Линклар

Шошилинч хабар
25 январ 2021, Тошкент вақти: 22:35

Rauf Parfi yubileyi taqiqlanishi ortidan ziyolilar Internetda parfimania kampaniyasini boshladi


Shoir Rauf Parfi

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasida 25 sentabrga rejalangan Rauf Parfining 75 yilligi tadbirining taqiqlanishi ortidan facebook ijtimoiy tarmog‘ida shoirning muxlislari #parfimaniya xeshtegi ostida aksiya boshladi.

O‘zbekiston xalq shoiri Xurshid Davron facebook dagi o‘z sahifasida «25 sentabr kuni emas, taqiqlangan Rauf Parfi she’riyati bilan uchrashuvni bugun boshlaymiz. Pastdagi audioda ustoz shoir abadiyatdan sizga murojaat qilmoqda», deb yozdi va Rauf Parfi ovozi ëzilgan audiofaylni ilova qildi.

Bu tadbirni qo‘llagan shoir, Rauf Parfi asarlarini ingliz tiliga tarjima qilgan tarjimon A’zam Obid facebookdagi o‘z sahifasida Rauf Parfi muxlislarini faolllikka chorladi:

«Rauf Parfiga bag‘ishlangan xotira-adabiy kecha qoldirildi, degani, taqiqlandi, degani emas. O‘zi allaqachon adabiy tadbirlarni mustaqil tashkillashtirish yo‘liga o‘tishimiz kerak edi! O‘zimiz bo‘shmiz! Hukumatga qarashli koshonalar bag‘rikenglik qilib joy bermasa, boshqa joy qolmabdimi? Qancha uy-muzeylarimiz huvillab yotibdi, boshqa erkinroq, yaxshiroq joylaram bor. O‘tgan ulug‘ ijodkorlarni xotirlash yaxshi, ammo ularning ibratli ishlarini davom ettirish, oilasiga, shogirdlariga yordam qilish, duolarda eslash savobliroq ekanini unutmaylik. Atrofimizdagi hayot ulug‘larimizniyam ko‘ra bilsak, oxiratga kuzatgachgina aziz qilib yurmasak yaxshi. Adabiyot erkinlik degani, erkin tadbirlar, tashabbuskorlar ko‘paysin! Sezyapsizmi, bizga mustaqil adabiy tadbir koordinatorlari yetishmayotgani aniq sezilyapti? Faolroq bo‘laylik, behuda tortishuvlar emas, aniq yechimlar, jiddiy takliflar kerak, do‘stlarim! Bo‘shashmaylik!»

Ijtimoiy tarmoqda boshlangan kampaniyani faol qo‘llagan shoir Muhammad Ismoil #parfimaniya xeshtegi ostida esdaliklarini e’lon qilar ekan, "Agar men o‘lganimda bu dunyoga kelib nimani ko‘rding deyishsa¸ men Rauf Parfini ko‘rganman", deb aytishini yozdi.

Ijtimoiy tarmoqdagi bu tadbirda «Ferganskaya pravda» gazetasi bosh muharriri Gulbahor Said G‘ani¸ jurnalistlar Paxlavon Sodiq¸ Qudrat Bobojon va Qudbiddin Muhidddinovlar faollik qilmoqda.

Tarmoqdagi ayni tadbir tashkilotchilaridan biri Jonuzoq Halilning Ozodlikka aytishicha, #parfimaniya xeshtegi doirasida Rauf Parfining hozir AQShda istiqomat qiladigan do‘sti, taniqli haykaltarosh Omon Aziz ham o‘z esdaliklarini e’lon qilishni boshlagan.

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida O‘zbekiston xalq shoiri Rauf Parfi tug‘ilgan kunning 75 yilligiga bag‘ishlab 25 sentabrga rejalangan “Turkiy dunyoning g‘olib xayoli” deb nomlangan tadbirni o‘tkazish taqiqlab qo‘yilgani haqida kutubxona matbuot hizmati vakili 19 sentabr kuni Ozodlikka bildirgan edi.

Rasmiylar javobi

O‘zbekiston madaniyat vazirligi matbuot xizmati boshlig‘i Mavluda Asqarxo‘jaevaning 20 sentabr kuni Ozodlikka bildirishicha, «yubiley tadbiri boshqa kunga ko‘chirilgan»:

- Rauf Parfining tug‘ilgan kuniga atalib 27 sentabr kuni tadbir bo‘lishi kutilgan edi, ammo qoldirildi. Chunki shoirning katta kitobi nashr etilyapti ekan, shuning uchun vaqti bir oz muddatga surilar ekan, katta tadbir kitob prezentatsiyasi bilan birga bo‘lar ekan.

Shoir Rauf Parfi tirik bo‘lganida 27 sentabr kuni 75 yoshga to‘lgan bo‘lar edi.

O‘zbekiston xalq shoiri Rauf Parfining tavvalud kunini nishonlash O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov 2018 yil 17 yanvarda imzolagan 01-07-1-3356 raqamli rejaga ko‘ra¸ Milliy kutubxonaning 150 kishilik zalida o‘tkazilishi kerak edi.

Ozodlikda nusxasi mavjud bo‘lgan bu hujjatda tadbir tashkilotchi sifatida Madaniyat vazirligi va Milliy kutubxona ko‘rsatilgan.

Turkiy dunyoning atoqli ijodkori deya e’tirof qilingan Rauf Parfi 2005 yili Toshkentda vafot etgan edi.

Eslatib o‘tamiz, shu kunlarda yubileyu tadbirlariga taqiq qo‘yilgan Rauf Parfininig bundan 5 yil oldin 70 yillik tavalludi munosabati bilan Toshkentda o‘tkazilishi lozim bo‘lgan barcha tadbirlar bekor qilingan, bunga “yuqorining buyrug‘i” sabab bo‘lgani aytilgandi.

XS
SM
MD
LG