Линклар

Шошилинч хабар
19 январ 2021, Тошкент вақти: 11:00

Yevropa inson haqlari sudi Navalniy ishi bo‘yicha Rossiyaga qarshi hukm chiqardi


Rossiya muxolifati rahbari Aleksey Navalniy 15 noyabr kuni Strasburgda sud hukmi o‘qilgandan so‘ng jurnalistlar bilan suhbatlashmoqda.

Yevropa inson haqlari sudi (EIHS) Rossiya muxolifatining tanilgan yetakchisi Aleksey Navalniy foydasiga hukm chiqardi. Sud hukmiga ko‘ra¸ Rossiya hokimiyat idoralari bir qancha ayblov e’lon qilish va qamoqqa tashlash bilan Navalniy haqlarini poymol qilgan va bu ayblovlarga uning siyosiy faoliyati sabab bo‘lgan.

Fransiyaning Strasburg shahrida joylashgan Yevropa inson haqlari sudi 15 noyabr kuni hukmini e’lon qildi. Unda o‘tgan safar Navalniy foydasiga chiqarilgan hukm ustidan Rossiya bergan shikoyat arizasi rad etiladi.

Sudning so‘nggi hukmi bilan oldingi hukm o‘z kuchida qoldirildi.

Hukmda qayd etilishicha¸ Rossiya hokimiyat idoralari 2012 va 2014 yillarda Navalniyni yetti marta qamoqqa olish va ikki marta sud oldidan hibsxonada ushlab turish bilan uning haqlarini toptadi, bu choralarning “huquqiy maqsadi bo‘lmagan” va ular “demokratik jamiyat tabiatiga zid holatlardir”.

Rossiya Konstitutsion sudi oldinroq, agar EIHS sudi hukmlari Rossiya konstitutsiyasga zid bo‘lsa, hokimiyat vakillari ularni bajarmasligi mumkinligi xususida qaror chiqargan edi.

Rossiya Strasburg sudida bir necha shov-shuvli ishni yutqazdi hamda siyosiy sabablarga ko‘ra ochilgan o‘nlab ish uchun otning kallasiday tovon puli to‘lashga buyurildi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning eng mashhur tanqidchilaridan biri Navalniy Strasburgdagi sud majlisida ishtirok etdi va Instagramga ukasi Oleg bilan tushgan suratini qo‘ydi.

Avvalroq¸ 13 noyabr kuni Navalniyning Moskvadan chiqib ketishiga ruxsat etilmagani xabar qilingan edi.

Federal sud nozirlari xizmati (FSNX) vakili uning “Kirovles” davlat yog‘och sanoati kompaniyasidan qarzi borligini va shu sababli chiqib ketishi taqiqlanayotganini aytdi. Navalniy siyosiy sabablarga ko‘ra ushbu jinoiy ish bo‘yicha ikki marta sudlandi.

FSNX vakili keyinchalik jarima to‘langani sababli Navalniyning chet elga safar qilishiga cheklovlar olib tashlanganini bildirdi.

Navalniy FSNXni “noqonuniy amali” uchun sudga berib, undan ko‘rgan 29,542 rubllik moliyaviy zararini qoplashni talab qilmoqchi ekani haqida bayonot berdi. U bilan advokati FSNXning qaroriga ko‘ra bir oz muddat chet elga chiqa olmay qolgan edi.

42 yashar Navalniy 2001 yili qator yirik norozilik namoyishlarini tashkil qildi hamda Putinning atrofidagilarni korrupsiyada ayblovchi bir qancha hisobotlar e’lon qildi.

U namoyishlarni tartibga soluvchi qonunlarni buzganlikda ayblanib, qayta-qayta 10 kundan bir necha haftagacha qamoqqa tashlandi.

"Navalniy 2011 yildan beri taxminan 200 kun qamoqda o‘tirdi, shulardan 140 kunini 2018 yil martidagi prezident saylovida Putinga qarshi nomzod bo‘lishga harakat qilgani uchun panjara ortida o‘tkazdi", dedi uning matbuot kotibasi.

Saylov o‘tkazuvchi idoralar Navalniyning go‘yo ikkita moliyaviy ish bo‘yicha aybdor ekanini bahona qilib, saylovda qatnashishiga yo‘l bermadi.

XS
SM
MD
LG