Линклар

Шошилинч хабар
10 май 2021, Тошкент вақти: 13:21

Buxoro Agrokomleksida o‘n minglab tovuq qirilib ketdi; odamlar oylik va ishsiz qolmoqda (VIDEO)


Kogon parrandachilik sexida ochlikdan o‘lgan tovuqlar qalashib ketgan.

Buxoro neftni qayta ishlash zavodi qoshida tashkil etilgan Agrokompleksga qarashli chorvachilik¸ parrandachilik sexlari va issiqxonalar ishchilari sentabr oyidan beri ish haqi olmayotganini Ozodlikka bildirdi.

Moliyaviy jihatdan o‘ta tang holga tushgan Kogondagi parrandachilik fermasi ishchilariga ko‘ra¸ qariyb bir hafta yemsiz qolgan minglab tovuq ayni kunlarda ochdan o‘lmoqda.

Agrokompleks qoshidagi Kogon parrandachilik sexi rahbari¸ tovuqlarning qisman ochlikdan qirilganini tan oldi va bunday ahvol sababini yoz oyida tuxum narxining nihoyatda arzonlashi ortidan ferma tushib qolgan og‘ir moliyaviy vaziyat bilan izohlashga urindi.

“Milliardlab so‘mlik jo‘jalar qirilib ketayapti”

Buxoro neftni qayta ishlash zavodi qoshida tashkil etilgan Agrokompleksga qarashli Kogon parrandachilik fermasi ishchilarining Ozodlikka bildirishicha¸ 2017 yil sentabr oyida 1 milliard so‘mga olingan 45 ming dona jo‘ja kasallanib¸ yoppasiga qirilib ketganidan so‘ng¸ joriy yilning 5 mart kuni yana 1 milliard so‘mga 30 ming dona to‘qson kunlik tovuq sotib olingan.

(Ozodlik suhbatdoshlari¸ shundoq ham rahbariyat tazyiqi ostida qolgani va bu ma’lumotni ochiqlagani ortidan ishdan haydalishidan cho‘chib¸ shaxslari sir tutilishini so‘radi -tahr.)

Ishchilarning aytishicha¸ hozirga kelib¸ moliyaviy jihatdan bankrotlik holatiga kelgan parrandachilik fermasi tovuqlarga yem olishga puli qolmagani ortidan o‘tgan hafta bu tovuqlar ochlikdan qirila boshlagan.

Ozodlikka bu ma’lumotni quvvatlash uchun yuborilgan videoda yem lentasi bo‘m-bo‘sh turgan tovuqxonaning birgina yo‘lagida yuzlab tovuqning o‘lib yotgani aks etgan.

Бухоро агрокомплексида товуқлар очликдан қирилмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:49 0:00

Ferma ishchilariga ko‘ra¸ har biri 30 ming so‘mdan olingan tovuqlardan kuniga 600-700 tasi o‘la boshlaganidan keyin qolganlari shu kunlarda 7000-7500 so‘mdan sotib yuborilmoqda.

Erta-indin fermada bittayam tovuq qolmaydi. Shunga boshlig‘imiz “o‘z hisobimdan ta’tilga chiqaring”¸ degan arizani majburlab yozdirib olayapti. Sentabrdan beri oyliksiz ishlab yurganlar bor. Bu agrokompleks o‘zi odamlarni ish bilan ta’minlash uchun tuzilgan edi. Bugun esa bayram arafasida bizni pulsiz haydab yuborishayapti”¸ dedi Kogondagi parrandachilik fermasi ishchilari nomidan gapirgan Ozodlik suhbatdoshi.

U parrandachilik sexi barobarida Buxoro neftni qayta ishlash zavodi qoshidagi Agrokompleksga qarashli chorvachilik fermasi va issiqxonalarda ham moliyaviy ahvol og‘irligi va bu erdagi yuzlab ishchining ham sentabr oyidan beri oyliksiz qolganini qo‘shimcha qildi.

Mirziyoev xalqni boyitishini va’da qilgan tovuqchilik nega kasodga uchramoqda?

Ozodlik Buxoro neftni qayta ishlash zavodi ta’sischisi bo‘lgan Agrokompleksda yuzaga kelgan iqtisodiy-moliyaviy tanglik¸ xususan¸ parrandachilik sexining yemga puli qolmaganidan milliard so‘m sarflangan tovuqlarning ochlikdan o‘layotganiga izoh so‘rab¸ zavod matbuot xizmatiga murojaat qildi.

Matbuot xizmati rahbari¸ Agrokompleksning zavod boshqaruvidan mustaqil ekani¸ bu savollarga izohni kompleks moliyaviy ta’minoti¸ boshqaruvi uchun mas’ul odam - Uyg‘un Rahmatovdan olishni tavsiya qildi.

Xizmat safari bilan Toshkentda ekani aytilgan Rahmatovning mobil telefoni kun davomida o‘chirilganicha qolgani bois¸ u bilan gaplashishning iloji bo‘lmadi.

Agrokompleksning tovuqlari ochlikdan qirilayotgan Kogon sexi rahbarini Ozodlik muxbiri kasalxonadan topdi.

“Hozir kapelnitsa tagida yotibman”¸ degan sex rahbari¸ tovuqlarning ochlikdan qirilayotganini qisman tan oldi.

“Minglab deyolmayman¸ lekin o‘lgani bor. Qolganini sotayapmiz. Moliyaviy tangligimiz yozdan boshlandi. Tuxum narxi 200 so‘mga tushib ketdi va sotgan tuxumimiz tovuqlarga beriladigan yemga yetmay qoldi. Bir kilo yemni 3200 so‘mdan olaman¸ seximga mahsulot yetkazadigan o‘z yeri yo‘q¸ nima qilishimiz kerak? Toshkentga borib¸ vaziyatni tushuntirish uchun haftalab yurdim”¸ degan sex boshlig‘i¸ ishchilarning oyliksiz qolgani haqidagi ma’lumotni inkor qildi. “Oktabr oyligini tuxum berib bo‘lsa ham uzdim”¸ dedi bu suhbatdosh.

Ayni paytda sex boshlig‘i¸ o‘tgan yil 45 ming jo‘janing sex yonidagi axlatxona tufayli tarqagan virus oqibatida qirilib bitganini e’tirof etdi.

Ozodlik Buxoro neftni qayta ishlash zavodi qoshidagi agrokompleks muammolari yuzasidan ma’lumot olish maqsadida “O‘zneftmahsulot” aksiyadorlik jamiyatining Toshkentdagi bosh ofisiga murojaat qildi.

Zavod va unga qarshli kompleksni qamrab oluvchi bu jamiyat rasmiysi¸ muammodan xabari yo‘qligi¸ Ozodlikdan ilk bor eshitgan bu ma’lumot uchun Uyg‘un Rahmatovdan izoh so‘rashini bildirdi.

Bu izohni yarim soatdan keyin ma’lum qilishini bildirgan rasmiy¸ keyingi qo‘ng‘iroqlarga javob bermadi.

XS
SM
MD
LG