Линклар

Шошилинч хабар
28 январ 2021, Тошкент вақти: 03:31

OzodDayjest: Aravakash yigit sud ijrochilari ko‘z o‘ngida xotini va qaynsinglisini o‘ldirdi


Illyustrativ surat.

O‘zbekistonda so‘nggi 5 yilda o‘lim ko‘rsatkichi 10,3 foizga oshdi. Chirchiqda yaqinlarini o‘ldirgan surxondaryolik yigit uzoq yilga ozodlikdan mahrum etildi. Qashqadaryoda chaqaloq o‘limi holatini huquq idoralari o‘rganmoqda.

_____________________________________________________________

O‘zbekistonda ayollar erkaklardan ko‘proq yashamoqda

O‘tgan 5 yil davomida O‘zbekistonda o‘lim ko‘rsatkichi 10,3 foizga (bunda erkaklar o‘limi 11,3 foizga, ayollar o‘limi esa 9,2 foizga) o‘sgan. Mazkur raqamlar “Oila” ilmiy amaliy markazi tomonidan matbuot nashrlariga taqdim etilgan. Markaz tadqiqotlariga ko‘ra, mamlakatda erkaklarning umr ko‘rish davomiyligi 2017 yilda 71,3 yosh, ayollarniki esa 76,1 yoshni tashkil etgan, ya’ni erkaklar ayollarga qaraganda 3-5 yil kam yashamoqda. Har ikkala jins vakillarining umr davomiyligi eng past ko‘rsatkichi Sirdaryo viloyatida qayd etilgan: erkaklar – 68,5 yosh, ayollar – 72,6 yosh. Ma’lum bo‘lishicha, 2017 yilda mamlakat bo‘yicha 715,5 ming chaqaloq tug‘ilgan bo‘lsa, 160,7 ming kishi vafot etgan. Shu tariqa aholining tabiiy o‘sishi 554,8 ming nafarni tashkil qilgan. O‘tgan yili respublikada 306 ming nikoh tuzilgan bo‘lsa, 31,9 ming ajrim qayd etilgan.

Chirchiqda xotini va qaynsinglisini o‘ldirgan yigit 24 yilga qamaldi

Asli surxondaryolik yigit Chirchiq shahrida mudhish qotillikka qo‘l urdi (“Huquq”, 2018 yil 39-son). 28 yoshli yigit uylangach, tayinli hunari yo‘qligi bois Surxondaryodan Chirchiqqa kelib, shahar dehqon bozorida aravakashlik qila boshlagan. Ammo yo‘qchilik, turmush “musht”lari sabab yigit va uning xotini orasiga sovuqchilik tushgan. Pirovardida ayol eri bilan ajrashish va o‘ziga tegishli mol-mulkni qaytarishni so‘rab sudga murojaat qilgan. Sud qarori chiqqach, ayol singlisi hamda sud ijrochilari hamrohligida mol-mulk xatlovi uchun erinikiga kelgan. Xatlov jarayonida ayol ayrim buyumlar eskirganini aytib, eridan yangisini olib berishni talab qilgan. Jahl otiga mingan aravakash yigit sud ijrochilari ko‘z o‘ngida xotini va qaynsinglisini chavaqlab o‘ldirgan. Bosh prokuratura vakili Begzod Latipovga ko‘ra, “arzimagan buyumlarni deb” ikki insonni o‘ldirgan yigit 24 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Qashqadaryoda chaqaloq o‘limi holatini huquq idoralari o‘rganmoqda

Qashqadaryo viloyati Qarshi shahri tug‘ruqxonasida Fotima Rasulovaning chaqalog‘i nobud bo‘ldi. F.Rasulovaning onasi Xurshida G‘aybieva bu holat yuzasidan “Jamiyat” gazetasiga arz qilgan. X.G‘aybievaning hikoya qilishicha, qizining homilasi o‘ninchi oyga qarab ketayotgani va qornida kuchli og‘riq paydo bo‘lgani bois uni Qarshi shahri tug‘ruqxonasiga olib borgan. Shifokorlardan chaqaloqni jarrohlik yo‘li bilan dunyoga keltirishni iltimos qilgan. Ammo shifokorlar buni rad etib, qiynoq (qorin sohasini bosish) yo‘li bilan bolani dunyoga keltirishga uringan. X.G‘aybieva dorixonaga chiqqan paytda chaqaloq nobud bo‘lgan. Shifokorlar unga nabirasi bir haftacha avval ona qornida o‘lganini aytgan. Ammo X.G‘aybieva bu iddaoga ishonmayotir. Chunki ayni shu tug‘ruqxona shifokorlari tug‘ruq kuniga qadar qizini bir necha marta tekshirib, bola ona qornida sog‘lom rivojlanmoqda, deya xulosa bergan. Qayd etilishicha, ushbu holatni huquq idoralariga o‘rganmoqda. Qarshi shahri tug‘ruqxonasi bosh shifokori Salima Ochilova ekspertiza xulosasi 20 kundan keyin chiqishini ma’lum qilgan.

XS
SM
MD
LG