Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 22:28

Yig‘ilish qatnashchilari: Muftiy Prezidentga murojaat qilgan imomni noshukurlikda aybladi


Usmonxon Alimov
Usmonxon Alimov

12 sentabrda O‘zbekiston musulmonlari idorasida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida muftiy Usmonxon Alimov mamlakatdagi diniy vaziyatdan shikoyat qilgan Toshkentdagi “Omina” masjidining sobiq imomi Fazliddin Parpievni noshukurlikda aybladi, deb xabar qildi majlisda qatnashgan ikki imom bir-biridan mustaqil ravishda.

32 yashar Fazliddin Parpiev 7 sentabr kuni prezident Mirziyoevga vidoemurojaat bilan chiqib, O‘zbekiston huquq-tartibot organlarini fuqarolarining diniy erkinliklarini poymol etayotganlikda ayblagan va bir kun o‘tib ishdan haydalgan edi.

Imomlarning Ozodlikka aytishicha, Diniy idoraning yig‘ilishda chiqish qilgan boshqa vakillari ham Usmonxon Alimov fikrlarini qo‘llab-quvvatlagan.

O‘zbekiston imom-xatiblari ishtirokida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida qatnashganlardan yana biri tomonidan yashirincha yozib olingan audiofayl Ozodlikka 13 sentabr oqshomida kelib tushdi.

"Munofiq imom, o‘zingni bos!"

Audioda videoselektorga raislik qilgan muftiy Usmonxon Alimovniki ekanligi aytilayotgan ovoz egasi mamlakat imomlari ichida munofiqlari borligini aytadi:

"Ichimizda o‘tirganlardan munofiqlari bor. Munofiq imom, o‘zingni bos. O‘zingni bos, biror baloga uchramagin. Bizdan voz kechgin, hozir ham kech emas. Ichimizda o‘tirib olib, odamlarning, imomlarning, idoramiz ustidan kulishing hech narsaga olib kelmaydigan ish bu"..

Fazliddin Parpievning prezidentga qilgan shikoyatini tanqid qilgan ovoz egasi uni "noshukur"likda ayblaydi va bunday imomlardan o‘z joylarini bo‘shatib qo‘yishni so‘raydi:

"Minbardan chayonni chiqarib emas, ziyoni chiqarib ishlaydigan bo‘lsang ishla! Ishlamaydigan bo‘lsang, katta yo‘l, marhamat! Yurtimizda bo‘layotgan bunaqangi katta davlatning berayotgan e’tiboriga noshukurlik bilan qaramagin. Qaraysanmi, marhamat joyingni bo‘shatib qo‘ygin".

"Omina" jome masjidining sobiq imomi Fazliddin Parpiev o‘zining so‘nggi xutbasida soqol va hijob borasida musulmonlarga bo‘layotgan tazyiqlarni qoralagan, xutbadan biroz avval esa, vijdon erkinligini ta’minlashda yordam so‘rab, prezident Mirziyoevga videomurojaat qilgandi.

Bu chiqishidan bir kun o‘tib Fazliddin Parpiev ishdan olindi.

Bu holat esa, muftiy Usmonxon Alimovniki, deb ishonilayotgan ovoz egasiga ko‘ra, boshqalarga "saboq" bo‘lishi kerak:

"Nega tuman bosh imom-xatibiga, shahar bosh imomiga murojaat qilmagan, nega O‘zbekiston musulmonlari idorasiga chiqmagan? Bu holat boshqalarga saboq bo‘lsin. Har oyda viloyat bosh imom xatibi tuman, shahar bosh imomlarini tergab tursin. Yozib olinglar buni. Karvon ketaveradi, odamlar akillab qolaveradi".

"5 mingtamiz-ku axir!"

Audiofaylni Ozodlikka yuborganlarning aytishicha, unda videoselektorda chiqish qilgan Toshkent shahar, Yunusobod tumani bosh imom-xatibi Rahmatulloh Sayfutdinovning ham ovozi bor.

O‘tgan juma kuni ro‘mol haqidagi fikrlariga qarshi chiqqanlarni "paxta terimiga" chiqarmoqchi bo‘lgan Rahmatullo Sayfutdinovniki, deb iddao qilinayotgan ovoz egasi sobiq hamkasbi Fazliddin Parpievni "xatoga yo‘l qo‘ydi" deb ayblaydi:

"Jaydari gap bilan aytadigan bo‘lsak, imomlikni ko‘tara olmadi. Ishlaganiga 1 oy bo‘lmasdan turib, butun respublika imomlari nomidan gapirib katta xatoga yo‘l qo‘ydi".

Ovoz egasi ijtimoiy tarmoqda diniy idora va alohida imomlarga qarshi tanqidiy fikrlar va "tahdidlar" ko‘payib borayotgani va bunday tahdidlarga qarshi bir bo‘lib kurashishga chaqiradi.

"Ijtimoiy tarmoqdagi barcha, g‘arazli fikr bildiruvchilar soni, adadi sanoqlik. 10 ta 20 tadan oshmaydi. Ammo bizning sonimiz 5000 ta deyapmiz. Nima uchun ijtimoiy tarmoqdagi g‘araz fikr egalari, bizning rahbarimizni yoki bizning muftiy hazratimizni yoki biror bir imomni xohlagancha tahdid qilsa, biror bir imom fikr bildirmaydi. 5 mingtamiz-ku axir. Nimaga?!"

Ozodlik audiofayl mazmuni yuzasidan paydo bo‘lgan savollarini berish uchun O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan kun davomida bog‘lanishga harakat qildi, lekin idoraning telefonlarini ko‘targan xodimlar savolni eshitdilaru javob bermadilar.

XS
SM
MD
LG