Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 21:20

Eronlik haydovchi qariyb 40 kundan buyon Andijonda hibsda saqlanmoqda


O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasidagi Do‘stlik chegara punktining Qirg‘iziston tomoni.
O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasidagi Do‘stlik chegara punktining Qirg‘iziston tomoni.

Erondagi "Raxravon-Xuroson" logistika shirkati haydovchisi Xusayn Ali Javoniy Andijonda 6 oktabrdan beri hibsda qolmoqda.

Haydovchining advokati va Eron Islom Respublikasining Toshkentdagi konsuliga ko‘ra¸ Javoniy hibsga olingan kundan tortib 12 oktabrga qadar uni hibsda saqlashga asos bo‘luvchi hujjatlarsiz saqlangan.

Advokatga ko‘ra¸ “yuk xatidagi noaniqlik bois haydovchini bu qadar uzoq muddatga qamab qo‘yish mavjud qonunlarga ziddir".

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi ayni holatda eronlik haydovchi huquqi buzilganmi-yo‘qligi o‘rganilayotganligini Ozodlikka bildirdi.

Eron Islom respublikasidagi yuk tashishga ixtisoslashgan xalqaro logistika shirkati haydovchisi, 30 yashar Xusayn Ali Javoniy bilan bir oy oldin Andijon IIB tergov hibsxonasida uchrashgan qozog‘istonlik advokat Qambar Yusupov Ozodlik bilan suhbatda “tergovchilar xalqaro huquq me’yorlariga rioya qilmaganligini” aytdi:

- Javoniy bilan 13 oktabr kuni uchrashgandim. Shundan beri xabar yo‘q. Javoniyning aytishicha¸ 7 oktabrga o‘tar kechasi uni Andijonning “Do‘stlik” bojxona chegara postida ushlab, hibsga olishibdi. Ammo menga berilgan hujjatlarda uning 12 oktabr kuni hibsga olingani haqida yozilgan. Demak haydovchi bir hafta qonunsiz hibsda ushlangan.

“Raxravon Xuroson” shirkati vakilining Ozodlikka aytishicha¸ “haydovchi va yuklarning nima sababdan hibs qilinganligini bilish maqsadida mintaqani yaxshi biladigan advokat yollagan".

Haydovchini himoya qilayotgan advokat Qambar Yusupovning Ozodlikka aytishicha¸ eronlik Xusayn Ali Javoniy Erondan Qirg‘izistondagi shirkat omboriga olib ketilayotgan televizorlar yuklangan mashinani boshqargan:

- Mashina va yuklar o‘zbek chegarachilari tarafidan arest qilingan. Mashina ichida televizorlar bo‘lgan. Yuk xatida ham televizor yozilgan. "Yuk xatidagi televizorlar markasi bilan yuk mashinasidagi ba’zi televizorlarning markasi muvofiq kelmagani uchun arest qilindi", deb menga tergovchilar bildirdi. Bu holatda haydovchini garov evaziga sudgacha ozod qilish mumkin edi. Nega uning 40 kundan beri hibsda saqlanayotgani huquqiy asoslanmagan.

“Raxravon Xuroson” shirkati rahbari Muhammad Ali Vajd Ozodlikka o‘z bayonot matnini yubordi. Bayonotda shirkatga oid mol-mulk O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati tarafidan asossiz olib qo‘yilgani va haydovchi nohaq qamalgani aytiladi:

“Biz haydovning tirik yoki o‘lik ekanligi¸ uning qiynoqqa solib-solinmagani haqida 13 oktabrdan keyin biror ma’lumot ola olmadik. Biz endi bu borada Yevropa inson huquqlari mahkamasiga shikoyat qilishga qaror qildik”, deyiladi bayonotda.

Advokat shikoyati "o‘zbek adliyasi labirintida" adashib qoldi

Advokat Qambar Yusupovning aytishicha¸ O‘zbekiston DXX Andijon boshqarmasi zobiti Ulug‘bek Turdiev boshqarma qabulxonasi oldida advokatga u 23 oktabrdan boshlab bu ishdan chetlashtirilganini aytgan, ammo hujjat bermagan.

Advokatning yana aytishicha, u yozgan barcha shikoyatlar instansiyadan instansiyaga koptok qilib tepilmoqda:

- Andijon prokuraturasiga yozilgan shikoyatni men ustidan arz qilganim O‘zbekiston DXXsi Andijon boshqarmasining o‘ziga qaytarib jo‘natishibdi. Genprokuraturaga yozgan shikoyatim esa, Andijon prokuraturasiga qaytarildi. Prokuratura ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilsam, "unaqa ariza bizga eytib kelmadi", deyishdi. Bu orada haydovchi Javoniy huquqiy himoyasiz holda qamoqda qolmoqda.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi ayni holatda eronlik haydovchi huquqi buzilganmi-yo‘qligi o‘rganilayotganligini Ozodlikka bildirdi.

Eronlik haydovchi bilan bog‘liq holat shunga o‘xshash ilk hodisa emas.

2014 yili O‘zbekistonning "Dovud-ota" bojxona nazorat punktida arab tilidagi ikkita kitobi borligi aniqlangan “Volvo” rusumidagi katta yuk mashinasi haydovchilari ushlab qolingan edi.

“Yugtrans” shirkati vakillari rossiyalik 39 yoshli Magomedsayid Xasaev va 21 yoshli Alisultan Abakarov yukxonasidan topilgan kitoblar taqiqlangan adabiyotlar ro‘yxatida emasligini aniqlanguncha bir oydan ziyod hibsda qolishgan edi.

XS
SM
MD
LG