Линклар

Шошилинч хабар
24 январ 2021, Тошкент вақти: 17:38

Paxta terishga chiqarilgan jurnalistni yuk mashinasi urib ketdi


"Andijonnoma" gazetasida paxta yig‘im terimi targ‘ibot qilinadi.

Andijon viloyat, Qo‘rg‘ontepa tumanida paxta terimida yurgan paytda mashina urib yuborgan 24 yashar jurnalist Saidjahon Xoldorovning ahvoli o‘ta og‘ir, u tuman Markaziy kasalxonasi jonlantirish bo‘limida qolmoqda.

Bu haqda Ozodlik 24 oktabrda Qo‘rg‘ontepa kasalaxonasi vrachidan so‘rab bildi.

Ozodlik savollariga ismi sir qolish sharti bilan javob bergan vrachning aytishicha¸ Saidjahon Xoldorov kasalxonaga 20 oktabr kuni og‘ir ahvolda paxta dalasidan olib kelingan.

Ozodlik suhbatlashgan mahalliy huquq-tartibot organi vakiliga ko‘ra¸ “Andijonnoma” gazetasi xodimi Saidjahon Xoldorovni u paxta terimidan qaytayotganida yuk mashinasi urib ketgan:

- Xoldorovni 20 oktabr kuni soat 18 da paxta dalasiga yondosh yo‘lda harakatlanayotgan "Zil" rusumli yuk mashinasi urib yuborgan. Xoldorov og‘ir ahvolda kasalxonaga jo‘natilgan. Haydovchiga nisbatan yo‘l-transport hodisasiga aybdorlik yuzasidan tergov-surishtiruv ishlari boshlangan. Haydovchiga tilxat ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Mashina urib ketgan Xoldorov “Andijonnoma” - “Andijanskaya pravda” gazetalari redaksiyasi kompyuter bo‘limida operator bo‘lib ishlagan. U “Andijonnoma” - “Andijanskaya pravda” gazetalari Bosh muharriri Saidahmad Shukurovning o‘g‘lidir.

Ozodlik muxbiri Saidahmad Shukurovning o‘zi bilan bog‘landi. O‘g‘li paxta terimi paytida avariyaga uchraganini tasdiqlagan Bosh muxarrir bu yuzadan boshqa izoh bermadi.

“Andijanskaya pravda” gazetasining Ozodlik suhbatlashgan va ismi sir qolishini so‘ragan jurnalistlaridan birining aytishicha redaksiya xodimlaridan 15 kishi joriy yil sentabridan beri Qo‘rg‘ontepa tumanida doimiy paxta terimida qatnashmoqda.

“Andijonnoma” va “Andijanskaya pravda” gazetalari viloyat xokimligi organi hisoblanadi. Gazetaning oktabr oyidagi sonlarida paxta yig‘ib-terib olish targ‘ib qilingan maqolalar o‘rin olgan.

Jurnalist avariyaga uchragan Qo‘rg‘ontepa tumanidagi paxta dalasi
Jurnalist avariyaga uchragan Qo‘rg‘ontepa tumanidagi paxta dalasi

​Ozodlik Andijon viloyatida paxta terimiga qishloq xo‘jaligiga aloqasi yo‘q aholining jalyu etilgani haqida qator maqolalar e’lon qilgan. Ulardan birida viloyatning Bo‘z tumanida paxta terayotgan 56 yashar hasharchi Orifjon Soliev 15 oktabr kuni yurak hurujidan olamdan o‘tgani xabar qilingan.

Bo‘zdagi ushbu voqeadan 5 kun avval Bo‘ka tumanida paxta terayotgan 61 yashar Yo‘ldosh Ashurov ham yurak xurujidan vafot etdi.

O‘zbekistonda har yili paxta terimi mavsumida halokatli hodisa va voqealar qayd etiladi.

4 kun avval Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanida terimchilarni paxta dalasiga tashiyotgan “Isuzu” rusumli avtobus halokatga uchrashi oqibatida 19 odam jarohatlandi.

29 sentabrda esa Samarqand viloyat, Ishtixon tumanida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida paxta terimiga ketayotgan 3 ayol halok bo‘ldi. Oradan bir kun o‘tib hodisada tan jarohati olgan to‘rtinchi ayol Ishtixon tuman markaziy shifoxonasida vafot etdi.

Shu yilning 18 sentabr kuni Buxoro-Qorovulbozor yo‘lining Kogon tumani hududidan o‘tuvchi qismida ​avtobusda gaz balloni portlashi oqibatida paxtaga borayotgan 5 kishi halok bo‘lgan va yana 21 odam turli darajada jarohat olgan edi.

XS
SM
MD
LG