Линклар

Шошилинч хабар
12 ноябр 2019, Тошкент вақти: 05:36

Termizda 8 oila 1 yil avval puli to‘langan uyiga hujjat ololmayapti


Termiz shahrida Ibn Sino ko‘chasida qurilgan yangi 38-uy

Surxondaryo viloyat, Termiz shahridagi Ibn Sino ko‘chasida yangi qurilgan 38- ko‘pqavatli uyda yashayotgan 8 oila bir yildan buyon ipoteka kreditini ololmayotgani uchun kvartiralarini o‘z nomiga rasmiylashtira olmayapti.

Ozodlik bilan bog‘langan ikki oilaga ko‘ra, ular kredit uchun dastlabki to‘lovni 2017 yilda "O‘zsanoatqurilishbank"ka o‘tkazib bergan, ammo ularning buyurtmasi bilan qurilgan uy uchun bank to‘lab berishi lozim bo‘lgan ipoteka krediti hanuzgacha ajratilmagan.

Ushbu uydan ikki xonali kvartira olish umidida o‘tgan yili 50 million so‘mga yaqin sarmoyasini bankka qo‘ygan Munisa Sharifovaning Ozodlikka aytishicha, "O‘zsanoatqurilishbank" rahbariyati uning shikoyatlariga aniq javob bermayotir.

- Men yosh oilalarga berilgan imtiyozli kredit asosida 14 foizlik to‘lov bilan o‘tgan yili aprelda quruvchi shirkat bilan ikkitomonlama shartnoma tuzgan edim. O‘shanda mendan jami to‘lovning 25 foizini "O‘zsanoatqurilishbank"iga omonat daftarcha ochib, qo‘yishni so‘rashdi, - deya hikoya qiladi Sharifova.

Uning da’vo qilishicha, o‘tgan yili yozda bankka pulni omonat sifatida qo‘ygan va shu yilning iyul oyida kvartirasi bitishi bilan ko‘chib kirgan.

- Avgustda quruvchilar uyni to‘liq bitkazib topshirishdi va sizlarga ipoteka kreditini chiqarib berishadi endi, deyishdi. Ammo, hozirgacha bizning hujjatlarimizni bank qabul qilmayapti. Eng yomoni, biz quruvchi bilan shartnoma imzolagandan beri kreditning foizi oshdi. Endi 14 foiz emas, 16 foiz to‘laysizlar deyishdi, rozi bo‘ldik. Mana endi 20 foiz to‘laysizlar, deyapti, - deya arz qildi Munisa Sharifova.

Uning kabi Ozodlikka arz qilgan yana bir oilaning da’vosicha, ular bilan ikkitomonlama shartnoma tuzgan quruvchi shirkat - Profgroup barcha mas’uliyatni bankka yuklab, muammoga elka qismoqda.

Aytilishicha, Ibn Sino ko‘chasida qurilgan jami 34 xonadondagi oilalarning qolgan 26 tasi ham hanuzgacha bankdan kredit shartnomasini ololmagan.

Bu oilalar nomidan respublika miqyosidagi turli tashkilotlarga qilingan murojaatlariga tegishli javob berilmayotganidan shikoyat bo‘lmoqda.


"O‘zsanoatqurilishbank"ning Surxondaryo viloyat bo‘limida aynan kreditlarga mas’ul xodimi bo‘lgan Yo‘lchi Maqsudov 38-uydagi shikoyatchilarning arzini qisman tasdiqladi, qisman inkor qildi.

Uning aytishicha, quruvchi shirkat hujjatlarni to‘liq taqdim qilmagani uchun bank 8 oilaga vaqtida kredit berolmagan, ammo kelasi yilning yanvar oyida bir yil avvalgi foiz stavkalar asosida berishini va’da qildi.

Maqsudov 8 oilaning har biri bilan alohida uchrashib vaziyatni tushuntirgani, o‘rtada hech bir tushunmovchilik qolmaganini ta’kidladi. Uning da’vosicha, 8 oilaning bir yil avval 25 foiz haqi to‘langan uyga egalik huquqini beruvchi birorta hujjatni hanuz ololmaganiga quruvchi shirkat mas’uldir.

Ozodlik Profgroup qurilish shirkatiga ham bog‘landi. Shirkatning o‘zini tanishtirmagan rasmiysi mijozlari bilan ayni muammo borligini tan oldi, ammo bunga bank sababchi, deb da’vo qildi.

Ismi oshkor bo‘lishini istamagan shirkat vakilining muxbir bilan mikrofonsiz suhbatda aytishicha, aslida "O‘zsanoatqurilishbank" ularning kredit uchun bu yilgi zahirasi bitganini aytib, 38-uydagi mijozlarga kredit berishni paysalga solib kelmoqda.

Ammo, ayni paytda, bank ipoteka uchun beriladigan kreditlarning foiz stavkalarini oshirmoqda.

Profgroup vakilining aytishicha, shirkat o‘z mijozlari bilan dastlab 16 foizlik kredit uchun shartnoma imzolagan, ammo uy mijozlarga topshirilgach, bank foiz stavkasini 2 foizga oshirgan.

"Oilalarni rozi qilib, shartnomani yangilab topshirishga majbur bo‘ldik. Lekin mana hozirgacha bank qo‘limizga birorta hujjat bergani yo‘q", dedi quruvchi shirkat vakili.

Ayni paytda, Ozodlikka arz qilgan oilalar ham "O‘zsanoatqurilishbank" mutasaddisining gaplarini inkor qildi.

- Bizga hech kim 1 yil avvalgi foiz stavkasini va’da qilgani yo‘q. Aksincha, ularning aybi bilan shartnomani hanuz olmagan bo‘lsak ham, 2019 yilning yanvaridan 22 foizlik stavka bilan shartnoma imzolaymiz, deb ochiqdan ochiq aytishdi-ku! Bundan tashqari, 10 dekabrdan uylarning narxi ham qariyb 10 foizga oshayapti. Yanagi yildan yagona daromad solig‘i solinadi, deyishdi. Mendek oddiy hamshira uchun bu juda katta pul. Bilasizmi, xuddi shu bankning rahbariyatida ishlaydigan odamlar shu uydan o‘tgan yilgi foiz bilan kredit shartnomasini olib bo‘lganini eshitdik - bu adolatsizlik emasmi?! - deb arz qildi Munisa Sharifova.

Shu tariqa, Surxondaryo viloyatining Termiz shahridagi Ibn Sino ko‘chasida yangi qurilgan 38-uyda yashayotgan 8 oila bank va quruvchi shirkat o‘rtasida sarson qolayotganini aytmoqda.

Quyida Munisa Sharifova bilan suhbatni tinglaysiz:

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:08:19 0:00
Бевосита линк

XS
SM
MD
LG