Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 19:26

Dushanbeda militsiya yoshlar uyushtirgan namoyishni kuch bilan tarqatib yubordi


YEXHT binosi o‘ngida o‘nlab yoshlar yig‘ildi
YEXHT binosi o‘ngida o‘nlab yoshlar yig‘ildi

7 sentabr kuni ertalab soat 9da Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YEXHT) Dushanbe shahridagi vakolatxonasi oldida qo‘llarida “Islom uyg‘onish partiyasiga o‘lim!”, “Yo‘qolsin terrorizm!” va “YEXHT” bizni tinch quy!” degan shiorlarni ko‘tarib olgan ​bir guruh hukumatparast yoshlar - 20 dan ziyod kishi yig‘ildi.

Yig‘ilganlar “Terrorizmga o‘lim!” deb hayqirib turdilar..

YEXHT idorasidan hech kim aksiya ishtirokchilari oldiga chiqmadi.

Dushanbe shahar Shohmansur tuman ichki ishlar bo‘limi xodimlari YEXHT idorasi oldidagi norozilik namoyishini tarqatdi.

Bir necha o‘n namoyishchi ichki ishlar bo‘limiga olib borilib, "suhbatdan" keyin qo‘yib yuborildi.

Tojikistonda ommaviy namoyish va piketlar o‘tkazish qonunan taqiqlangan.

Ammo, kuzatuvchilarga ko‘ra, hukumat pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlab o‘tkaziladigan namoyishlar odatda huquq-tartibot idoralari bilan oldindan kelishilgan holda tashkillashtiriladi.

Oldinroq Tojikistondagi talabalar va yoshlar “agar YEXHT majlisiga muxolifat vakillari, jumladan, Islom uyg‘onish partiyasi raisi Muhiddin Kabiriy chaqirilsa, ular YEXHTning Dushanbedagi vakolatxonasi oldida namoyish o‘tkazishini e’lon qilgandi.

“Xovar” milliy axborot agentligi, agar YEXHT bu yilgi yig‘ilishida terrorizmda ishtiroki fosh etilgan va xalqaro qidiruvda bo‘lgan shaxslarga minbar bersa, YEXHTning Tojikistondagi idorasi yopilishi mumkinligi haqida ogohlantirish tasvirlangan materialni e’lon qildi.

O‘tgan yili, Tojikiston hukumatining ogohlantirishga qaramay, muxolifat vakillari majlisda ishtirok etgandi.

Ish YEXHTning idorasini yopib qo‘yishgacha yetib bormadi, lekin Tojikiston hukumatining talabiga binoan, YEXHTning mamlakatdagi beshta dala idorasi berkitib qo‘yildi, YEXHTning Tojikistondagi vakili maqomi esa Dushanbedagi dastur idorasi darajasigacha tushirildi.

Shundan beri idoraning har bir dasturi Tojikiston hukumati bilan kelishib olishi shart bo‘lib qoldi.

Inson huquqlari bo‘yicha Tojikistondagi idora matbuot kotibi Sayyod Rahimov 3 sentabr kuni ular hali YEXHTdan taklif olishmaganini aytdi.

Boshqa davlat tuzilmalarining vakillari bu “janjalli” tadbirga borishni istamayotganlarini aytishdi.

Ayni paytda tojik muxolifatchilari, xususan, taqiqlangan “24 guruhi” vakillari ushbu yig‘ilishda qatnashish niyatida.

Taqiqlangan TIUP matbuot kotibi Bobojon Qayumov uchrashuvda partiyaning yangi dasturlari bilan chiqish niyatida ekanligini aytdi.

YEXHTning demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi matbuot kotibi Tomas Raymer 3 sentabr kuni bu tashkilot qoidalariga binoan, rasmiy taklifnoma hech kimga yuborilmasligini bildirdi.

"Sessiyalar spikerlari bundan mustasno. YEXHTning qoidalariga ko‘ra, har qanday davlat, tashkilot, guruh, jamoatchi faollar va qatnashish istagidagi shaxslar oldindan ishtirok etish to‘g‘risida ariza jo‘natishi zarur va shundan so‘ng uning nomiga taklifnoma yuboriladi. Tadbir hamma uchun erkin qatnashish mumkin bo‘lgan tadbirdir", - dedi Raymer.

Tojikiston hukumati hozircha YEXHTning inson mezonlari bo‘yicha Varshavada o‘tkaziladigan har yilgi yig‘ilishiga taklif olmadi va ko‘rinishidan, bu uchrashuvda ishtirok etmaydiganga o‘xshaydi.

Majlis 9-11 kunlari dunyoning 57ta davlati ishtirokida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

Tojikiston hukumati va YEXHT munosabatlaridagi sovuqchilik 2016 yil sentabrda, Tojikistonda taqiqlangan Islom uyg‘onish partiyasi va “24 guruhi” tarafdorlari YEXHTnig Varshavadagi yig‘ilishiga qo‘yilganidan keyin boshlangan edi.

Tojik muxolifatchilari YEXHT binosida namoyish o‘tkazgan edi
Tojik muxolifatchilari YEXHT binosida namoyish o‘tkazgan edi

O‘shanda muxolifat tarafdorlari “sukutli norozilik” uyushtirishdi – ular YEXHTning majlislar zaliga Tojikistondagi “vijdon mahbuslari” portreti tushirilgan futbolkalar kiyib kirishdi.

Tojikiston rasmiy delegatsiyasi muxolifat tarafdorlarining aksiyasi tugashini kutib o‘tirmay, YEXHTning Varshavadagi majlisini muddatidan oldin tark etdi.

XS
SM
MD
LG