Линклар

Шошилинч хабар
26 январ 2021, Тошкент вақти: 00:50

Erkak doyalardan voz kechishga chaqirgan imom ro‘mol haqidagi fikrlariga qarshilarni “paxta terdirmoqchi”


Имом рўмол ҳақидаги фикрларига қаршиларни “пахта тердирмоқчи”
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:05:35 0:00

Toshkent shahar, Yunusobod tuman bosh imom-xatibi Rahmatulloh Sayfuddinov “qo‘yib bersalar”, ijtimoiy tarmoqlarda unga qarshi chiqish qilgan “barcha kommentchilarni to‘plab, paxta terimiga” olib chiqishini aytdi. Uning bu so‘zlari 7 sentabrda Toshkentdagi Bodomzor jome masjidida qilgan juma va’zida yangradi.

"Undan ko‘ra paxta tersin"

Imomning keskin chiqish qilishiga ijtimoiy tarmoqlarda, ayniqsa Facebookda ba’zi foydalanuvchilar tomonidan imom sha’niga bildirilgan keskin fikrlar sabab bo‘lgan ko‘rinadi.

- Menga qo‘yib bersa, mana shu hamma kommentchilarni to‘plab, paxta maydoniga olib chiqardik. Hozir paxta terimi boshlandi. Undan ko‘ra, chiqib paxta tersin, bir oz bo‘lsayam mamlakatga manfaati etsin! Paxtadan charchab kelgandan keyin telefonga qarab o‘tira olmaydi, uxlab qoladi u, - dedi Rahmatulloh Sayfuddinov masjid ahliga.

2 sentabr kuni O'zbekiston24 telekanalida chiqish qilgan Yunusobod imom-xatibi yagona maktab formasi haqidagi Vazirlar Mahkamasi qarorini qo‘llab-quvvatlagandi.

Teleboshlovchining "hijob bilan maktabga kelish qanchalik maqsadga muvofiq bo‘lardi?" degan savoliga Rahmatulloh Sayfuddinov jumladan shunday degandi:

- Bu allaqachon qilinishi kerak bo‘lgan masala edi. Bolalarimizni bir xil kiyimga olib kelish. Chunki bunda odob bor. Kiyinish ham bolalarimizning ilmni odob bilan olishiga, bolalarimizda bir madaniyat va harakatdir. Tenglik bo‘ladi va boshqa holatlar. Tartib, o‘zini nazoratga olish. Alhamdulillah, bu narsa - yaxshi.

Imomning bu fikrlari Facebookda dindor qatlamning g‘azabli e’tirozlarini uyg‘otdi. Ulardan ba’zilari, hattoki, Rahmatulloh Sayfuddinovni islom arkonlaridan chekinishda ayblashgacha bordi.

Ammo, 43 yashar Rahmatulloh Sayfuddinov bunday tanqidchilarni "johillar" va "fitnachilar" deb atadi.

U juma namozini ado etish uchun masjidga to‘planganlarni, o‘z ta’birida, "ijtimoiy tarmoqdagi bunday fitnachilardan ogoh bo‘lish"ga chaqirdi:

- Bu fitnachilarga uchmaylik. Bu ijtimoiy tarmoqlardagi fitnachilarga. O‘rtada ko‘pchiligi bular johillar. Ammo ularning asoschilari bor, yordamchilari bor. Men ularni otalari deb aytaman. Ularga bizning tinchligimiz kerak emas. O‘tgan safar ham aytdim ularning soqol dardi yo‘q, ularning hijob dardiyam yo‘q. Ularni bizni bolalarimiz, bizni hayotimiz dardiyam yo‘q. Ularning dardi boshqa narsa. Yaxshi yomonni ajratishimiz kerak. Ajratolmasak, jim turishimiz kerak, - dedi Rahmatulloh Sayfuddinov.

"Yagona maktab formasi"

2018 yil 15 avgustida O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi tomonidan "Davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilarini zamonaviy yagona maktab formasi bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi 666-sonli qarori mamlakat ichkarisi va tashqarisida ba’zi dindorlar e’tirozlariga sabab bo‘lgandi.

Ularning ishonishicha, qiz bolalarning maktabga boshi o‘rangan holda borishiga izn bermaydigan mazkur qaror diniy erkinliklarni cheklashga qaratilgandir.

2018/2019 o‘quv yilidan boshlab o‘quvchilarning davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasasiga tasdiqlangan shakllardagi maktab formasida kelishlari ixtiyoriy, 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab esa majburiyligi belgilangan.

Erkak doyalar va fitnakor matbuot

Rahmatulloh Sayfuddinov matbuotda o‘zining bahsli chiqishlari bilan yaxshi tanilgan.

2017 yil ​31 mart kungi juma va’zida erkaklar doyalik qilishi "sharmandalik" va bunga chek qo‘yish kerak, degan chaqirig‘i ijtimoiy tarmoqda va turli saytlarda ziddiyatli fikrlarga sabab bo‘lgandi.

Oradan bir hafta o‘tib Rahmatulloh Sayfuddinov erkaklarning doyalik qilishiga qarshi ma’ruzasi matbuotda "noto‘g‘ri talqin" etilayotganini aytib, ayrim axborot vositalarini fitnakorlikda aybladi.

2017 yil, 7 aprel kungi juma va’zida Yunusobod imomi o‘z ma’ruzasining "erkaklar ginekologiya bilan umuman shug‘ullanmasin"¸ degan ma’noda talqin etilishini "yanglish", deb baholagan edi:

- Biz doyalik haqida ma’ruza qilgan edik. Aslida, bu ma’ruzani ko‘pchilik tushunmadi. Qiz bolani doyalikka o‘qitish kerak. Ayollarga ayol kishi doya bo‘lishi kerak, erkak kishi bo‘lishi mumkin emas. Erkak kishini erkak doktor, ayol kishini ayol doktor ko‘rmog‘i - bu mening talabim emas bu, shariatimizning talabi bu.

Yunusobod tumani imom-xatibi bu haqda xabar bergan Ozodlik, Bi-Bi-Si va "Amerika ovozi" radiolarini fitnakorlikda ayblagan edi:

- Fitna qilishyapti. "O‘zbek imomi doya erkaklardan voz kechaylik", degan mazmunda fitna kabi savollarni tashlab odamlarni fikrini bilishga… johillarga shu narsani tashlashyapti. Hatto rus tilli qavm orasiga mening ma’ruzamni qo‘yishib, fikrlaring nima deyapti. Bu rus tillilarga tegishli emas bu gap.

XS
SM
MD
LG