Линклар

Шошилинч хабар
13 декабр 2018, Тошкент вақти: 14:25

Moskva Brauderni Magnitskiyning o‘limiga aloqadorlikda gumon qilmoqda


Bill Brauder (suratda) rossiyalik yurist Magnitskiyning ish beruvchisi edi.

Rossiya bosh prokuraturasi britaniyalik moliyachi Bill Brauderga qarshi yangi aylovlarni ilgari surdi. Endi u rossiyalik korrupsiyaga qarshi kurashchi Sergey Magnitskiyning 2009 yil qamoqda o‘lishiga aralashganlikda gumon qilinmoqda.

Brauder rossiyalik yurist Magnitskiyning ish beruvchisi edi. Qamoqqa olinib, qiynoqqa solinib, qamoqda o‘lgan yurist Kreml aralashib qolgan ommaviy firibgarlikni fosh qilish ustida ish olib borayotgan edi.

Bosh prokuror o‘rinbosari Nikolay Atmonyevning 19 noyabr kuni Moskvada jurnalistlarga Magnitskiyning “kimyoviy modda bilan zaharlab o‘ldirilishi”da Brauderning qo‘li bo‘lishi mumkinligini, qolgan uch shaxs ustidan esa, tergov olib borilayotganini aytdi.

Atmonyevga ko‘ra, Brauder jinoiy guruh tashkil qilganlikda ayblandi, endi uning ismi xalqaro qidiruvdagi shaxslar ro‘yxatiga qo‘shiladi, Rossiyadagi mulki esa musodara qilinadi.

Bir vaqtlar Brauder Magnitskiyning o‘limida qo‘li bor rossiyalik rasmiylarga qarshi sanksiya joriy etilishini global miqyosda qo‘llab-quvvatlash ishiga bosh-qosh bo‘lgan edi. U rasmiy Moskvaning o‘ziga qarshi ayblovlarini asossiz, siyosiy sabablarga ko‘ra va faoliyati uchun o‘ch olish maqsadida qilinayotgan ish deb atab, qayta-qayta rad etib kelmoqda.

2017 yil dekabrida Moskva sudi Brauderni 3 milliard rubllik (48 million dollar) soliqni to‘lamagan deb sirtdan aybdor deb topdi va 9 yilga kesdi. Yana unga 200 ming rubllik (3500 dollarga yaqin) jarima solindi va Rossiyada uch yilgacha biznes qilish huquqidan mahrum bo‘ldi.

Britaniyada istiqomat qiluvchi Brauder boshqa mamlakatlarni ham 2012 yili AQShda qabul qilingan “Magnitskiy akti”ga o‘xshash qonunlar qabul qilishga da’vat etdi. Ushbu qonun Magnitskiy o‘limiga aralashib qolgan ruslarga viza berishni taqiqlash va aktivlarini harakatdan to‘xtatib qo‘yishni nazarda tutadi.

Kamida 5 ta mamlakat “Magnitskiy akti” asosida sanksiyalar joriy qildi.

Bosh prokuratura 19 noyabrda Brauderning aybdor ekanini tasdiqlovchi birorta ham material taqdim etmadi. Biroq matbuot kotibi Aleksandr Kurennoyning bildirishicha, Magnitskiy bilan bir xonada turgan jurnalist Oleg Lurye uni Brauder zaharlagan bo‘lishi mumkin deb aytgan.

Brauder may oyida Ispaniyada Rossiyaning Interpol orqali hibsga olish orderiga ko‘ra qisqa muddat qo‘lga olingan edi.

O‘shanda u Ispaniyaga ushbu mamlakatdagi “Rossiyaning mafiyaga aralashib qolgan prokurorlari”ga qarshi “Magnitskiy ishi bo‘yicha Ispaniyaga kelgan ulkan miqdordagi pul” haqida guvohlik berish uchun kelgan ekan. Bu haqda uning o‘zi o‘sha payt Tvviter orqali xabar qilgan edi.

XS
SM
MD
LG