Линклар

Шошилинч хабар
19 январ 2021, Тошкент вақти: 10:44

Istanbulda kavkazlik va o‘rta osiyolik avtoritetlarning yirik sxodkasi bo‘lib o‘tdi


Lotu Guli laqabi bilan tanilgan Nadir Salifov.

Yakshanba, 7 oktabr kuni Istanbulning Fotih tumani, Oqsaroy mavzesida kavkazlik va o‘rta osiyolik kriminal avtoritetlar sxodkasi bo‘lib o‘tdi.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, jinoyat olamining o‘nlab vakillari ishtirokidagi yig‘inga Lotu Guli laqabli ozarbayjonlik "vor v zakone" Nadir Salifov raislik qilgan.

Yig‘indan bir kun o‘tib, Istanbul shahar politsiyasining uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash sho‘’basi xodimlari ozarbayjonlik 46 yashar Nadir Salifovni Istanbulda hibsga olgan.

Istanbuldagi sxodkaga kimlar keldi?

Sxodkada ishtirok etgan o‘zbekistonliklardan ikki nafari: bir kriminal avtoritet hamda jinoyat olamiga yaqin tadbirkorning Ozodlikka anonim tarzda ma’lum qilishlaricha, yig‘inda jinoyat olamining Kavkaz va Markaziy Osiyo mintaqalaridan bo‘lgan, hozirda Turkiyada istiqomat qilayotgan o‘nlab vakillari jam bo‘lgan.

"Guli (Nadir Salifov) Kavkaz va O‘rta Osiyodan borib Turkiyada yashab yurgan kriminal avtoritetlarning sxodkasini o‘tkazdi. Sxodkaga Guli bilan birga o‘n nafar “vor zakon” va qirqqa yaqin qo‘riqchilari keldi. O‘rta osiyoliklarga yig‘inda pogonyalosi (laqabi) Axtam Samarkandskiy bo‘lgan avtoritet boshchilik qildi. Istanbulda yashaydigan o‘zbekistonlik “ko‘chani bolalari”dan 100 ga yaqini qatnashdi. Qozog‘istonliklardan 30 ga yaqini, qirg‘izistonlik va tojikistonliklardan ellikka yaqin kriminal avtoritetlar yig‘ildi," – dedi sxodkada qatnashgan o‘zbekistonlik avtoritet.

Sxodkaning yana bir qatnashchisi - jinoyat olamiga yaqin o‘zbek tadbirkorining aytishicha, sobiq Sovet ittifoqidan bo‘lgan jinoyat olami vakillarining bunday yirik cxodkasi ilgarilari kuzatilmagan.

"Bunaqa katta sxodka Istanbulda ilgarilari hech kuzatilmagandi. Gulining yonida yuradigan o‘nga yaqin tanilgan o‘g‘rilar qatnashdi. Asosan, o‘zaro bahsli masalalarni qanday hal qilish zarurligi va ularni hal qilishda sudya roli kimga berilishi haqida gapirildi. Keyin obshchak mablag‘larini sarflash haqida ham gap bo‘ldi," - dedi o‘zbekistonlik tadbirkor.

O‘g‘riboshidan o‘zbek tadbirkoriga talab

Sxodka paytida jinoyat olamidagi masalalarni muhokama qilish bilan qatorda o‘zbekistonlik yirik tadbirkordan obshchak (jinoyat olami vakillari o‘rtasidagi o‘zaro yordam fondi – tahr.) mablag‘ini qaytarish talab qilingan.​

Ozodlik suhbatdoshlariga ko‘ra, Lotu Guli (Nadir Salifov) sxodka paytida 2010 yilda obshchak mablag‘idan 10 million dollar olib, O‘zbekistondan meva va sabzavot eksporti bilan shug‘ullangan tadbirkorga ayni mablag‘ni 2019 yil boshiga qadar obshchakka qaytarish shartini qo‘ygan.

(Ozodlik bu o‘zbekistonlik tadbirkorning shaxsiga oid ma’lumotga ega, ammo, xavfsizlik nuqtai nazaridan, uning ism-familiyasi jamoatchilikka oshkor etilmaydi)

Sxodka ishtirokchisining qo‘shimcha qilishicha, Lotu Guli agar obshchak mablag‘i qaytarilmasa, o‘zbekistonlik tadbirkor jinoyat olami qonunlariga ko‘ra, jazolanishi haqida ogohlantirgan.

"Guli obshchak mablag‘ini qaytarish masalasini o‘zbekistonlik vor v zakone Baxti Tashkentskiy bilan ham gaplashganini aytdi. Ayni masalada u va Baxti Tashkentskiyning fikrlari bir ekanini bildirdi," - dedi o‘zbekistonlik avtoritet.

Ayni paytda obshchak mablag‘ini qaytarishi shart bo‘lgan o‘zbekistonlik tadbirkorning yaqinlaridan biri uning o‘tgan hafta oxirida Moskvadan Toshkentga qaytib ketganini Ozodlika ma’lum qildi.

Lotu Guli ushlandi

Turk nashrlarining xabar berishicha, avtoritetlar sxodkasidan bir kun o‘tib, Lotu Guli (Nadir Salifov) 8 oktabr oqshomida Istanbul shahrida politsiyaning uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash sho‘’basi xodimlari tomonidan hibsga olingan.

Turkiyadagi eng yirik gazetalardan biri "Hurriet"ga ko‘ra, Lotu Guli (Nadir Salifov) suiqasd, narkotiklar kontrabandasi, tovlamachilik kabi qator jinoyatlarni sodir etishda gumon qilinib Istanbulning Vatan ko‘chasidagi politsiya bo‘limiga so‘roq uchun olib ketilgan.

Postsovet hududlaridagi eng nomdor kriminal avtoritetlardan biri sifatida tanilgan Lotu Guli 2017 yilda qotillik, qurol saqlash, narkotiklar savdosi va tovlamachilik ayblovlari bilan 22 yil qamoq jazosini o‘tagani ortidan ozod etilgandi.

XS
SM
MD
LG