Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:37

Bosh prokuratura Qodirovning “jinoiy sherigi” hibsdan shartli qo‘yib yuborilganini tasdiqladi


30 avgust kuni O‘zbekiston Bosh prokuraturasi sobiq bosh prokuror Rashitjon Qodirovning "jinoiy sherigi" sifatida ko‘rilgan Alisher Xodiev hibsdan ozod etilgani haqidagi Ozodlik xabarini tasdiqladi. Bosh prokuraturaning Ozodlikka berilgan rasmiy bayonotida aytilishicha¸ ko‘ngilli ravishda Ispaniyadan O‘zbekistonga qaytib¸ tergov bilan hamkorlik qilishga rozi bo‘lgan 40 yashar Xodievga nisbatan ilgari surilgan ayblovlar olib tashlanmagan.

Alisher Xodiev O‘zbekistonda tovlamachalik, firibgarlik va jinoiy yo‘llar bilan topilgan pullarni legallashtirishda ayblanmoqda.

Unga qarshi ilgari surilgan ayblovlar O‘zbekiston sobiq bosh prokurori Rashitjon Qodirovga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishining bir qismi sifatida ko‘rilmoqda.

27 avgust kuni Ozodlik Ispaniya sudi Alisher Xodievni O‘zbekistonga ekstraditsiya qilish haqidagi 17 iyul kuni chiqargan dastlabki ajrimini bekor qilib¸ uni hibsdan ozod etgani haqida xabar bergan edi.

7 avgust kungi yangi ajrimda ekstraditsiya qarorining bekor qilinishiga O‘zbekiston Bosh prokuraturasining Alisher Xodiev xalqaro qidiruvdagilar ro‘yxatidan olib tashlagani sabab bo‘lgani bildirilgan.

Ispan sudi dastlab Xodievni O‘zbekistonga ekstraditsiya qilish haqida ajrim chiqardi
Ispan sudi dastlab Xodievni O‘zbekistonga ekstraditsiya qilish haqida ajrim chiqardi

O‘zbekiston Bosh prokuraturasining alohida ta’kidlashicha, Alisher Xodiev qidiruvdigilar ro‘yxatidan chiqarilganiga qaramay¸ unga nisbatan qo‘yilgan ayblovlar olib tashlanmagan.

"A. Xodievning Bosh prokuratura qarori asosida hibsdan ozod etilganini tasdiqlaymiz. Bunday qarorga hibsdagi A. Xodievning O‘zbekiston Respublikasiga o‘z ixtiyori bilan qaytish va tergov bilan hamkorlik qilish haqidagi murojaati asos bo‘ldi. Sentabr boshida A. Xodievning O‘zbekiston Respublikasiga o‘z ixtiyori bilan qaytishi va tergov bilan hamkorlik qilishi kutilmoqda. Uning hibsdan ozod etilishi Xodievga nisbatan tergov versiyasining o‘zgarganini anglatmaydi. Xodiev unga nisbatan barcha punktlar bo‘yicha hali ham ayblanuvchi hisoblanadi," - deyiladi Bosh prokuraturaning Ozodlikka yo‘llagan javobida.

Bosh prokuratura Alisher Xodievning yozma murojaati nusxasini hozircha Ozodlikka taqdim qilmadi.

27 avgust kuni Ozodlik savollariga yozma javob bergan Alisher Xodievning ispan advokati Xuan Karlos O‘zbekistondan Ispaniyaga kelgan Bosh prokuratura vakili Isroil Adhamovga rasman ishonchsizlik bildirganini ma’lum qilgan edi.

Xuan Karlos Breyning iddao qilishicha, Ispaniya sudida himoya tomoni taqdim etgan hujjatlarning O‘zbekistonda olib borilayotgan tergov ishlariga biriktirilmagani, O‘zbekiston prokuraturasi xodimining "ob’ektivligiga shubha" borligi e’tirozga sabab bo‘lgan.

Bosh prokuraturaning Ozodlikka yo‘llagan yozma javobida Alisher Xodiev ustidan qo‘zg‘atilgan ishda ayblanuvchining iqtisodiy "zararni qoplash"iga alohida e’tibor qaratilishi bildirilgan.

"Tergov paytida u (Alisher Xodiev - tahr.) ning barcha vajlari tekshirib chiqiladi. Bosh prokuratura iqtisodiy ishlarda ayblanayotganlarning moddiy zararni qoplashiga alohida e’tibor qaratmoqda. Shu munosabat bilan Xodievga o‘z ixtiyori bilan O‘zbekistonga qaytish va tergov ishlarida qatnashish imkoni berildi," deyiladi Bosh prokuratura javobida.

Ozodlikka yuborilgan rasmiy hujjatlarga ko‘ra¸ Alisher Xodievga qarshi ilgari surilgan ayblov xulosasi bir shaxs - O‘zbekistondagi qator yirik korxonalar rahbari, yetakchi tijoriy banklardan biri "Infinbank"ning eng yirik hissadori - Farhod Mamatjonov bergan shikoyat arizalariga asoslangan.

Bosh prokuratura tomonidan Ispaniya sudiga taqdim etilgan hujjatlarda iddao qilinishicha, Alisher Xodiev "jinoiy javobgarlikka tortish" bilan tahdid qilib, Farhod Mamatjonovdan 2009-2013 yillar davomida jami yetti holatda 2 million 600 ming dollardan ko‘proq mablag‘ni olib qo‘ygan.

Mazkur jinoyatlarni, O‘zbekiston Bosh prokuraturasining da’vo qilishicha, Alisher Xodiev O‘zbekiston sobiq bosh prokurori Rashitjon Qodirov, uning o‘g‘li Alisherbek Qodirov, tijoriy sherigi Xayrullo Musaboev va boshqalar bilan birga "oldindan jinoiy til biriktirib" amalga oshirgan.

15 yil Bosh prokuror vazifasini bajargan Rashitjon Qodirov shu yil 22 fevralda hibsga olingandi
15 yil Bosh prokuror vazifasini bajargan Rashitjon Qodirov shu yil 22 fevralda hibsga olingandi

2018 yil 22 fevral kuni hibsga olingan 67 yashar general Rashitjon Qodirov 2000 yildan 2015 yilga qadar O‘zbekiston Bosh prokurori bo‘lgan.

Sobiq bosh prokurorga O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 165-moddasi ("tovlamachilik"), 167-moddasi ("o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish", 184-moddasi ("soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash"), 210-moddasi ("pora olish") va 236 moddasi (tergov qilishga yoki sud ishlarini hal etishga aralashish) bilan ayblovlar ilgari surilgan.

Bosh prokuratura rasmiy baënotiga ko‘ra¸ Qodirov ishi doirasida jami 24 shaxsga nisbatan ayblov e’lon qilingan va ulardan 21 nafari hibsga olingan.

XS
SM
MD
LG