Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:21

5 noyabrdan boshlab AQShning Eronga qarshi yangi sanksiyalari kuchga kirdi


Eronga qarshi prezident Donald Tramp “har qachongidan kuchli” deb atagan yangi sanksiyalar 5 noyabrdan kuchga kirdi. Ular mamlakatning energetika, dengiz transporti, kemasozlik va moliyaviy sohalarini nishonga oladi.

Vashington yangi sanksiyalar joriy qilish bilan Eron “xulqi-atvorini o‘zgartirish”ni va uning mintaqadagi “zararli” faoliyatiga barham berishni ko‘zlamoqda.

Sanksiyalarning yangi turkumini joriy etayotgan Vashington Eron nefti
xaridorlarini uni sotib olishni bas qilish kerakligidan, aks holda AQSh jarimalariga duchor bo‘lishdan ogohlantirdi. Ayni paytda Oq Uy sakkizta mamlakatga Eron neftini yana 6 oy import qilishga ruxsat berdi.

Eron prezidenti Hasan Ruhoniy 5 noyabr kuni ertalab TV orqali so‘zlagan nutqida Eron “urush vaziyati”ga tushib qolganini aytdi.

Ruhoniy yana Eronning AQSh tomonidan o‘z neftini sotishga kiritilgan to‘siqlaridan “mag‘rur aylanib o‘tish”ga va’da berdi.

− Amerika Eron nefti sotuvini butunlay to‘xtatib qo‘yishni istadi... ammo biz sanksiyalarni buzish uchun... neftimizni sotishni davom ettiramiz, − dedi.

Ayni choqda Eron davlat televideniesi mamlakat shimolida ikki kunlik harbiy mashqlar o‘tkazayotgan havodan mudofaa tizimlari haqidagi videolavhani namoyish qildi.

Tramp bundan bir necha soat oldin Qo‘shma Shtatlar Eronga qarshi joriy
qilgan yangi sanksiyalarning hozirgacha kiritilgan jazo choralari orasidagi eng og‘iri bo‘lishini aytgan edi.

− Biz Eronda nima bo‘layotganini ko‘rib turibmiz. Ular hamma ishni ham eplay olayotgani yo‘q, − dedi u.

Prezident fikricha, AQSh oldinroq joriy etgan sanksiyalar sabab Eron iqtisodiyoti bir qancha muammolarga duch kelgan.

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo va Moliya vaziri Stiven Mnuchin 2 noyabrda ayrim mamlakatlarga jazolamaslikni va’da bergan bo‘lsa ham Vashington sanktsiyalarni “keskin tarzda qo‘llajayagi”ni aytdi.

AQSh rasmiylari jazo qo‘llanmasligi aytilgan yurisdiksiyalar 5 noyabrda ochiqlanishini bildirgan edi, ammo shu paytgacha hali bu ish qilingani yo‘q.

Janubiy Koreya rasmiysining Reyter axborot agentligiga 5 noyabrda aytishicha, ushbu mamlakat “maksimal darajada qulaylik” so‘ragani uchun Vashington Eron nefti xaridorlaridan biri bo‘lgan Seulni jazolamaydigan bo‘lgan.

Oldinroq Iroq bilan Turkiya ham sanksiyaga tushmaslik ijozatini olganini aytgan edi. Axborot agentliklari yana Afg‘oniston, Hindiston, Italiya va Yaponiya ham istisno qilinishini taxmin etmoqda.

Pompeo 4 noyabrda “Fox News Sunday” dasturiga bergan intervyusida sanksiya joriy qilinmaydigan mamlakatlar “neft sotib olishni butunlay to‘xtatish uchun bir oz vaqt” oladi¸ deya bildirdi.

U AQSh ma’muriyati olti oy o‘tgandan so‘ng sanksiyalarni kengaytirishini
istisno qila olmasligini aytdi.

Qo‘shma Shtatlar Eronga qarshi sanksiyalarini qaytadan joriy qilmoqda. Jazo choralari 2015 yili Eron yadro dasturini jilovlash bo‘yicha erishilgan bitimdan so‘ng bekor qilingan edi.

Tramp joriy yil mayida AQShning bu bitimdan chiqqani va avgustdan e’tiboran Eron iqtisodiyotiga qarshi sanksiyalarni qayta joriy qilishini e’lon qilgan edi.

Qo‘shma Shtatlar prezidenti iddaosicha, ushbu bitim shartlari Eron hukumatini yadro qurollarini ishlab chiqarishdan tiyish uchun yetarli darajada qattiq emas. U rasmiy Tehronni mintaqadagi jangarilarni qo‘llash va boshqa “zararli” ishlarda aybladi. Eron ayblovlarni rad etib keladi.

Sanktsiyalar Eron iqtisodiyoti, milliy pul birligi riyolga qattiq zarba bo‘ldi, uning qadri keskin tushib ketdi va Eron bo‘ylab ko‘cha noroziliklariga sabab bo‘ldi.

XS
SM
MD
LG