Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 07:42

OzodDayjest: Prezidentga gektar-gektar yong‘oqzorlar barpo etilgani haqida berilgan hisobot yolg‘on bo‘lib chiqdi


O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev.

Mardikorlar mehnat vazirligidan byurokratiyasiz ishlashni talab qilmoqda. Samarqandda mavjud bo‘lmagan yong‘oqzorlarni sug‘orish uchun milliardlab so‘m pul xarjlangan. Suriyaga jang qilgani ketayotgan samarqandlik er-xotin uzoq yilga ozodlikdan mahrum etildi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

_____________________________________________________________

Mardikorlar: Mehnat vazirligi kelajagimiz emas, avvalo bugungi kunimiz haqida qayg‘ursin!

O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining vaqtinchalik ishlayotgan mardikorlarga pensiya borasida bergan taklifi tanqidiy qabul qilindi (“Oila davrasida”, 6 dekabr). Vazirlik mardikorlarga pensiya jamg‘armasiga bir yilda eng kam oylik ish haqining 4,5 barobari (912 ming so‘m) miqdorida to‘lov to‘lash va shu orqali rasman bir yillik mehnat stajiga ega bo‘lishni taklif qilgan edi. Ammo aksar mardikorlar bir yilda ushbu summani to‘lash og‘irlik qilishi, amallab pul o‘tkazilgan taqdirda ham keyinchalik bu pulning pensiya tariqasida ajratilishiga kafolat yo‘qligini aytgan. Mardikorlarga ko‘ra, mas’ullar ularning kelajagi emas, avvalo buguni haqida qayg‘urishi kerak. Qayd etilishicha, ayni paytda tumanlardagi vaqtinchalik ishlarni tashkil etish byurolari g‘oyat achinarli ahvolda. Byurolar mardikorlarga na ish topib beradi, na ularni himoya qiladi. “Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi ortiqcha qog‘ozbozlik va byurokratiyalardan xoli mehnat sharoiti yaratishi zarur”, deb talab qilgan ishsizlikdan qiynalayotgan vatandoshlar.

Samarqandda aslida mavjud bo‘lmagan yong‘oqzorlarni sug‘orish uchun byudjetdan 5 milliard so‘m sarflangan

Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumanida gektar-gektar yong‘oqzorlar barpo etilgani haqida berilgan rasmiy hisobotlar yolg‘on bo‘lib chiqdi (“Jamiyat”, 30 noyabr). Prezident Shavkat Mirzieyov 2017 yili Samarqandga tashrifi chog‘i Qo‘shrabot tumanida ham bo‘lib, yong‘oqzorlar barpo etish loyihasi bilan tanishgan. Davlat rahbariga 2017-2018 yillarda viloyatning tog‘oldi tumanlarida 5,7 ming gektar yong‘oqzor barpo etishga so‘z berilgan. Prezidentning o‘zi Qo‘shrabot tumanidagi “Oqtepa unumdor zamin” fermer xo‘jaligida nuroniylar bilan birga yong‘oq ko‘chati o‘tqazgan. Oradan ikki yil o‘tgandan keyingi o‘rganishlar yolg‘on va ko‘zbo‘yamachiliklarni fosh qildi. Masalan, hisobotlarda prezident ko‘chat o‘tqazgan “Oqtepa unumdor zamin” fermer xo‘jaligida 900 gektar yong‘oqzor barpo etilgani aytilgan. Amalda esa ozroq yerga yong‘oq ekilgan, ular ham qurib qolgan. Rasmiy hisobotlarda “Fozilomon” o‘rmon xo‘jaligida ham 100 gektarlik yong‘oqzor barpo etilgani qayd etilgan. Tuman mas’ullari esa aslida bir tup ham yong‘oq ekilmaganini tan olgan. Gazetaga ko‘ra, aslida mavjud bo‘lmagan yong‘oqzorlarni sug‘orish uchun davlat byudjetidan 5 milliard so‘mga yaqin mablag‘ sarflanib, nasos stansiyasi qurilgan, ammo mazkur ulkan mablag‘ besamar ketgan.

Samarqandda “Islom davlati” g‘oyalarini yoqlagan er-xotin mahkamaga tortildi

“Islom davlati” terrorchi guruhiga tarkibiga qo‘shilib jang qilish istagida bo‘lgan samarqandlik er-xotin uzoq yilga ozodlikdan mahrum etildi (“Huquq”, 6 dekabr). Samarqand viloyat prokuraturasi vakili Sa’dulla Mustaevga ko‘ra, samarqandlik yigit Rossiyaning Krasnoyarsk o‘lkasida ishlab yurganida terrorchi tashkilot ta’siriga tushgan. O‘zbekistonga qaytgach, rafiqasini ham Suriyaga borib, “Islom davlati” uchun jang qilishga ko‘ndirgan. Er-xotin ikki farzandini olib, Turkiyaning Istanbul shahriga yo‘l olgan. Suriya yo‘lida og‘ir qiyinchiliklarga duchor bo‘lgan er-xotin o‘zini Turkiya harbiylari qo‘liga topshirgan. O‘z navbatida, Turkiya huquq idoralari ularni O‘zbekistonga deportatsiya qilgan. Terrorchi guruhga qo‘shilishga uringan er-xotinning ism-sharifi va jinoiy ishga oid boshqa tafsilotlar ochiqlanmagan. Sud yigitga 10,6 yil, uning ayoliga 8 yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlagan. Sudlanuvchilarning ikki farzandi taqdiriga ham oydinlik kiritilmagan.

XS
SM
MD
LG