Линклар

Шошилинч хабар
12 ноябр 2019, Тошкент вақти: 05:35

Hukumat qaroridan keyin fermerga bir kilo ham bug‘doy qolmaydigan bo‘ldi


O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov 27 noyabr kuni imzolagan qaror¸ Ozodlikka murojaat qilgan ayrim fermerlarga ko‘ra¸ “dehqon og‘zidagi so‘nggi osh”ni tortib olishga asos bo‘lishi mumkin.

Toshkent viloyatidagi ayrim fermerlarning aytishicha¸ hafta so‘nggida viloyat hokimligi va prokuraturasi tomonidan o‘tkazilgan majlislarda¸ joriy yil yozida g‘alla bo‘yicha tuzilgan shartnomaning bekor qilingani aytilgan va gektaridan 40 sentnerdan kam hosil oladigan bo‘lsa¸ fermerlardan yerni hozirning o‘zidayoq topshirib qo‘yish talab qilingan.

Bosh vazir imzolagan qarorga binoan 2019 yili sug‘oriladigan maydonlarning har gektaridan 40 sentnerdan kam hosil olishni “yerga nisbatan xiyonat” deb baholanadi.

Toshkent viloyatidan Ozodlikka telefon qilgan ayrim fermerlar¸ shu kunlardagi sarosimali kayfiyat bois¸ o‘z ism-shariflari tugul¸ rayonlari nomi tilga olinishini istamadilar.

Toshkentlik fermerlardan biriga ko‘ra¸ uning tumanida hafta oxirida 20 ga yaqin fermer yerni topshirish haqida ariza yozgan. Bu xabarni inkor qilmagan ayni tuman hokimligi rasmiysi¸ “yerni topshirish uchun fermer avval davlatdan qarzini tiyin-tiyinigacha to‘lab qo‘yishi shartligi” bois¸ hozircha qancha fermer 27 noyabr kungi qarordan keyin yerni topshirishni uddalay olishini aytishning imkoni yo‘qligini bildirdi.

Qaror ijrosiga kirishildi

Ozodlikka Toshkent viloyatining g‘allachi tumanlaridan biridagi fermerning xabar qilishicha¸ shanba kechqurun¸ yakshanba ertalab tuman fermerlari avvaliga prokuror¸ so‘ngra esa¸ hokim o‘tkazgan majlisga chaqirtirilgan.

Bu majlisda rosa dag‘dag‘a-po‘pisa bo‘ldi. Keyingi yildan g‘alla¸ ayniqsa¸ bug‘doyning oxirgi kilosigacha davlatga topshirasan¸ deyishdi. Hozirgacha shartnomada yerning ahvoliga qarab¸ gektaridan 22 sentnerdan hosil olishga ruxsat bor edi. Undan oshgani fermerning o‘ziga qolardi. Paxta fermer uchun ziyon¸ undan foyda ko‘rmaydi¸ aksincha¸ qarz bilan chiqadi. Fermerni boqib turgan shu g‘alla¸ bug‘doy edi. Davlat planidan oshganini sotib qarzini uzardi¸ bug‘doyni ishchilariga berardi¸ ular un qilib¸ qishdan chiqardi. Hozir og‘zidagi oxirgi oshigayam chang solib¸ 40 sentnerdan kam hosil olsang¸ yerni olaman¸ qamayman¸ deyapti¸ undan oshirganingniyam¸ o‘zim olaman deyapti”¸ deb izohladi Bosh vazir qarori yuzasidan hokimiyat tizimlari o‘tkazgan majlislarda aytilgan gaplar mohiyatini toshkentlik fermer.

Bu va Ozodlik gaplashgan boshqa fermerlar¸ ayni kunlarda bir kilo bug‘doy narxi bozorda 2000-2500 so‘m (viloyatiga qarab) bo‘lib turgani¸ davlat esa¸ kelasi hosil uchun narxni 1200 so‘mdan belgilaganini aytadi.

40 sentnerdan oshirsang¸ 10 foiz¸ 20 foiz ustama narx bilan sotib olaman¸ deyapti. Birinchidan¸ professorni olib kelsayam¸ hosildorlikni oshirib bo‘lmaydigan yerlar bor. Ikkinchidan¸ o‘tgan yili qurg‘oqchilik kuchli bo‘ldi¸ g‘alla hosili yaxshi bo‘lmadi. Bu yil yaxshi bo‘lishiga kafolat yo‘q¸ buning ustiga¸ suv masalasi og‘ir. Uchinchidan¸ o‘z yonidan dori solib¸ o‘g‘it berib yetishtirgan taqdirdayam¸ kilosini davlat 1300¸ nari borsa¸ 1500 ga oladi. Bozor bilan o‘rtadagi farqni o‘zingiz hisoblab ko‘ravering”¸ deydi farg‘onalik fermerlardan biri.

