Линклар

Шошилинч хабар
24 январ 2021, Тошкент вақти: 11:46

OzodDayjest: Namanganda o‘g‘il bolaga ginekolog ko‘rigi tavsiya etildi


Illyustrativ surat.

Bosh prokuratura onalar va bolalarni muhofaza qilish borasida jiddiy kamchiliklarni fosh qildi. O‘zbek jurnalistlari o‘zbekcha “Axborot”da Putinning ruscha nutqi tarjimasiz berilganidan taajjublanmoqdalar. Xudoyberdi To‘xtaboev o‘zbek bolalar adabiyotidagi janr qashshoqligini tanqid qildi.

_____________________________________________________________

Bosh prokuratura onalar va bolalarni muhofaza qilishda jiddiy kamchiliklarni aniqladi

Bosh prokuratura mamlakat viloyatlarida bolalar kasalliklarini erta aniqlash, onalikni muhofaza qilish borasida jiddiy kamchiliklarni fosh qildi (“Huquq”, 25 oktabr). Homilador ayollarga kerakli dori-darmon berilmagani sababli ularning 256 ming nafardan ko‘prog‘ida (37,6 foizi) kamqonlik aniqlangan. Tug‘ish yoshidagi 502 mingdan ziyod ayol tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmagan, 287 mingdan ziyod ayolga esa aniqlangan kasallik bo‘yicha sog‘lomlashtirish choralari ko‘rilmagan. Homilador ayollarning skrining tekshiruvidan o‘tkazilmagani oqibatida 2663 nafar chaqaloq tug‘ma nuqson bilan tug‘ilgan. Shuningdek, mamlakat bo‘yicha 316 nafar orttirilgan immunitet virusi (OIV) kasalligi bilan xastalangan ayollar farzandli bo‘lgan. Bosh prokuratura vakili Abduqahhor Mullajonovga ko‘ra, bolalarga tashxis qo‘yish va davolashda ham jiddiy xatolar qayd etilgan. Masalan, Mingbuloq tumanida yashovchi A.Botirovga (ikki yoshli o‘g‘il bola) “ginekolog ko‘rigi” tavsiya etilgan.

Matbuot: Nega o‘zbekcha “Axborot”da Putinning ruscha nutqi tarjimasiz berildi?

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning O‘zbekistonga tashrifi kunlari “Axborot” teledasturining o‘zbekcha efirida Putin va uning vazirlari nutqi rus tilida, tarjimasiz efirga uzatildi (“XXI asr”, 25 oktabr). “Bizda rus tili ikkinchi davlat tili deb belgilanganmi yoki yurtimizning 100 foiz aholisi rus tilini bilishi shartmi?” deya savol qo‘yiladi maqolada. Qayd etilishicha, o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga qariyb 30 yil to‘lgan bo‘lsa-da, mazkur til bank-moliya, diplomatiya, yurisprudensiya kabi muhim tarmoqlarda hali ham haqiqiy o‘rnini topmagan. O‘zbekistonda davlat idoralarida o‘zbek tilida emas, boshqa tillarda ish yuritilayotgan ekan, o‘zbek tili hali tuzuk-quruq davlat tili bo‘la olmabdi, deya xulosa qiladi gazeta.

Xudoyberdi To‘xtaboev o‘zbek bolalar adabiyotidagi janr qashshoqligini tanqid qildi

Dunyo adabiyotida bolalar uchun yigirma to‘rt janrda asarlar yozilmoqda, o‘zbek adabiyotida esa janr qashshoqligi kuzatilmoqda (“Hurriyat”, 24 oktabr). O‘zbekiston xalq yozuvchisi milliy bolalar adabiyotining shu kabi muammolariga e’tibor qaratib, kitob rastalarini takror-takror bosiladigan ertak to‘plamlari va “O‘zing bo‘ya” turkumidagi yupqa kitobchalar egallab olganini tanqid qilgan. “Shu kunlarda bolalar adabiyoti, ayniqsa, nasriy asarlarga juda katta ehtiyoj sezyapti. Bu turda bolalar sevib o‘qiydigan asarlar yaratilmayapti… Ertaklarga ortiqcha ruju qo‘yib, bugungi kun bolalari hayotiga bag‘ishlab kitob olib kelgan yozuvchini kamsitadigan noshirlar bor, ularga alamli so‘z aytgim keladi. Afsuski, aytolmayman. Aytsam, o‘zimning kitobimni ham chiqarmay qo‘yishadi”, degan atoqli adib.

XS
SM
MD
LG