Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 02:03

AQSh Kongressi saylovlari: “Oktabr syurprizi” haqida eshitganmisiz?


AQSh Kongressiga saylovlar 6 noyabrga belgilangan¸ ammo ko‘p shtatlarda muddatidan oldin ovoz berish qutilari ochildi.
AQSh Kongressiga saylovlar 6 noyabrga belgilangan¸ ammo ko‘p shtatlarda muddatidan oldin ovoz berish qutilari ochildi.

1972 yilning 26 oktabrida o‘tkazilgan saylovlardan 12 kun oldin AQSh prezidenti Richard Niksonning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Henri Kissinjer Vashingtonda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida qatnashgan edi.

- Biz tinchlikka juda yaqin qolganiga ishonamiz, - degan edi Kissinjer.

Tahlilchilar maslahatchining ushbu bayonoti Niksonning prezidentlikka qayta saylanishida muhim o‘rin tutganini aytib keladi.

Kissinjerning bu gapi AQSh siyosatida “oktabr syurprizi“ nomi bilan tanilgan hodisa misolidir. Bu kabi hodisalar oldindan rejalashtirilgan yoki rejalashtirilmaganidan qat’iy nazar, milliy saylovlardan oldin amerikalik saylovchilar fikrini kutilmaganda o‘zgartirgani uchun shunday nomlanadi.

6 noyabrda bo‘lib o‘tadigan Kongress saylovlari keyingi yillarda kuzatilgan eng munozarali saylovlardan biriga aylanmoqda. Saylovda g‘olib chiqqan partiya Kongress boshqaruvini qo‘lga kiritadi.

Joriy yilgi saylov oldidan birorta “oktabr syurprizi“ tayyorlagani yoki yo‘qligi noma’lum bo‘lib qolmoqda,ammo bunday syurprizga bir necha nomzod bor.

Tarix

Siyosiy tarixchilar o‘rtasida ushbu tushuncha qachon payda bo‘lgani haqida turli qarashlar mavjud. Ayrimlar 19-asrdayoq bunday strategiya qo‘llanilganini aytib keladi.

Ammo mutaxassislarning aytishicha, “oktyabrь syurprizi“ atamasi 1980 yil respublikachi Ronald Reygan hamda demokrat Jimmi Karter bellashayotgan paytda yuzaga kelgan. O‘shanda Eron 52 nafar amerikalikni bir yildan beri asirlikda ushlab kelayotgan, Karterning ularni harbiy amaliyot yordamida ozod qilishga urinishi muvaffaqiyatsiz yakunlangan edi.

Saylov arafasida Reyganni qo‘llovchi respublikachilar Karter Eron rasmiylari bilan asirlarni ozod qilish bo‘yicha muzokara olib borayotgani haqida nolishdi. Pirovardida bunday kelishuvga erishilmadi, saylovda Reygan g‘olib chiqdi, asirlar Reygan inauguratsiyasi kuni qo‘yib yuborildi.

Keyinroq demokratlar Reyganning hamkorlarini asirlarni ertaroq ozodlikka chiqarishga qodir bo‘lsa-da, “oktarbr syurprizi“ uchun ularni ozodlikka chiqarishni atayin kechiktirishda aybladi. Bu ayblovlar Reygan ikki prezidentlik muddatini yakunlagunicha tinchimadi. 1991 yilga kelib Kongress ushbu holatni tergov qilish uchun maxsus kengash tuzdi. Tergov bunday reja bo‘lmagan, degan xulosa bilan yakunlandi.

Klinton va Tramp

2016 yilgi saylovdan oldin o‘tkazilgan so‘rovnomalarda demokrat Hillari Klinton oktabr oyigacha raqibi respublikachi Donald Trampdan ozgina oldinda edi.

Oktabr boshidaThe Washington Post gazetasi Tramp bir necha yil oldin ayollarga tajovuzkorlik qilgani haqida maqtanayotgani aks etgan videoni yoyinladi. Maqola chop etilgan kun WikiLeaks sayti Klinton saylov kampaniyasi a’zolarining hakerlar yordamida qo‘lga kiritilgan elektron maktublarini e’lon qila boshladi.

Klintonning elektron maktublari bir necha oy oldin ham muhokama qilingan edi. Xususan, respublikachilar uni davlat kotibi o‘laroq ishlagan paytida qoidalarga zid ravishda maxfiy ma’lumotlarni xususiy kompyuter serveri orqali yuborish va olishda aybladi.

Federal qidiruv byurosi direktori Jeyms Komi iyul oyida Klintonga jinoiy ayblov qo‘yilmasligini e’lon qildi. 28 oktabr kuni, ya’ni saylovga 11 kun qolganda Komi Kongressga maktub yuborib, yuqori lavozimli maslahatchining turmush o‘rtog‘i komputeridan topilgan, Klintonga aloqador bo‘lgan elektron maktublar byuro tomonidan o‘rganilayotganini bildirdi.

