Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:42

7- sinf o‘quvchisini zo‘rlaganlar ustidan sud boshlandi, hokimlik qizning uyini ta’mirlamoqda


Farg‘ona viloyati Beshariq tumanida 14 yoshida homilador bo‘lgan qizning uyi hokimlik tomonidan ta’mirlanmoqda
Farg‘ona viloyati Beshariq tumanida 14 yoshida homilador bo‘lgan qizning uyi hokimlik tomonidan ta’mirlanmoqda

Homilasi mulozimlar topshirig‘i bilan uyida yo‘q qilingani aytilayotgan 7- sinf o‘quvchisini zo‘rlaganlikda, u bilan jinsiy aloqa qilganlikda gumon qilinayotganlar ustidan 20 avgust kuni Jinoyat ishlari Beshariq tuman sudida (Farg‘ona viloyati) mahkama jarayoni boshlandi. Sudlanuvchilar orasida zo‘rlangani aytilayotgan 14 yashar qizning onasi ham bor.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi mulozimining Ozodlikka bildirishicha¸ ”Farg‘ona viloyati, Beshariq tumanida yashovchi g‘araz va past niyatlarda moddiy naf ko‘rish evaziga o‘zining 14 yoshga to‘lmagan voyaga yetmagan farzandini jinsiy aloqa qilishga undagan 39 yashar ayol sodir etgan jinoyat ishini sud ko‘rib chiqmoqda”.

Prokuratura rasmiysiga ko‘ra¸ sud jarayonida 22-36 yosh oralig‘idagi uch nafar oilali va bolali erkak 14 yoshga to‘lmagan qizni zo‘rlashda ayblanmoqda.

Farg‘ona viloyat sud-psixiatriya ekspertizasining Ozodlik tasarrufida nusxasi mavjud bo‘lgan xulosasiga ko‘ra¸ bu to‘rt nafar ayblanuvchi “o‘zining harakatlarini tushunib qilgan va o‘z harakatlarini boshqara olgan”.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Beshariq tuman sudi vakilining Ozodlikka 20 avgust kuni bildirishicha¸ "O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 28- 118- moddasi 4-qismi va 131-moddasi (qo‘shmachilik qilish yoki fohishaxona saqlash) 4 -qismi “a” bandida ko‘zda tutilgan jinoyatni sodir" qilganlik bo‘yicha ayblanayotgan 39 yashar ayolga (zo‘rlangani aytilayotgan qizning onasi) nisbatan sud davomida “tilxat” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

- Insonparvarlik nuqtai nazaridan qo‘shmachilikda ayblanayotgan sudlanuvchi sud majlisiga uyidan kelib ketyapti. 118-modda, ya’ni nomusga tegish jinoyati bilan ayblangan uch nafar yigitga nisbatan ehtiyot chorasi sifatida qamoq qo‘llanmoqda. Jinoyat ishida voyaga yetmagan o‘smir qiz figurant bo‘lgani bois sud yopiq rejimda o‘tmoqda.

Farg‘ona viloyat prokurorining birinchi o‘rinbosari imzolagan ayblov xulosasining Ozodlikka yuborilgan nusxasidan anglanilishicha¸ uch shaxs "14 yoshga to‘lmagan ojiz ahvoldagi shaxsga nisbatan jinsiy ehtiyojini an’anaviy va noan’anaviy tarzda qo‘rqitib qondirishda" ayblanmoqda.

Zo‘rlangan qizga “ikki baklashka yog‘” berildi

Ozodlik o‘tgan haftada Farg‘ona viloyat, Beshariq tumanidagi qishloqlardan biri maktabining 7-sinf o‘quvchisi K.M ning besh oylik homilasini akusher-doya mahalliy mulozimlar buyrug‘i bilan uyida abort qilgani haqida yozgan edi. (Ozodlikka zo‘rlangani aytilayotgan qiz yashaydigan qishloq va u o‘qiydigan maktab manzili¸ bu jarayonga aloqador shaxslarning ismi-sharifi ma’lum. Aybsizlik prezumpsiyasi va axloq normalaridan kelib chiqib¸ ular e’lon qilinmaëtir - tahr.)

Ana shundan keyin Beshariq tuman hokimligi mulozimlari “homilasi tushirilgan” o‘smir qiz oilasiga borib “moddiy yordam ko‘rsatgan”.

Voqea sodir bo‘lgan mahalla faolining Ozodlikka aytishicha:

- Zo‘rlangan qiz oilasiga tuman hokimi ikki kilo un¸ ikki baklashka yog‘ va 200 000 so‘m pul yordami bergan. Bundan tashqari tuman hokimi topshirig‘i bilan bu oilaning 2 million 600 ming so‘m miqdordagi elektrdan qarzi kechilgan. Shu kunda bu oilaning uyini tuman hokimligi zudlik bilan ta’mirdan chiqarib bermoqda. Mabodo Toshkentdan tekshiruvchilar kelib qolsa¸ bu ayol turmush tashvishlari va yetishmovchilik bois ikki qizi va o‘zini bozorga soldi degan gap chiqmasligi uchun bu ishlar qilinmoqda.

Beshariq tuman rasmiylari ta’mir ishiga bosh-qosh bo‘lmoqda.
Beshariq tuman rasmiylari ta’mir ishiga bosh-qosh bo‘lmoqda.

XS
SM
MD
LG