Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 19:03

Ikkinchi xotinini “armatura” bilan urib mayib qilgan erni psixolog tekshiradi


Shohnigor Muzaffarova uni kaltaklagan "shar’iy eri" bilan avvaliga yaxshi yashagan.
Shohnigor Muzaffarova uni kaltaklagan "shar’iy eri" bilan avvaliga yaxshi yashagan.

17 oktabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Yaypan tuman sudida 30 yashar beshariqlik Shohnigor Muzaffarovaning burnini “armatura bilan urib sindirganlikda va noan’anaviy tarzda (oral) jinsiy aloqaga zo‘rlaganlik”da ayblanayotgan 33 yashar fuqaro, beshariqlik tadbirkor ustidan o‘tkazilayotgan sud jarayonining uchinchi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Bundan oldingi ikki majlis 5 va 11 oktabrda bo‘lgan edi.

Mahkamaning 17 oktabr kungi majlisida ayblanuvchining advokati qarshi da’vo bilan chiqib Shohnigor Muzaffarovani tuhmat va yolg‘on ko‘rsatma berishda ayblashni talab qilgan.

Ozodlik sud kotibi, jabrlanuvchi hamda sudlanuvchining advokati bilan suhbat va prokuratura ayblov xulosasi¸ sud tergov hujjatlari asosida yuz bergan voqeani o‘rgandi.

Ozodllik tasarufida nusxasi mavjud bo‘lgan Farg‘ona viloyat prokurori birinchi o‘rinbosari B. Ismoilov tasdiqlagan 304052 raqmli ayblov xulosasida “Jinoyat kodeksining 110-moddasi (Qiynash. Muttasil ravishda do‘pposlash yoki boshqacha harakatlar bilan qiynash) bilan ayblanayotgan shaxsga nisbatan qamoq extiyot chorasi” qo‘llangani aytiladi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yaypan tuman sudi kotibining 17 oktabr kuni Ozodlikka aytishicha, “Sud raisi 17 oktabr kungi majlisda ayblanuvchining zimmmasidan 138-modda.(Zo‘rlik ishlatib g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish) aybini olib tashlagan. Shuningdek jabrlanuvchi taraf advokati talabi bilan ayblanuvchi “Sadizmga moyilligini tekshirish uchun sud psixiatriya tekshiruvidan" o‘tkazilishi belgilangan.

Sud kotibining aytishicha¸ sudning keyingi majlisi 24 oktabrda bo‘ladi.

- Sudda ayblanuvchining 40 santimetrlik armatura bilan jabrlanuvchini urib, uni uch kun qamab qo‘ygani bo‘yicha isbot va dallillar ko‘rib chiqildi. Ayblanuvchining advokatlari bildirgan e’tirozlar tinglandi. Sud bugun hukm chiqarmadi. Keyingi majlis kelasi chorshanbada bo‘ladi¸ - dedi sud kotibi.

Bu Qo‘qonda bo‘lgan edi

Sud kotibining Ozodlikka aytib berishicha¸ joriy yil iyun oyida Qo‘qon shahar IIBsi xodimlari Ho‘qandiy ko‘chasida bir ayol uchinchi qavatdan tushib ketgani yuzasidan voqea joyiga borishgan:

- IIB xodimlari o‘sha ko‘chada beli sinib yotgan ayolni ko‘rishgan. Bu ayol uchinchi qavatdan pardalarni bir-biriga boylab osilib tushayotganda ip uzilib ketgan. IIB xodimlari bu ayol, ya’ni Shohnigor Muzaffarovaning beshariqlik erkak tomonidan kaltaklanib, uch kun davomida qamab qo‘yilganini aniqlab, ishni sudga oshirishdi.

