Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:04

Sherzod Qudratxo‘jaev: "Idi v svoyu Rossiyu", degan gap lug‘atimda yo‘q (VIDEO)


Sherzod Qudratxo‘jaev
Sherzod Qudratxo‘jaev

"Idi v Rossiyu" degan gap so‘z lug‘atimda yo‘q. O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori, Xalqaro press-klub boshlig‘i Sherzod Qudratxo‘jaev o‘zi va rusiyzabon ayol o‘rtasida bo‘lib o‘tgan dahanaki janjalni izohlar ekan, shunday bayonot berdi.

O‘tgan hafta so‘ngida Facobookda tarqalgan videotasvirda aks etgan mazkur janjal o‘zbekistonlik yuzerlar o‘rtasida qizg‘in va ehtirosli bahslarni keltirib chiqardi.

Sherzod Qudratxo‘jaev hodisani "axborot hujumi" deb atadi va ayni hodisani dars paytida o‘z talabalari bilan birga ko‘rib chiqishga va’da berdi.

"Davlat tilida gapiring"

Facebookda tarqalgan videoda o‘rta yoshdagi rusiyzabon ayol bilan Sherzod Qudratxo‘jaev o‘rtasidagi janjalning, uning aytishicha, bir qismi tasvirlangan.

Video aftidan oldinroq boshlangan dahanaki tortishuvning quyidagi nuqtasidan yozib olingan:

Ayol (rus tilida): Bu mening vatanim, men bu yerda tug‘ilganman. Tushunasizmi?"

Qudratxo‘jaev (rus tilida): O‘zbek tilida gapiring. Tushundingizmi? Va bizga boshqa tilda gapirishni o‘rgatmang....

Ayol ( rus tilida) Men aytayotganim yo‘q. Men sizdan, shunchaki, rus tilida gapiring, deb so‘radim.

Qudratxo‘jaev (o‘zbek tilida): Uyatsiz! Basharang qursin sani!

Shu joyda tortishuvga harbiy libosdagi erkak kishi aralashadi va ayolga qarab rus tilida: "Grajdanka, tinchlaning," deydi.

Ayol harbiyga qarab (rus tilida): U hozir meni... Eshitmadingizmi, u milliy masalani ko‘tardi!

Qudratxo‘jaev (o‘zbek tilida): O‘zbekning nonini, o‘zbekning nonini 70 yildan beri yeydi.

Ayol (rus tilida): U menga "O‘zingni Rossiyanga jo‘na", deb aytdi.

Harbiy kishi (rus tilida): U bu gapni aytgani yo‘q.

Ayol Qudratxo‘jaevga qarab (rus tilida): Siz men o‘zimni mamlakatimdaman, deb aytdingiz. Men ham "men ham o‘z mamlakatimdaman," dedim.

Qudratxo‘jaev (rus tilida): Ha nima?! Yashayapsanmi, o‘zbek tilida gapir!

Ayol (rus tilida): Birinchidan, sizlab gapiring. Birinchidan, sizlab gapiring!

Qudratxo‘jaev (rus tilida): 40 yil, qancha yildan beri, 60 yildan beri o‘zbek nonini yeysan!

Ayol (rus tilida): Birinchidan, sizlab gapiring.

Qudratxo‘jaev (o‘zbek tilida): Uyat! Uyat! Uyat!!

Ayol (rus tilida): Mening ota-onam bu yerda tug‘ilgan!

Qudratxo‘jaev (o‘zbek tilida): Uyat! Uyat!! (rus tilida) Unda o‘zbek tilida gapir!

Ayol (rus tilida): Mening buvim shu yerda tug‘ilgan, mening onam shu yerda tug‘ilgan!

Qudratxo‘jaev (o‘zbek tilida): Uyat!

Boshqa ayol tortishuvga qo‘shiladi va Qudratxo‘jaevga qarab o‘zbek tilida:

Jurnalist o‘rtoq, (rus tilida) Uyat! Uyat!!

Qudratxo‘jaev (o‘zbek tilida): Uyat! Sizga uyat!!

Ikkinchi ayol (rus tilida): Eshitayapsizmi, uyat!

Qudratxo‘jaev (o‘zbek tilida): Hoy, men o‘zbek tilida gapiryapman!

Birinchi ayol (rus tilida): Nima men o‘z mamlakatimda yashamayapmanmi?

Qudratxo‘jaev (ikkinchi ayolga qarab, o‘zbek tilida): Siz uyatsiz! He, uyatsizlar!!

Ikkinchi ayol (rus tilida): Siz birinchi navbatda! (O‘zbek tilida) Birinchi bo‘lib, sizga uyat!

Birinchi ayol (rus tilida): U menga "O‘zingni Rossiyangga ket," dedi.

Ikkinchi ayol (rus tilida): Xullas, Rossiya elchixonasiga murojaat qilish kerak!

Harbiy kishi (rus tilida): U bu gapni aytgani yo‘q.

Ikkinchi ayol (rus tilida): Qo‘ysangizchi! Qo‘ysangizchi! Siz menga hozir yolg‘on gapirayapsiz!

