Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 23:33

Bosh prokuratura hibsga olingan dindor blogerlar ishiga oydinlik kiritdi


Hibsga olingan o‘zbek blogerlari
Hibsga olingan o‘zbek blogerlari

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi avgust oyining so‘nggi haftasida birin-ketin hibsga olingani Ozodlikka ma’lum bo‘lgan kamida besh dindor blogerdan ikki nafarining ishlari yuzasidan izoh berdi.

Bosh prokuraturaning ma’lum qilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda tanilgan toshkentlik blogerlar - Atxam Olimov (Musannif Adham) va Ziyodulla Kabirov (Ziyovuddin Rahim) "militsiya xodimlarining qonuniy talablarini bajarmaslik va ularga qarshilik ko‘rsatishda aybdor deb topilgan".

Atxam Olimovga 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi, Ziyodulla Karimovga esa 10 sutka ma’muriy qamoq va eng kam ish haqining bir baravari, ya’ni 184.300 so‘m jarima solingan.

Ozodlik blogerlardan yana ikki nafari – andijonlik Otabek Usmonov va qo‘qonlik Xurshidbek Muhammadroziqovning 15 sutkaga hibs etilganini aniqladi.

Yana bir bloger - toshkentlik Miraziz Ahmedov taqdiri noma’lum qolmoqda.

Bundan tashqari, Ozodlik ayrim dindor blogerlar va ularning yaqinlari bilan qilgan suhbatlar asnosida militsiya va xavfsizlik xodimlari ularni jiddiy ogohlantirgani yoki qo‘rqitganini aniqladi.

Bosh prokuratura nima deydi?

Bosh prokuraturaning Ozodlikka bildirishicha, Atxam Olimov (Musannif Adham) ustidan ma’muriy ish hujjatlari 29 avgust kuni sud majlisida “mazmunan ko‘rib chiqilgan”.

Prokuraturaga ko‘ra, Atxam Olimov militsiya xodimining qonuniy talablarini bajarmagani va ularga qarshilik ko‘rsatganiga “to‘liq iqrorlik bildirgan”:

A.Olimovning 194-moddasi 1-qismi va 195-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikdagi aybi, o‘zining sud majlisida aybiga to‘liq iqrorlik bildirgan ko‘rsatuvlaridan tashqari, guvoh M.Murodbekovning tushuntirishlari, profilaktika inspektori bildirgisi, dalolatnoma va ish hujjatlarida mavjud boshqa ob’ektiv dalillar bilan to‘liq o‘z isbotini topgan bo‘lib unga nisbatan ushbu moddalar bilan MJtKning 34-moddasiga asosan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanilgan,” – deya bildirdi O‘zbekiston Bosh prokuraturasi.

Ikkinchi bloger Ziyodulla Kabirovga ham Atxam Olimovga qo‘yilgan ayblovlarning aynisi qo‘yilgan.

"O‘zbekiston Respublikasi MJtK 34-moddasi tartibida Kabirov Ziyodulla Ismatillaevichga uzil-kesil 10 (o‘n) sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi," deya ma’lum qildi Bosh prokuratura.

Blogerlar yaqinlari nima deydi?

Musannif Adham taxallusi bilan ayniqsa dindor yuzerlar orasida mashhur Atham Olimov yaqinlarining aytishicha, 28 avgust soat 18:40 da Olmazor tuman Sag‘bon dahasidagi uyidan 8 kishidan iborat organ xodimlari tomonidan olib chiqib ketilgan.

Yaqinlari Adhamning militsiya xodimlariga umuman qarshilik ko‘rsatmaganini aytishdi.

Uning ukasi Shohrux Olimovning aytishicha, oradan 3 sutka o‘tgan esa-da, uning qaerdaligi oila a’zolariga noma’lum qolmoqda:

- Sababini bilmaymizda nima uchun qamab qo‘yishdi, o‘zi nima uchun olib ketishdi va hozir qaerda. Bu savollarga umuman javob yo‘qda. O‘zimizdayam faraz yo‘q.

Musannif Adhamning Facebook-da 5,5 mingdan ortiq folloveri bor
Musannif Adhamning Facebook-da 5,5 mingdan ortiq folloveri bor

Musannif Adham taxallusi bilan dindor feysbukchilar orasida tanilgan 32 yashar Adham Olimovning Facebookda 5,5 mingdan ortiq o‘quvchisi bor.

Yana bir bloger Ziyovuddin Rahimovning qanday holatda ushlangani va qaerda saqlanayotgani borasida Ozodlikda aniq ma’lumot yo‘q.

U ham o‘zining diniy-ma’rifiy mavzudagi bloglari bilan tanilgan.

Hibsdagi yana 3 bloger kim?

Andijonlik bloger Otabek Usmonovni yaqindan taniganlar uning 30 avgust kuni olib ketilgani va 31 avgust kuni ustidan hukm o‘qilganini aytdi.

Uning otasi Xolmuhammad Usmonov Ozodlikka o‘g‘lining hibsga olinganini rad etdi va bu haqda "gapirishni istamayman", dedi.

Toshkentlik 41 yashar bloger Miraziz Ahmedovning taqdiri noma’lum qolmoqda.

Yaqinlaridan biri uni "hech kim" topa olmayotganini aytdi:

- Harakat qilib ko‘rdik aytishmayapti. Biz uchastkovoyga bordik, qaerda, nima qilayapti, nima bo‘layapti, aytmayapti. Hech narsa bilmaymiz. Hech qanday ma’lumot berishmapti.

Ozodlik qo‘qonlik bloger Xurshidbek Muhammadroziqovning ham hibsga olinganini aniqladi.

Xurshidbek Muhammadroziqov 2 sentyabrь kuni g‘oyib bo‘lgan
Xurshidbek Muhammadroziqov 2 sentyabrь kuni g‘oyib bo‘lgan

Onasining Ozodlikka aytishicha, Xurshidbek 2 sentabrda "militsiya xodimlari bilan gap talashib qolgani uchun" uni "ichkariga olib kirib qo‘yishgan".

Ammo xususiy maktab asoschisi bo‘lgan bu blogerning nima uchun va necha kunga hibsga olingani hozircha ma’lum emas.

Qama-qamalar qachon boshlandi?

Bloggerlarni hibsga olish harakatlari 25 avgust kuni Muhammad Shakur nomi bilan tanilgan, ko‘proq ijtimoiy muammolarni yoritib kelayotgan bloger Shokir Sharipovning ogohlantirilishidan boshlangandi.

Blogerning Ozodlikka aytishicha, uning Qibraydagi uyiga 8 kishidan iborat organ xodimlari hech qanday hujjatsiz kirib kelib, uni ichki ishlar bo‘linmasiga olib ketganlar.

Birinchi guruh nogironi bo‘lgan Shokir Sharipov unga nisbatan ma’muriy ish ochilganini bildirdi.

Ayni paytda Ozodlik bilan suhbatlashgan ijtimoiy tarmoqning bir necha foydalanuvchisi ularga "turli joylardan" tahdid va haqoratga to‘la ogohlantiruv maktublari kelganini bildirdi.

Ismi sir qolishni so‘ragan foydalanuvchilarga ko‘ra, ulardan jim yurish, ijtimoiy tarmoqlardagi bahslarga aralashvermaslik talab qilingan.

XS
SM
MD
LG