Sudda jabrlanuvchi sifatida ishtirok etayotgan Shohnigor Muzaffarova Ozodlik bilan sud majlisidan keyin suhbat chog‘ida uni kaltaklab qamab qo‘ygan odamning ikkinchi xotini ekanligini aytib berdi:

- O‘sha kuni meni bo‘yimda bo‘lib qolganini bilib, dala joyga oborib suvga pishib urdi. Keyin birinchi xotinini chaqirib kelib¸ xotinimning oyog‘ini o‘p dedi. Men yo‘q desam armatura bilan urib majbur qilib kundoshimning oyog‘ini o‘ptirdi. Keyin urib burnimni sindirdi. Jarohati bitib ketsin, deb Qo‘qondagi kvartirasiga oborib ustimdan qulflab ketib qoldi. Pardalardan arqon eshib pastga tushmoqchi bo‘lganimda behosdan yiqilib belim sindi.

U “shar’iy xotin” edi

Ozodlik zo‘ravonlikda ayblanayotgan “er” manfaatini himoya qilayotgan huquqshunos bilan gaplashdi. Ismi efirda aytilishini istamagan huquqshunos “voqeani oddiy bezorilik” deb atadi:

- Birinchidan, A.A. (Aybsizlik prezumpsiyasiga ko‘ra ismi aytliaydi - tahr.) Shohnigor Muzaffarovaning shar’iy xotini. Unga Farg‘onadagi imom nikoh o‘qigan. Demak, bu er-xotin o‘rtasidagi maishiy janjal. Men tergovni olib borgan kapitan Madrahimovga buni tushuntirdimku?! Noan’anaviy tarzda (oral) jinsiy aloqaga zo‘rlaganlik masalasiga ham oydinlik kiritsam. Bu bo‘lgan¸ lekin kaltaklangan kuni emas. Oldin o‘zaro rozilik bilan qilgan.

Ozodlik qo‘lidagi mavjud bo‘lgan sud-tergov hujjatlarida Shohnigor Muzaffarovaning shar’iy xotin ekanligi aytiladi. Muzafarovaning o‘zi Ozodlik bilan suhbatda ularning nikohini Yaypan tumanidagi Qosimjon domla o‘qib qo‘yganligini aytib berdi.

O‘zbekiston prokuraturasi mulozimiga ko‘ra¸ "shar’iy nikoh atamasi hech bir huquqiy maqomga ega emas va O‘zbekiston qonunchiligida shar’iy nikoh tushunchasi yuq".

Ayni paytda ayblanuvchining advokati o‘z himoya liniyasini «er-xotin janjali» degan format ustiga qurganligini ta’kidladi.

Advokat o‘z mijozining aybsiz ekanligini urg‘ulab, unga tuhmat qilgan Muzaffarovaning o‘zini jazoga tortish kerak deb hisoblaydi:

- Men Shohnigor Muzaffarovani JKning 139- moddasi (Tuhmat) va 128-moddasi (Yolg‘on ko‘rsatma berish) bo‘yicha ayblash haqida taklif kiritdim. Muzaffarova keyingi sud majlisida jabrlanuvchidan ayblanuvchiga aylanishiga va mening mijozim qamoqdan ozod bo‘lishiga ishonaman.

"Kechirmayman"

Shohnigor Muzaffarova 17 oktabr kungi sud majlisidan keyin ozodlik bilan suhbatda o‘zini kaltaklagan “zolim er jazolanishi kerak” deb hisoblaydi.

- Uni kechirmayman. Ikkiqat paytimda meni urib kaltaklab xor qilgani uchun ham kechirmayman, dedi olti oylik homilador ekanligini ta’kidlagan Shohnigor Muzaffarova.

Beshariq tuman hokimining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Gulchehra Yuldashevaning yordamchisi Ozodlik bilan suhbatda «kaltaklangan» Shohnigor Muzaffarova ishi hokim o‘rinbosarining nazoratida ekanligini bildirdi.

Ozodlik «kaltaklangan ikkinchi xotin» bilan bog‘liq sud jarayonini kuzatishda davom etadi.

XS
SM
MD
LG