Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:38

Toshturmadan chiqqan fermer: Bizni ko‘rib, hatto konvoylar hayratda qoldi!


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Qariyb 54 million so‘mlik qarzini yopolmagani uchun 22 kun Toshturma qamoqxonasida saqlangan oqqo‘rg‘onlik fermer Erkin Maripov o‘zi kabi paxtakorlarning qamoqqa tashlanishiga ilk bor guvoh bo‘lganini aytmoqda. Dehqon fikricha, fermerlarni qamoqqa tashlashni to‘xtatish, buning uchun paxtachilikda Mirziyoev tashabbus qilgan klaster tizimini davom ettirish, ammo qishloq xo‘jaligida ekin ekish siyosatini o‘zgartirish kerak.

Aytishicha, qiynoqlari va mahbuslarga noqonuniy munosabat bilan nomi tanilgan Toshturmada unga nisbatan bosim yoki biror qiynoq bo‘lmagan.

Aksincha, yoshi katta dehqonlarning Toshturmaga tushayotganidan, hatto qamoqxona xodimlari ham hayratini yashirmagan.

- Konvoylar ham hayron qolib ketdi: "Otaxon, nima ish qilgansiz shunchalik, sizni bu yerga olib kelib tiqib qo‘yishibdi?" deb. Rangi-ro‘yim o‘g‘ri-muttahamga o‘xshamaydi-da endi (kuladi). Fermerman, desam: "Fermerni ham qamaydimi?" deyishdi, - deydi Erkin Maripov.

Maripov 22 kunlik hibs davomida Toshturmaga tashlangan boshqa fermerlardan ham xabar topgani, ammo ularni yuzma-yuz ko‘rmaganini aytadi.

- Fermerlar bor ekan, bir-biriga ko‘rsatmas ekan, alohida-alohida saqlasharkan... Otaxon, otaxon, deb hurmatimni joyiga qo‘yishdi, biror yomonlik ko‘rdim, deb aytmayman, - deydi fermer.

Yig‘ilib qolgan 54 million so‘mlik qarz esa, Maripov fikricha, suvsizlik va yana ba’zi tushunmovchiliklar tufayli yuzaga kelgan.

- Mening yerimga suv yaxshi bormaydi. Buni vaqtida hamma tashkilotlarga aytganman. "Paxta bo‘lmaydi, bug‘doy ekay men", deb. Hammasi biladi... Lekin, 54 million so‘m qanday yig‘ilib qoldi - o‘zim ham tushunmay turibman, - deydi fermer.

Shuningdek, dehqon shaxsan prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan Oqqo‘rg‘on tumanida bu yil sinalayotgan agroklaster tizimiga ham o‘z munosabatini bildirdi.​

- Klaster juda yaxshi narsa - vaqtida oylikni berdi, dori-darmonni ham vaqtida berdi. Lekin, suv bo‘lmasa - hech narsa bo‘lmas ekan-da... Shu yerni deb, qo‘limda bor 5-6 sigirim ham yo‘q bo‘ldi, qamoqda ham o‘tirib chiqdim, Xudo dushmanimga ham ko‘rsatmasin!.. Aslida yerda ishlash qiyin emas, faqat ekinni to‘g‘ri joyga ekish kerak - shu, - deydi ikki yildan beri fermerlikdan daromad ko‘rmaganini yashirmagan oqqo‘rg‘onlik dehqon.

Quyida fermer bilan suhbatni tinglashingiz mumkin:

Тоштурмадан чиққан фермер: Бизни кўриб, ҳатто конвойлар ҳайратда қолди!
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:11:35 0:00
Бевосита линк

54 yashar oqqo‘rg‘onlik fermer Erkin Maripov jami 53 million 948 ming so‘mlik kreditini yopolmagani uchun Toshturmaga tashlangani haqida Ozodlik 20 noyabr kuni xabar qilgan edi.

29 noyabr kuni Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, fermerning oilasi 18 million so‘m pulni naqd to‘lab, buni tasdiqlovchi hujjatni viloyat prokuraturasiga taqdim qilgach, 24 noyabr kuni fermerni ozod qilishgan.

Toshkent viloyat hokimiyatining ismini oshkor qilmagan mulozimiga ko‘ra, oktabr oyi oxiridan noyabr oyi oxirlariga qadar Oqqo‘rg‘on tumanida "yana bir necha fermer" paxta rejasini bajarmagani va katta miqdordagi qarzini yopolmagani uchun hibsga olingan.

Ammo, bu yil mamlakatda suv tanqisligi kuchli bo‘lgani va hasharotlarning favqulodda ko‘paygani bois, qishloq xo‘jaligi og‘ir ahvolda qolgani kuzatildi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev shu yilning 31 iyulida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida: "Hasharotlarning qishdan chiqish darajasi 50 foiz bo‘lganda favqulodda holat, deb baholanadi. Bu yil esa hasharot 1,5 barobar ko‘p. Bundan barcha rahbarlar tegishli xulosa chiqarishi, ayniqsa, fermerlar o‘z hosili uchun mas’uliyatni kuchaytirishi shart”, deb ta’kidladi.

Bundan tashqari, qator viloyatlarda suv tanqisligi ham kuzatildi va oqibatda, paxta yig‘im-terimi kech qolgani va hosilning oz bo‘lgani kuzatildi.

Ozodlikka murojaat qilayotgan fermerlar esa, prezident Mirziyoev fermerlarga yordam berish haqida gapirib turgan hamda paxtachilik va g‘allachilik juda og‘ir kelgan bir paytda muammolar natijasiga faqat ular javobgar qilinayotganidan shikoyat qilmoqdalar.

XS
SM
MD
LG