar vujudga keldi.

Toshkent shahrida yopilgan ba’zi kushxonalarning egalari Ozodlik bilan suhbatda yuzlab odam ishsiz qolganidan shikoyat qildi.

Toshkent shahar veterinariya boshqarmasi xodimi bundan buyon poytaxt hududida kushxonalar bo‘lmasligini bildirdi.

Ozodlik suhbatlashgan poytaxtliklar Qurbon bayrami arafasida chorva mollarini kushxonalarda emas, yo o‘z uylariga qassoblarni taklif qilib yoki Toshkentning chekka mintaqalarida joylashgan zamonaviy kushxonalarda so‘yishga majbur bo‘layotganliklarini aytdi.

Ularga ko‘ra, bunday qiyinchiliklarning yuzaga kelishida shahardagi barcha kushxonalarning berkitilgani sabab bo‘lgan.

"Bugun yaqinda berkitilgan Chuqursoydagi kushxonaga borganimda "formalno" kushxona ishlamayapti, lekin gaplashsak, so‘ydirib beramiz, oramizda qolsa, deyishdi," - dedi poytaxtliklardan biri.

Yana bir poytaxtlik qurbonlik uchun sotib olgan qo‘yini uyda so‘yishga majbur bo‘layotganini aytdi:

"Bugun Qo‘yliqqa borib, qurbonlik uchun qo‘y sotib oldim. O‘tgan yili kushxonada so‘ydirtirib, terisini qassobga berib hisoblashardim. Lekin, bu yil hamma kushxonalarni berkitib tashlashibdi. Majbur qassobni uyga chaqirayapman".

Toshkentlik qassoblardan biri shahardagi kushxonalar yopilgani, shahar chetida esa, kushxona yetarli bo‘lmagani uchun chorva mollarini yashirincha so‘yish ko‘payganini aytdi:

"Shahar tashqarisida kushxona yetarlimas, shuning uchun shahar tashqarisidagi xonadonlarda nelegalniy so‘yish ko‘paygan. O‘z xonadonida yashirinchi kushxona qilib olganlar ham, yashirincha qo‘y so‘yib berayapti".

Toshkent shahridagi ba’zi kushxonalar egalariga ko‘ra, shahardagi barcha kushxonalar oxirgi ikki oy ichida birin-ketin berkitilgani ortidan yuzlab odam ishsiz qolgan.

Shahar bo‘yicha 400 yaqin odam ishsiz qoldi. Kimga murojaat qilinsa biz bilmaymiz, veterinariya biladi, deb o‘zidan soqit qilyapti. Veterinariya bo‘lsa, o‘zi bergan ruxsatnomani bekor qilib, korxonani avtomatlashtirish kerak deb, yangi qonun-qoida chiqargan. O‘ylang, o‘nlab kushxonada 3 kunda so‘yiladigan mollarni 4ta kushxonada suyishsa qanaqa "bardak" bo‘lishini,“- dedi Toshkentning eski shahar qismida joylashgan kushxona egasi.

Yana bir kushxona egasining iddao qilishicha, aholini go‘sht bilan ta’minlash sohasini monopoliyaga aylantirishni istagan "kuchlar bor" :

"Monopoliya qilib olmoqchi bo‘lgan kuchlar bor. Ular qurgan katta kushxonalar qimmat oborudovaniya bilan jihozlangan, katta kreditlar hisobiga barpo bo‘lgan. Lekin bu kushxonalar o‘zini oqlamayotgan edi. Shunga shahar ichkarisidagi kushxonalarni turli bahonalar bilan berkitib tashlashdi".

Toshkent shahar veterinariya boshqarmasi mulozimi Ozodlik bilan suhbatda poytaxtdagi barcha - 24 ta kushxona berkitilganini tasdiqladi.

Uning ma’lum qilishicha, kushxonalarning berkitilishiga "aholi noroziligi va zamonaviy talablar" sabab bo‘lgan.

Ismi sir qolishini so‘ragan mulozimning ma’lum qilishicha, 22 iyunda Bosh vazir imzolagan protokol asosida huquq-tartibot organlari xodimlari Toshkent shahri ichida joylashgan barcha kushxonalarni berkitib tashlagan:

Bizga hech qanaqa tushuntirish bergani yo‘q.Shahardan tashqarida qurilsin, shaharda yo‘q bo‘lsin, deyishayapti. Aholidan jaloba tushgan. Sassiq hid chiqadi, deydi. Lekin bir-ikkitasi aholi maskanlarida bo‘lsa, kushxonalarning deyarli hammasi promzonalarda edi".

"Maxsus so‘yish korxonalarida va maydonchalarida chorva mollarni so‘yish bilan shug‘ullanuvchi shaxslarga ruxsat beruvchi guvohnomalarni berish va ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqidagi" 2006 yilda tasdiqdan o‘tgan qaror o‘z kuchini 2018 yil fevralida yo‘qotgan edi.

Hozirda Toshkent bo‘sag‘alaridagi Bektemir, Sergeli va Nazarbek tumanlarida bir nechta zamonaviy kushxonalar ishga tushgan.

Bu korxonalar "2016 — 2020 yillarda meva-sabzavot va go‘sht-sut mahsulotlarining xom ashyo bazasini yanada rivojlantirish, ularni qayta ishlashni chuqurlashtirish, oziq-ovqat tovarlari ishlab chiqarish va eksport qilishni ko‘paytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi O‘zbekiston prezidentining 2016 yil 5 martda imzolagan qarori ijrosini ta’minlash maqsadida ishga tushirilgani aytiladi.

XS
SM
MD
LG