Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:17

Mirziyoev Tursunzodadagi o‘zbek bog‘bonlariga Captiva sovg‘a qildi


27 sentabrda O‘zbekiston va Tojikiston prezidentlari Dushanbe shahrida buyuk o‘zbek shoiri Alisher Navoiy nomi berilgan bog‘ning ochilish marosimida ishtirok etdilar.

“Nizomiddin Alisher Navoiy” bog‘i maydoni¸ aytilishicha¸ 2,23 gektarni tashkil etadi.

Yangi bog‘da tojik va o‘zbek xalqlari do‘stligi ramzi sifatida o‘rnatilgan Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy haykalining ochilishi bo‘lib o‘tdi.

Kunning birinchi yarmida Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon MDH Davlatlari rahbarlarining kengash majlisida ishtirok etish maqsadida Dushanbega kelgan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev bilan muloqot qildi.

Tojikiston prezidenti matbuot markazining xabar berishicha, ikki qo‘shni davlat rahbarlari uchrashuvida ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirishga oid masalalar muhokama qilingan.

Muloqotda qisqa muddat ichida Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi muammolar hal bo‘lgani va ikki davlat orasida siyosiy, iqtisodiy va madaniy hamkorliklar tobora rivojlanib borayotgani ta’kidlandi.

Ikki davlat rahbarlari Tojikiston shimolidagi Zarafshon daryosida O‘zbekiston bilan birga ikki gidroelektrostantsiya qurish va O‘zbekistondagi mashhur “Artel” shirkati bilan Tojikistonda qo‘shma korxonalar bunyod etish tojik va o‘zbek xalqlari manfaatlariga xizmat qilishini ta’kidladilar.

O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmatiga ko‘ra¸ Shavkat Mirziyoev Rahmon hamrohligida Tursunzoda tumanidagi “Bog‘i somon” dehqon xo‘jaligiga borgan va bu yerda asli oltiariqlik uzumchi fermer Kamol hoji Madumarovga O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan Captiva avtomashinasini sovg‘a qilgan.

Ayni tumandagi «Vatan» dehqon xo‘jaligiga ham borgan Toshkent rahbari, fermer Ne’mat hoji Usmonovga ham avtomashina sovg‘a qilgan.

Bu prezident Shavkat Mirziyoevning joriy yilda Tojikistonga qilayotgan ikkinchi tashrifidir.

Mart oyida Mirziyoevning davlat tashrifi chog‘ida ikki davlat o‘rtasida O‘zbekiston – Tojikiston davlat chegarasining alohida uchastkalari to‘g‘risida shartnoma, Fuqarolarning o‘zaro qatnovi to‘g‘risidagi bitim, shuningdek, turli sohalarda hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashga qaratilgan jami 27 hujjat imzolangan edi.

Jumladan, fuqarolar bordi-keldisi uchun 30 kungacha vizasiz tartib joriy etildi. Shuningdek, prezident Mirziyoev O‘zbekiston Tojikistonning energetika sohasida, jumladan, Rog‘un GESi qurilishida ishtirok etishini aytgan edi.

XS
SM
MD
LG