Линклар

Шошилинч хабар
24 январ 2021, Тошкент вақти: 11:10

OzodDayjest: Farg‘onada norasida qizini fohishalikka majburlagan ayol qamaldi


Illyustrativ surat.

Oliy Majlis deputati sanitariyaga oid 200 ta hujjatning bor-yo‘g‘i 8 tasi davlat tilida ekanini tanqid qildi. Beshariqda voyaga yetmagan qizini fohishalikka majburlagan ayol 10 yarim yilga qamaldi. Quyichirchiqliklar chorvaga ham berish mumkin bo‘lmagan suvni iste’mol qilmoqda.

_____________________________________________________________

Deputat: Sanitariyaga oid 200 ta hujjatning bor-yo‘g‘i 8 tasi davlat tilida qabul qilingan

O‘zbekistonda sanitariyaga oid 200 ta hujjatning bor-yo‘g‘i 8 tasi davlat tilida qabul qilingan (“XXI asr”, 1 noyabr). Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbaev bu haqda ma’lum qilar ekan, davlat tilida qabul qilinmagan tartib-qoidalarni buzganlik uchun jismoniy yoki yuridik shaxslarning jarimaga tortilishi qanchalik asosli ekanini savol ostiga oladi. Mazkur masalada u Adliya vazirligiga deputatlik so‘rovi yuborgan. Vazirlik aksar hujjatlar davlat tilida qabul qilinmagani faktini tan olgan. Shundan keyin o‘sha hujjatlarning amalda bo‘lishi qanchalik to‘g‘riligi yuzasidan Konstitutsiyaviy sudga murojaat yo‘llangan. Deputatga ko‘ra, agar Konstitutsiyaviy sud davlat tilida bo‘lmagan hujjatlarning amal qilishini qonunga zid deb topsa, shu vaqtga qadar o‘sha hujjatlar talabi asosida jarimaga tortilganlar nohaq jazolangan bo‘lib chiqadi.

14 yoshli qizini fohishalikka majburlagan ayol 10,6 yilga ozodlikdan mahrum etildi

Farg‘ona viloyati Beshariq tumanida yashovchi 39 yoshli F.D. mudhish jinoyatda aybdor deb topildi (“Darakchi”, 1 noyabr). Ismi oshkor etilmagan ayol 2017 yil iyun, avgust va sentabr oylari davomida 14 yoshli qizini turli erkaklar bilan jinsiy yaqinlikka majburlagan. Voyaga yetmagan qizini fohishalikka majburlash ortidan har gal 30 ming so‘mdan daromad olgan. Tuman shifoxonasidagi tekshiruv chog‘i qizcha 17-18 oylik homilador ekani aniqlangan va akusher-ginekolog tavsiya qilgan dori asosida homila tushirilgan. Psixologik-psixiatriya ekspertizasi xulosasida qayd etilishicha, onasi tomonidan jinsiy aloqaga majburlangan 14 yoshli qiz aqliy zaifligi sababli o‘ziga nisbatan qilingan jinsiy tajovuzlarning mohiyatini tushunmagan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudi sudyasi Behzod Ergashevga ko‘ra, qizchaning onasi F.D. 10,6 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Qizchaning nomusiga tekkan shaxslar ham uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.

Quyichirchiq aholisi chorvaga ham berish mumkin bo‘lmagan suvni iste’mol qilmoqda

Toshkent viloyati Quyichirchiq tumani M.Otajonov mahallasida yashovchi aholi toza ichimlik suvi taqchilligidan aziyat chekmoqda (“Jamiyat”, 26 oktabr). Ko‘p sonli aholi qo‘lbola quduqdan suv olib ichadi. Ammo quduq suviga oqova suv qo‘shilib ketgani bois aholi orasida ichki kasalliklar ko‘paymoqda. Bolalarda esa gijja keng tarqalgan. Ifloslangan suvni qaynatib ham ichish mumkin emas. Qayd etilishicha, quyichirchiqliklar iste’mol qilayotgan suvdan namuna olib mutaxassislarga tekshirtilganida, ular “suvda zararli mikrob ko‘p, uni hatto chorvaga ham berish mumkin emas”, deya xulosa bergan. Mahalliy aholi suv narxi sut bilan tenglashib qolgani, toza suv sotib olishga oddiy oilalarning qurbi etmasligidan shikoyat qilgan. “Nega minglab aholi zararli suvni ichyapti-yu, hech kimning bu bilan ishi yo‘q?!” deya mutasaddilarni savolga tutadi gazeta.

XS
SM
MD
LG