Линклар

Шошилинч хабар
26 январ 2021, Тошкент вақти: 20:53

Stokholm sudidan: Advokatlar Abdulla Aripovni sudga chaqirishni so‘ramoqda


TeliaSonera va "o‘zbek ishi" bo‘yicha mahkama Stokholm shahar sudida bo‘lib o‘tmoqda.

4 sentabr kuni Shvetsiya poytaxti Stokholm shahar sudida boshlangan mahkamaning ikkinchi kunida ham prokuror Gunnar Stetlerning TeliaSonera (hozirgi nomi Telia) shirkati uch sobiq boshqaruvchisining O‘zbekiston telekom bozoriga kirish uchun kimga¸ qancha va qanday qilib pora berganiga oid faktlarni taqdim qilishni davom ettirdi.

Sud majlisining birinchi kunida o‘qib eshittirilgan ayblov xulosasiga ko‘ra¸ 2007-2012 yillarda jami qiymati 400 million AQSh dollariga yaqin bu porani TeliaSonera boshqaruvchilari oldindan bilib¸ o‘z roziliklari bilan o‘shandagi O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga berganlar.

Ayblovga asos bo‘lgan fakt va dalillar sudlanuvchilarning 2007 yildan boshlab O‘zbekistonga kirish rejasiga oid o‘zaro yozishmalari¸ Hollandiya¸ Shveysariya va AQSh prokurorlari shved hamkasblariga taqdim etgan bank o‘tkazmalari¸ Gulnora Karimovaning Shveysariya bankida saqlangan qutilaridan chiqqan hujjatlardir.

Sudga taqdim etilgan ichki yozishmalar

2012 yil sentabrida TeliaSonera va uning o‘zbek sheriklari ustida jinoyat ishi ochgan prokuror Gunnar Stetler 4 va 5 sentabr kuni sudga taqdim qilgan fakt va dalillarning kattagina qismi sudlanuvchilarning O‘zbekistonga kirish masalasida o‘z oralarida¸ shuningdek bu jarayonda shved shirkatiga vositachi va konsultantlik qilgan shaxslar bilan elektron yozishmalaridan iborat.

Prokurorga ko‘ra¸ TeliaSonera O‘zbekistondan chiqib ketish harakatini boshlagan AQShning MCT (COSCOM aksiyalarining egasi) aksiyalarini sotib olish orqali o‘zbek telekom bozoriga kirish urinishini 2007 yil fevralida boshlaydi.

O‘zbekistonga kirish shart-sharoitlarini o‘rganish 58 foizidan ortig‘i shved shirkatiga tegishli Fintur Holdingsning o‘shandagi bosh ijrochi direktori Serkan Eldenga topshiriladi.

Eldenning TeliaSonera mutasaddilari¸ xususan, sudlanuvchilardan biri - TeliaSoneraning Yevroosiyo bo‘yicha vitse-prezidenti¸ moliyaviy direktori Tero Kivisaari bilan yozishmalaridan shved shirkatining O‘zbekistonga kirish uchun "eng tepadan - prezident Karimov va uning oilasidan homiy qidirgani" ko‘riladi.

Maslahat jarayonidagi yozishmalarda "eng tepadagilar "duosini olmaguncha"¸ O‘zbekistonda biznes qilib bo‘lmasligi¸ MCT aksiyalarini sotib olishga "ruxsat berilishi uchun" hukumat amaldorlari¸xususan¸ Axborot texnologiyalari agentligi direktoriga pora berish shartligi aytiladi.

"Eng tepadagilar¸ xususan¸ vazirning o‘ziga bir narsa bermay turib¸ O‘zbekiston telekom bozoriga kkirib bo‘lmaydi"¸ deyiladi ichki yozishmalardan birida.

"No2 ham qiziqmoqda"

Stokholm sudiga sudlanuvchilarning bila turib katta miqdorda pora berganini isbotlash uchun prokuror taqdim etgan yozishmalarda¸ prezident Karimovning o‘ziga yo‘l topa olmagan shved shirkati "sovchilari"ning uning qizlariga yo‘l qidirish jarayoni aks etadi.

Yozishmalarda "G, Lady, the Daugter" degan nomlar bilan tilga olingan Gulnora Karimova telekom bozoriga kirish uchun yashil chiroq yoqib beradigan eng qudratli shaxs sifatida tasvirlanadi.

Yozishmalarda uning "otasining o‘ng qo‘li" va uning "vorisi" ekani aytiladi.

Ayni paytda¸ shved shirkatining o‘zbek bozoriga kirish urinishlari chog‘ida Karimovning 2-qizi ham tilga olinadi.

"Odamlarimizga No 2 (Lola Karimova nazarda tutilmoqda)ning biz bilan gaplashishga qiziqayotganini yetkazishdi. Buni o‘rganib ko‘rish kerak"¸ deyiladi sudda prokuror taqdim etgan elektron yozishmalarda.

Ko‘p o‘tmay¸ ikkinchi emas¸ Birinchi qizga yo‘l topgan TeliaSonera Lola Karimova bilan "biznes qilish" istiqbolidan voz kechadi.

Gunnar Stetlerning ta’kidicha¸ TeliaSoneraning Karimovlar oilasiga chiqish harakatlari 2007 yilning mart oyiga kelib natijasini bergan va bu maydondagi eng qudratli shaxs deb ko‘rilgan Gulnora Karimova MTS bosh ijroiya direktori Behzod Ahmedovga o‘zining bosh muzokarachisi sifatida shved shirkati bilan muzokara boshlash vakolatini bergan.

