Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:46

Izboskanlik IIB leytenanti reyd paytida urib o‘ldirildi


Illyustrativ foto, suratning Izboskanda sodir bo‘lgan voqeaga aloqasi yo‘q.
Illyustrativ foto, suratning Izboskanda sodir bo‘lgan voqeaga aloqasi yo‘q.

Andijon viloyat, Izboskan tuman ichki ishlar bo‘limi xodimi¸ leytenent Ilhomjon Haydarov 21 noyabr kuni kaltaklangani ortidan kasalxonada olamdan o‘tdi.

Izboskandan olingan bu xabarni Andijon viloyat ichki ishlar boshqarmasining ommaviy axborot vositalariga gapirish vakolati yo‘qligi uchun ismi aytilmaslik sharti bilan gapirgan xodimi tasdiqladi. Uning Ozodlikka aytishicha¸ Haydarov tungi navbatchilik paytida, 21 noyabr kechqurun taxminan soat 9 larda izboskanlik yigitning tajovuziga uchragan:

- Tungi navbatchilik paytida leytenant Haydarov uch-to‘rtta bolani to‘xtatib, shaxsini aniqlamoqchi bo‘lgan. "Kimsan¸ nima qilib yuribsan", degan ma’noda. So‘rash ichki ishlar xodimining vazifasiku?! Janjal bo‘lgan. Shu bolalarning ichida bittasi bir musht solgan.

Mulozimning aytishicha¸ IIB xodimiga hujum Izboskan tumani bilan Paxtaobod tumani o‘rtasidagi ma’muriy chegara yaqinida sodir bo‘lgan:

- Bir kishi bir musht urganida Ilhomjon yerga yiqilgan. Keyin zudlik bilan eng yaqin kasalxonaga - Paxtaobod Tez tibbiy yordam bo‘limiga olib borilgan. 21 noyabrdan 22 noyabrga o‘tar kechasi Haydarov kasalxonada olamdan o‘tdi.

Mulozimga ko‘ra¸ “IIB xodimi o‘limiga sabab bo‘lgan janjal ishtirokchilari zudlik bilan Izboskanga yetib kelgan naryad tomonidan hibsga olingan”:

- O‘z xizmat vazifasini bajarayotgan IIB leytenantiga musht otgan yigit gumonlanuvchi sifatida¸ qolganlar guvoh sifatida vaqtincha hibsga olindi. Prokuratura tergov oldi surishtiruvini boshladi.

IIB mulozimi leytenant Haydarovga hujum qilgan shaxsga oid ma’lumotlarni ochiqlamadi.

Keyingi paytda IIB xodimlarining kaltaklangani va o‘ldirilganiga oid bir necha xabarni Ozodlik e’lon qilgan edi.

Joriy yilning 22 iyun kuni Olmaliq shahrida IIB mayori¸ hudud profilaktika inspektori Davron Rahmonov bezorilar tarafidan kaltaklanib pogoni yulib tashlangan edi.

2018 yilning oktabrida Farg‘onada IIB xodimi o‘z hamkasbini pichoqlab o‘ldirganlikda ayblanib hibsga olingan edi.

XS
SM
MD
LG