Линклар

Шошилинч хабар
21 ноябр 2019, Тошкент вақти: 03:19

Toshkent kurantiga tirab qurilgan "qora tobut" demontaj qilindi


Kurant binosiga yopishtirilgan ayvon demontaj qilinmoqda

Toshkent timsoliga aylangan kurant binosiga yopishtirib plastik va qora shishadan qurilgan bino 20 noyabr kuni buzib tashlandi.

1947 yili qurilgan me’morlik obidasiga tutash qurilgan "Kurant" kafesi bloggerlar tomonidan "qora tobut" deb nomlanib¸ ijtimoiy tarmoqlarda tanqid qilingani ortidan¸ 9 noyabr kuni Toshkent shahar hokimi uning buzilishini bildirgan edi.

Madaniy obida sifatida ro‘yxatga kiritilgan kurant binosiga yopishtirib ayvon qurish haqida Madaniyat vazirligidan ruxsat olinmagan.

Kurantga ziyon yetkizgani aytilayotgan kafening asl egasi kimligi¸ unga tarixiy inshootga yopishtirib terrasa qurishga kim¸ qaysi asosda ruxsat bergani tafsilotlari hozircha Ozodlikka ma’lum emas.

Binoga ziyon yetgan

20 noyabr kuni buzish ishlarini suratga olgan Ozodlik mobil muxbirining aytishicha¸ 1947 yilda tiklangan binoning dekorativ g‘isht qatlami va ganch ornamentlari demontaj paytida zarar ko‘rgan.

Toshkentlik me’mor Abdumalik Turdiev Ozodlik bilan suhbatda¸ kurantga taqab ayvon qurilgan paytda tarixiy binoga o‘rnatilgan marmar lavha yo‘qolganini bildirdi:

- Memor Muhammedshin va ganchkor Usta Shirin hamda soatsoz Ayzenshteyn ismi o‘yib yozilgan marmar lavha hozir yo‘q. Bu masalani ham tekshirish kerak¸ deydi toshkentlik me’mor 20 noyabr kuni.

Ozodlik 20 noyabr kuni gaplashgan "Kurant" kafesi ma’muri «ayvonni demontaj qilish paytida bino sathida hosil bo‘lgan yoriq va teshiklar ta’mir qilinishini» aytdi. Ayni paytda ma’mur eshiklarga o‘rnatilgan yaltiroq temir bezaklar va kiraverishga o‘rnatilgan «predbannik» olib tashlanadimi¸ degan savolga javob bermadi.

Jurnalist Tamara Sanaeva «Toshkent tisoliga aylangan kurantning mahalliy restoranchi tarafidan ortiqcha bezatilgani¸ xususan eshiklarga kitch uslubidagi bachkana yaltiroq ornamentlar o‘rnatilganini» mahalliy matbuotda tanqid qilgan edi.

Sanaeva 20 noyabr kuni Ozodlik bilan suhbatda "Toshkent timsolini himoya qilishda birdamlik ko‘rsatgan" barcha jurnalist va faollarga minnatdorlik bildirdi.

Bloggerlar g‘alabasi

9 noyabr kuni Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati vakili Ozodlikka bloggerlar tarafidan «qora tobut» deya tanqid qilingan shisha ayvonni buzish haqida shahar hokimi buyruq berganini bildirgan edi.

Kurant binosiga yopishtirib qurilgan konstruksiya
Kurant binosiga yopishtirib qurilgan konstruksiya

Taniqli me’mor Muxamedshin va Usta Shirin Murodov tarafidan 1947 yilda tiklangan va me’moriy obida sifatida qadrlanadigan binoga qora shishali konstruksiya yopishtirilgani ijtimoiy tarmoqda tanqidga uchragan edi.

O‘zbekiston Madaniyat vazirligining madaniy obidalarni asrashga ma’sul mulozimi Ozodlikka "1947 yili qurilgan va me’moriy obidalar ro‘yxatida turgan binoga qo‘shimcha qurilma tiklash bo‘yicha hech kim Madaniyat vazirligidan ruxsat rasmiylashtirmagan"ini bildirdi.

XS
SM
MD
LG