“Fermerlikni tashlayman degan ko‘paydi”

Ozodlik gaplashgan fermerlarning ko‘pchiligi¸ 2018 yil kuziga kelib hukumat yurg‘izayotgan qishloq xo‘jalik siyosatining fermer yelkasiga yuklangan bosimi yanada kuchaygani va bu qaror¸ shundoq ham qarzdorga chiqarilib¸ bor-budidan ayrilayotgan fermerlar ahvolini yanada og‘irlashtirganini ta’kidladi.

Bu yig‘ilish tugaganidan so‘ng rayonimizda tanilgan ilg‘or fermer srazu ariza yozdi¸ "yerini olsa ola qolsin¸ bu ketishda turmaga ketaman”¸ deb. Boshqalari uyiga borib maslahat qilib ariza yozishayapti. Aniq sonini bilmayman¸ 300 dan oshiq fermeri bor bizning rayonda 20 ga yaqin fermer ariza yozdi¸ deb eshitdim. Bittasi hatto hokimiyatdagilarga borib¸ “dasturxon tashkil qilib beraman¸ olinglar shu yerni” dedi. U yoq-bu yoqdan eshitishimcha¸ bu faqat bizning rayon yoki viloyatda emas¸ butun O‘zbekiston bo‘yicha boshlanipti”¸ deydi Toshkent viloyatidagi bu fermer.

Ozodlik ixtiyorida¸ hukumatning 27 noyabr kungi qarori munosabati bilan yerni topshirishga ahd qilgan fermerlar soniga oid ma’lumot yo‘q.

Ayni paytda¸ og‘ir moliyaviy ahvolda qolgan fermerlar orasida shunday kayfiyat borligini e’tirof etgan tuman hokimliklaridan biri rasmiysi¸ yerni topshirishni "o‘zi bo‘lmasligini" ta’kidladi.

"Topshiraman¸ deb ariza yozgani bilan¸ topshirib qo‘ya olmaydi. Uning davlatdan qancha qarzi borligi hisob-kitob qilinadi yil oxirida. Shuni tiyin-tiyinigacha to‘lasa¸ keyin arizasi qabul qilinadi. Agar qarzi bilan yerini olaman¸ degan boshqa fermer topsa¸ bu tezroq bo‘lishi mumkin"¸ dedi Ozodlikka shaxsi ochiqlanmasligi so‘rab gapirgan hokimiyat rasmiysi.

Ozodlikka paxta mavsumi yakuniga yetib-yetmay kela boshlagan xabarlarga ko‘ra¸ bu yil O‘zbekiston qamoqxonalarida yangi toifa mahkumlar – davlatdan qarzini uza olmagani uchun qamalgan fermerlar paydo bo‘lgan.

Xususan¸ Toshkent viloyat hokimiyatining ismini oshkor qilmagan mulozimiga ko‘ra, oktabr oyi oxiridan 20 noyabrga qadar birgina Oqqo‘rg‘on tumanida kamida besh nafar fermer paxta rejasini bajarmagani va katta miqdordagi qarzini yopolmagani uchun hibsga olingan.

Hukumat qarori

Bosh vazir Abdulla Aripov 27 noyabr kuni imzolagan qaror “Boshoqli don yetishtirishni yanada rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” deb nomlanadi.

Qaror mohiyatiga ko‘ra, “respublikada yetishtirilayotgan boshoqli don hosilining keskin ko‘paymayotgani uchun ayb yerlarni sifatsiz tayyorlab, urug‘likni belgilangan muddatdan kech ekayotgan¸ agrotexnik tadbirlarni qo‘pol ravishda buzayotgan va hosildorlikni oshirish chorasini ko‘rmayotgan¸ yalpi hosil bo‘yicha aniq hisob bermayotgan" fermerlarga yuklatilgan.

Ana shunday vaziyatga barham berish uchun Bosh vazir Abdulla Aripov “fermer xo‘jaliklari mas’uliyatini yanada oshirish hamda ularni rag‘batlantirish tizimini joriy qilish” qarorini olgan va shu maqsadda 2019 yili sug‘oriladigan maydonlarning har gektaridan 40 sentnerdan kam hosil olishni “yerga nisbatan xiyonat” deb baholash va bunday xiyonat uchun jazo choralari belgilagan.

Bu choralar¸ xususan¸ hosildorlik qancha kam bo‘lsa¸ soliq stavkalarini shuncha oshirish va yer ijara shartnomasini bekor qilishni o‘z ichiga oladi.

Bosh vazir qarorida 2019 yilda fermer gektaridan 40 sentnergacha oladigan bir kilo 3-sinfli yumshoq bug‘doy narxi uchun davlat 1200 so‘m narx belgilagan¸ ayni paytda¸ 41 sentnerdan 50 sentnergacha bo‘lganida – 10 foiz; 51 sentnerdan 60 sentnergacha bo‘lganida – 20 foiz; 61 sentner va undan yuqori bo‘lganida – 25 foiz xarid narxiga ustama haq to‘lash belgilangan.

XS
SM
MD
LG