6 noyabr kuni – saylovga ikki kun qolganda – Komi Kongressga iyuldagi fikrlari o‘zgarmagani haqida ikkinchi maktub yubordi.

Saylovda Tramp g‘alaba qozondi.

Virjiniya universitetining Siyosat markazi tahlilchisi Kayl Kondik mazkur holat AQSh tarixidagi eng taniqli “oktabr syurprizlaridan“ biri bo‘lganiga ishonadi.

- Klinton ushbu holat tufayli mag‘lub bo‘ldimi, yo‘qmi, bilmayman, ammo bu hodisa Klinton uchun o‘ta yomon paytda sodir bo‘ldi. Komi saylovdan oldingi yakshanbada tergov hech nima aniqlamagani haqida yuborgan maktubi vaziyatni keskinlashtirgan bo‘lishi mumkin. Bu esa pirovardida Trampga ovoz bergan saylovchilar xayolida qolgan bo‘lishi mumkin. Ikkisi hamaksar saylovchilarga maqbul bo‘lmagan nomzod o‘rtasidagi kampaniyada yangiliklarning asosiy mavzusi bo‘lmaslik yaxshi aslida.

2018 yilgi saylov

Joriy yilda AQSh siyosatida ikki partiya o‘rtasidagi adovat kuchaydi. 6 noyabrga belgilangan saylov Trampning turli chegaralardan chiqib kelayotgan liderlik uslubi uchun sinov bo‘ladi.

Bu holat esa siyosiy kuzatuvchilar uchun “oktabr syuprizini“ aniqlashni mushkullashtirdi.

The Wall Street Journal gazetasi muxbiri Deniel Henninger Markaziy Amerikadan AQShga otlangan yuzlab muhojir bu yilgi saylovlarning asosiy mavzusi ekanligini aytdi.

“Muhojir karvoni“ nomi berilgan ushbu guruhni konservativ matbuot isbot-dalilsiz AQShga terrorizm va illat olib keluvchi odamlar o‘laroq tasvirlab kelmoqda. Bu qarashlar esa Trampning immigratsiyaga qarshi siyosatiga mos tushadi.

Henninger 24 oktabr kuni yozgan maqolasida Tramp respublikachi saylovchilarni ovoz berishga rag‘batlantirishda kutilmagan bu hodisadan foydalanayotganini aytadi.

- Aftidan, 2018 yil saylovning “oktabr syurprizi“ kelib qoldi – Gondurasdan, - deb yozdi u.

- Amaldagi prezident oraliq saylovlarga ikki hafta qolgan, Namoyandalar palatasi boshqaruvi demokratlar qo‘liga o‘tishi mumkin bo‘lgan bir pallada ushbu hodisadan o‘zi ko‘zlagan maqsadga erishish uchun foydalanayaptimi?

Bu yilgi Kongress saylovlari oldidan “oktabr syurprizi“ deya ta’riflash mumkin bo‘lgan boshqa hodisalar ham ko‘p sodir bo‘ldi.

Bular orasida 26 oktabr kuni hozirgi va sobiq demokrat yetakchilar, hamda Tramp bilan to‘qnashgan boshqa shaxslarga portlovchi uskuna solingan xat yuborgan ashaddiy Tramp tarafdorining qo‘lga olinganini aytib o‘tish mumkin. Boshqa nomzod esa 27 noyabr kuni sinagogda amalga oshirilgan va 11 odam o‘limiga sabab bo‘lgan qurolli hujumdir. AQSh maxsus prokurori Robert Myuller yetakchiligida olib borilayotgan, Rossiyaning 2016 yilgi saylovlarga aralashuvi hamda Tramp hamkorlarining Rossiya rasmiylari bilan aloqasi ham bunday syurprizga misol bo‘la oladi. Aksar demokrat ushbu tergovlar Respublikachilar partiyasini qo‘llovchilar sonini ozaytirishiga umid qilib keladi.

Tilga olingan bu hodisalarning saylovga qanday ta’sir o‘tkazishi haqida gapirishga hali erta.

Bir necha shtatda saylov kunidan oldin ovoz berish mumkin bo‘lgani uchun, saylov kunida gazetalar bosh sahifalarini egallaydigan hodisalar saylov natijasiga uncha katta ta’sir ko‘rsatmasligini kutish mumkin.

2016 yilgi saylovni o‘rgangan FiveThirtyEight sayti xodimi Harri Enten saylovga yaqin qolganda ma’lum bo‘lgan hodisalar saylovchilarga oz ta’sir ko‘rsatishini xulosa qilgan.

- Boshqacha qilib aytganda, “oktabr syurprizlari“ oktabrda oshkor bo‘lgani uchun ham ularning ta’siri ozroq bo‘lishi mumkin.

XS
SM
MD
LG