Stetler: Fakt va dalillar pora berilganini 100 foiz isbotlaydi!

Sud majlisi tanaffusida Ozodlik bilan gaplashgan prokuror Gunnar Stetler¸ mahkamaga taqdim qilingan hujjatlar AQSh¸ Shveysariya va Hollandiya prokuraturasi bilan hamkorlikda hozirlangani va ularning TeliaSoneraning sudga tortilgan uch sobiq rahbari Gulnora Karimovaga oldindan bilib pora berganini tasdiqlashini ta’kidladi.

- Mening pora berilgani va porani olgan shaxs Gulnora Karimova bo‘lganini isbotlaganimga shubham yo‘q. Qolgan gap sudga qoldi¸ dedi Stetler.

Abdulla Aripov so‘roq qilinsa....

Tanaffus paytida Ozodlik gaplashgan TeliaSonera shirkatining Yevroosiyo faoliyati bo‘yicha sobiq bosh maslahatchi Uli Tuimaning adkovati Hans Stanberg mahkama davomida O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripovni so‘roq qilish niyatida ekanini aytdi.

Uli Tuimadan tashqari yana Telia shirkatining sobiq bosh ijrochi direktori Lars Nyuberg va vitse-prezidenti Tero Kivisaarilar Gulnora Karimovaga pora berish jarayonini boshqarganlikda ayblanmoqda.

Hans Stanbergga ko‘ra, agar Abdulla Aripov so‘roq qilinsa, TeliaSonera shirkati rahbarlarining O‘zbekiston rahbariyati va Gulnora Karimovaga pora bermaganini isbotlash imkoni paydo bo‘ladi.

Ammo, adkovat Hans Stanbergning e’tirof etishicha, bugunga qadar hozirda O‘zbekiston Bosh vaziri bo‘lgan Abdulla Aripov bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmagan.

- Biz bu haqda gaplashganmiz va o‘z tekshiruvlarimizni olib borganmiz. Lekin, u (Abdulla Aripov – Ozodlik izohi) bilan aloqaga chiqa olmayapmiz. Albatta, u bilan suhbatlashishni istaymiz. U bu ishda muhim shaxslardan biridir. U chastota va litsenziyalar olish uchun pora berilmaganini tushuntirib berishi mumkin edi, - dedi Hans Stanberg.

Ammo advokat O‘zbekiston Bosh vaziri kuni kelib so‘roq qilinishiga ishonmasligini aytdi.

Hans Stanbergning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston Bosh vazirini sudga chaqirish Shvetsiya prokuraturasi vakolatiga kiradi.

Shvetsiya prokuraturasi O‘zbekiston Bosh vazirini sudga chaqirib, so‘roq qilish so‘rovi bilan O‘zbekistonga murojaat qilganmi?

Sud majlisi tanaffusida Ozodlik bilan gaplashgan prokuror Gunnar Stetler "bu savolga hozir javob bermayman" deb aytdi.

2012 yilning 19 sentabr kuni SVT - Shvetsiya jamoatchilik televideniesi "TeliaSonera - o‘zbek ishi" deb nomlangan hujjatli filmni namoyish etgan va TeliaSonera shirkati 2007 yilda o‘zbek mobil aloqa bozoriga kirib¸ UCell korxonasini ochish uchun Gulnora Karimovaga 2 milliard 200 million shved kronasi (o‘sha paytdagi hisob-kitob bo‘yicha 337 million AQSh dollari) miqdorida “otkat” berganlikda ayblangandi.

Filmda Gibraltarda Gayane Avakyan nomiga ro‘yxatdan o‘tgan Takilant shirkatining asl egasi Karimova ekani¸ shved shirkatidan olingan pora va otkatning har xil o‘rtakashlar orqali Karimovaniki aytilgan bank hisoblariga borib o‘rnashish sxemasi ko‘rsatildi.

2012 yilning 3 oktabr kuni Ozodlik bilan suhbatda Stetler¸ o‘zi ochgan jinoyat ishining asosiy figurantlari Gayane Avakyan va Alisher Sobirov va Behzod Ahmedovlar ekanini bildirdi.

Stetler¸ 2014 yilga kelib Gulnora Karimovaning o‘zi ham bevosita jinoyat ishi figurantiga aylanganini bildirdi.

Shvetsiyada boshlangan bu janjal Toshkentda ham aks-sado berdi.

2012 yilning 20 sentabr kuni Uzmetronom internet nashri hukumatdagi o‘z manbalariga tayanib¸ O‘zbekiston bosh vazirining sobiq o‘rinbosari, Aloqa va axborotlashtirish agentligi sobiq rahbari Abdulla Aripov (joriy Bosh vazir -tahr.) ga nisbatan jinoiy ish ochilgani haqida xabar tarqatdi.

Uzmetronom o‘shanda Abdulla Aripovga, jumladan, “O‘zdunrobita” shirkatiga qo‘shimcha retranslyatorlar o‘rnatish uchun noqonuniy ruxsatnomalar berganlik aybi qo‘yilgani va ish doirasida “O‘zdunrobita” shirkati mol-mulkinining davlat foydasiga o‘zlashtirilganini yozgan edi.

XS
SM
MD
LG