"Axborot hujumi"

Feysbukdagi sahifasi orqali rus tilida videomurojaat bilan chiqqan Sherzod Qudratxo‘jaev hodisani "axborot hujumi" deb baholadi:

- Bu hodisa 40 kuncha oldin yuz berdi. Havo chidab bo‘lmas darajada issiq edi va universitet o‘ngida ta’mirlash ishlari olib borilayotgan edi. Asfalt olib tashlangandi. Bir necha ayol hokimiyat vakillari bilan janjallashayotgan edi. Buni ko‘rib, men ularga yaqinlashdim va, ayollar tarafini olib, ishchilarga noto‘g‘ri ish qilganliklarini tushuntira boshladim. Shu payt ayollardan biri yonimga yugurib keldi va qo‘lini yuzimga yaqin keltirib, baland ovozda rus tilida gapirishimni talab qila boshladi, – deya ta’kidladi Qudratxo‘jaev.

O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining rektori "O‘z Rossiyanga ket", degan gapni aytmaganini, bunday gap uning lug‘atida umuman yo‘qligini bildirdi.

Ammo, Sherzod Qudratxo‘jaev ayol uni qo‘pol gapirishga majburlaganini va uning ig‘vosiga uchganini aytdi.

Qudratxo‘jaev bunday qilishi kerak emasligini tan oldi.

Uning ilova qilishicha, Facebookdagi ba’zi guruhlarning bu dahanaki janjalning deyarli 40 kun o‘tib tarqatishdan maqsad "o‘z reytingini ko‘tarish"dir:

- O‘zbekistonga xolis jurnalistlar kerak. Bunday shov-shuv hisobiga o‘z reytingini ko‘tarish va yangi a’zolarni ko‘paytirishni ko‘zlagan trollardir. Men hukm chiqarmoqchi emasman. Xudoning o‘zi hammamizga hakamlik qiladi, – deya o‘z bayonotiga nuqta qo‘ydi Qudratxo‘jaev.

Qonun nima deydi?

O‘zbekistonda 1989 yil oktyabrida qabul qilingan qonunga ko‘ra, o‘zbek tili davlat tili maqomiga ega.

Ammo, ushbu qonunning ikkinchi moddasiga ko‘ra, "o‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi respublika hududida yashovchi millat va elatlarning o‘z ona tilini qo‘llashdan iborat konstitutsiyaviy huquqlariga monelik qilmaydi".

Ayni qonunning 4-moddasida esa O‘zbekistonda yashovchi millatlar va elatlarning tillarni "rivojlantirish uchun shart-sharoit yaratiladi".

Qonunning 24-moddasida "davlat tiliga yoki boshqa tillarga mensimay yoki xusumat bilan qarash taqiqlangan"i ta’kidlangan.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 42- moddasida mamlakatda yashovchi "boshqa millatlar va elatlarning tillarini mensimaslik - eng kam ish haqining bir baravaridan ikki baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi," deyilgan.

"Milliy adovat"mi yoki "adolat"?

Taniqli jurnalist va ayol o‘rtasidagi tortishuv o‘tgan hafta so‘ngida Facobook foydalanuvchilari o‘rtasida qizg‘in va ehtirosli bahslarni keltirib chiqardi.

O‘zbekistonlik taniqli bloger Murat Sarsenov, o‘z ta’birida, "mamlakatdagi bosh jurnalist" Qudratxo‘jaevni millatlaro adovat qo‘zg‘atishda ayblagan.

"O‘zbekistonda har bir o‘zbek tilida gapiruvchi shaxs o‘zini shunday tutishini tasavvur qilaylik. Menda bir savol bor: Qudratxo‘jaev va IIBning konstituttsiyaga baland qo‘rg‘ondan turib tupurib qo‘ygani tushunarli. Ammo, nahotki, bunday qilish mumkin deganini anglatsa? Xalq, bu millatlararo adovat qo‘zg‘atishdir," deb yozadi Murat Sarsenov.

Frantsiyadan tahlilchi Kamoliddin Rabbimovning ishonishicha, Sherzod Qudratxo‘jaevning rusiyzabon ayoldan o‘zbek tilida gapirishni talab qilgani “to‘ppa-to‘g‘ri”dir.

"Har qanday O‘zbekistonda yashayotgan xorijlik, o‘zbek tilini yarim-bir yilda o‘rganadi. Lekin ikkinchi-uchinchi avlod yashayotgan rusiyzabonlar, o‘zbek tilini o‘rganmaydi. Sababi - imperialistik psixologiya: "men seni tilingni o‘rganmayman, noloyiqsan! Sen meni tilimni o‘rganasan va meni tilimda gapirasan!", deya xulosa bildiradi Kamoliddin Rabbimov.

Jamiyatshunos Rafael Sattorov esa Sherzod Qudratxo‘jaevning o‘zidan katta yoshdagi ayolga qilgan munosabatidan taajjubga tushganini yashirmaydi.

"Inson katta yoshdagi odamlar bilan qo‘pol ohangda kalondimog‘lik bilan gaplashayapti. O‘zini olqindiga o‘xshab tutayapti, boshqalar esa unda o‘zbek tili himoyachisini ko‘rmoqda. Tovba!"

Jurnalist Shuhrat Shokirjonovning ishonishicha, bo‘lib o‘tgan janjalda "Qudratxo‘jaev haq"

"O‘zbekcha gapir desang, "Rossiyamga ket demoqchimisan?" deydi hozir. Yana shu yurt maniki deb ham qo‘yishadi. O‘zi opredelitsya qilishsin qaysi yurtni odami ekanligini avval unaqalar.Ne poluchitsya, jo‘ra. Chunki Qudratxo‘jaev haq!" deb yozadi Shuhrat Shokirjonov.

XS
SM
MD
LG