Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 10:21

OzodDayjest: Samarqandda quturgan it tishlagan yigit shifokorlar e’tiborsizligi sababli olamdan o‘tdi


Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

Toshkentda qirqqa yaqin dahshatli jinoyat sodir etgan to‘da 22 yildan keyin qo‘lga olindi. Nurobodlik yigit quturgan it tishlashi oqibatida vafot etdi. O‘zbekiston madaniyat vazirligi mulozimi tarixiy obidalarni saqlash bo‘yicha YuNESKO talablari bajarilmaganini tan oldi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

_____________________________________________________________

Toshkentda qariyalarni o‘ldirgan to‘daning jinoyatlari 22 yildan keyin fosh etildi

Toshkent shahrida keksa va nogiron qariyalarni o‘ldirgan jinoiy guruhning qilmishi oradan 22 yil o‘tib fosh qilindi. Bu haqda Bosh prokuratura axborot mulьtimedia markazi bir qator matbuot nashrlari orqali xabar tarqatdi. Jinoiy guruhga 1965 yilda tug‘ilgan, 4 farzandning onasi Inobat Almatova boshchilik qilgan. Jinoiy guruh mudhish rejalar asosida qariyalarni o‘ldirib, mol-mulkini o‘g‘irlagan. Masalan, Inobat Almatova 1921 yilda tug‘ilgan Mariya Shishkinaning oqko‘ngilligidan foydalanib, uning uyida ijarachi bo‘lib olgan. So‘ng keksa ayolga uyqu dori qo‘shilgan shirinlik berishga uringan. U rad etgach, jinoiy sheriklarini chaqirib, himoyasiz keksa ayolni kaltaklab, bo‘g‘ib o‘ldirishgan va uyidagi qimmatbaho buyumlarni o‘g‘irlab ketishgan. Shu tariqa jinoiy guruh 1996-2004 yillar davomida bu kabi 38 ta dahshatli jinoyatni sodir etgan. Odamlar orasida vahima uyg‘otgan jinoyatlarni oradan yillab o‘tib Bosh prokuratura fosh qilgan. Jinoiy guruh a’zolari uzoq yillarga qamalgani xabar qilingan.

Quturgan it tishlagan yigit shifokorlar e’tiborsizligi tufayli vafot etdi

Samarqand viloyati Nurobod tumanida yashovchi yigit quturgan it tishlashi oqibatida vafot etdi (“Huquq”, 8 noyabr). Ismi oshkor etilmagan shaxs velosipedda ketayotganida to‘satdan quturgan it tashlanib, tishlab olgan. Itning tishi chuqur botib, jarohatlangan. So‘ng u vaksina olish maqsadida tuman markaziy poliklinikasiga borgan. Ammo shifokor amaldagi tartib-qoidalarga rioya qilmagan, ya’ni bemorni dispanser hisobiga olib, zaruriy muolajalarni qilmagan. Tuman veterinariya bo‘limi, IIB va DSENMga shoshilinch xabar yo‘llamagan. Yengil ukol qilib, yigitga javob berib yuborgan. Oradan vaqt o‘tib, yigitning ahvoli og‘irlashgan va yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan. Ammo bu vaqtda kasallik organizmni yengib bo‘lgan edi. Yigit shifoxonada vafot etgan. Sud-tibbiy ekspertizasi shifokorlar bemorni vaqtida emlaganida jarohat uning hayotiga xavf solmagani haqida xulosa bergan. Sud hukmi bilan bir inson o‘limiga sabab bo‘lgan shifokorga 2 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Madaniyat vaziri o‘rinbosari: O‘tgan 25 yilda tarixiy obidalarimizni YuNESKO talabi bo‘yicha asray olmadik

O‘tgan 25 yil ichida O‘zbekistonda YUNESKOning tarixiy obidalarni asl holida saqlash bo‘yicha talablari bajarilmadi (“Darakchi”, 8 noyabr). “Butun dunyoda YUNESKO tomonidan joriy etilgan talablarga ko‘ra, tarixiy binolar, obidalar asl holida saqlanib qolishi, ularni tomosha qilish uchun kelgan sayyohlar o‘zini bevosita tarixiy muhit ichida turgandek his qilishi lozim. Afsuski, o‘tgan yigirma besh yil ichida biz ana shu talablarga rioya qilmadik. Obidalarni saqlab qolish masalalarini nazorat qiladigan tizim asta-sekin izdan chiqdi. Joriy yilda YUNESKO rahbariyati tomonidan Shahrisabzni Butunjahon madaniyati merosi ro‘yxatidan chiqarish masalasi jiddiy muhokama qilindi. Biz hozircha ana shu masalani kechiktirishga, imkon darajasida Shahrisabzni shu ro‘yxatda saqlab qolishga urinyapmiz”, deydi Madaniyat vazirining o‘rinbosari Kamola Oqilova. Vazirlik huzuridagi jamoatchilik kengashi raisi Zafar Hakimov esa o‘zbekistonlik mutasaddilar bir paytlar Alisher Navoiyning Hirotdagi maqbarasini tiklashda ham katta xatoga yo‘l qo‘ygani, XV asrda qurilgan bino tag-tugi bilan buzib tashlangani va butkul yangidan qurilganini yodga olgan.

XS
SM
MD
LG