Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 02:51

Eron oliy rahbari hijobni jinsiy tajovuzdan saqlovchi vosita deb atadi


Tehronlik ayollar. 2018 yil, 7 fevralda olingan surat.
Tehronlik ayollar. 2018 yil, 7 fevralda olingan surat.

Eron oliy rahbari oyatulloh Ali Xamenei jamiyatda jinsiy tenglik o‘rnatish ayollarga qarshi kamsituvchi qonunlar qo‘llanishiga sabab bo‘ladi, deb hisoblaydi.

U#MenHam (#MeToo) global harakatining bir yilligi munosabati bilan fikr bildirar ekan, qat’iy islomiy kiyim ayollar G‘arbda duch kelayotgan muammolarga yechim ekanini aytdi.

Ayni fikr Eronda ayollar va ularni himoya qilib chiqqan huquqshunoslarning mamlakatdagi kiyinish tartibiga qarshi ochiqcha norozilik bildirgani uchun jazolangani tanqid qilinayotgani ortidan yangradi. Joriy haftada balog‘at yoshiga yetmay turib erga berilgan juvonga o‘lim jazosi berilgani ham tanqid qilinmoqda. U ko‘p yillik oilaviy zo‘ravonlik joniga tekkani uchun erini pichoqlab o‘ldirgan edi.

“Bu G‘arb ayollariga nisbatan son-sanoqsiz tajovuz, jumladan, #MeToo kampaniyasiga sabab bo‘lgan noxush voqealar va ularni hal etish uchun islomning taklifidir”, ‒ dedi Xamenei Tvitterda va videotasvirda.

O‘sha videoda u g‘arblik ayollar jinsiy zo‘ravonlik yoki shafqatsiz munosabatni boshidan kechirgani haqida fikr bildiradi va bunday zo‘ravonlikni qoralaydi.

Videoda Xameneining mart oyida qilgan ma’ruzasidan parchalar ham keltiriladi. O‘sha nutqida u islomiy hijob ayollarga tegajog‘lik qilish va zo‘ravonlikning oldini olishini iddao qilgan edi.

‒ Eshitgan bo‘lsangiz kerak, bir necha oy oldin bir qancha g‘arblik ayol siyosatchilar birin-ketin davlat idoralarida ishlagan kezlar zo‘ravonlik yoki shilqimlikdan jabr ko‘rganini bildirdi, ‒ deydi Xamenei o‘sha videoda. ‒ Islom dini hijobni joriy qilish bilan bunday qonunbuzarliklar yo‘lini to‘sdi... Islom hijob yordamida bunga imkon bermaydi.

Videoda Xameneining ayollar va hijob haqidagi bayonotlari ham e’lon qilindi. Eron rahbariga ko‘ra, hijob ayollarga “immunitet” beradi va ularning “ qadr-qimmati va hurmati”ni oshiradi.

Raisini Xamenei tayinlagan Eron sudi 24 yashar juvonni o‘limga hukm qildi. Inson haqlarini himoya qiluvchi Amnesty International tashkilotiga ko‘ra, juvon 15 yoshida erga tekkandan so‘ng oiladagi zo‘ravonlik va jinsiy tajovuzdan jabr tortib kelgan.

O‘tgan yil oxiri va joriy yil boshida hijobni majburiy o‘rashga qarshi o‘nlab ayollar omma ko‘z o‘ngida misli ko‘rilmagan noroziliklar bildirdi. Ba’zilari hibsga olinib, qamoqqa tashlandi.

Eron hukumati inson haqlari bo‘yicha yetakchi advokat Nasrin So‘tudani ham qamoqqa tashladi. U hijobni majburiy o‘rashga qarshi norozilik belgisi sifatida ro‘molini yechgan ayrim ayollarni himoya qilib chiqqan edi.

Joriy yil boshida jamoatchilik g‘azabini qo‘zg‘atgan nochor iqtisodiy sharoit bilan boshqa noroziliklar ham Eronni larzaga soldi hamda 1979 yilgi inqilobdan beri majburiy bo‘lib kelgan hijob o‘rashga oid bahslarni qayta qo‘zg‘adi.

XS
SM
MD
LG