Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 16:44

Yuqorichirchiqda ichki ishlar xodimlari Qur’onga qo‘l qo‘yib pora olmaslikka qasamyod qildi


Ichki ishlar xodimi Qur’onga qo‘l qo‘yib qasamyod qilmoqda
Ichki ishlar xodimi Qur’onga qo‘l qo‘yib qasamyod qilmoqda

O‘tgan hafta davomida Toshkent viloyat, Yuqorichirchiq tumanida ichki ishlar xodimlari Qur’onga qo‘l qo‘yib, pora olmaslikka va tamagirlik qilmaslikka qasamyod qildilar.

Ijtimoiy tarmoqlarda ayni tuman Ichki ishlar idorasida qasamyod marosimi aks etgan surat tarqaldi.

O‘tgan oydan buyon O‘zbekiston bo‘ylab fermerlaru shifokorlar, soliqchiyu bojxonachilarning ommaviy qasamyod marosimlari bo‘lib o‘tmoqda.

Ayni tadbirlar, O‘zbekiston ichki ishlar vazirligi mulozimining Ozodlikka ma’lum qilishicha, O‘zbekiston prezidentining 2017 yil 2 fevraldagi "Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunning qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorini hayotga tadbiq etish maqsadida ishlab chiqilgan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat dasturi ramkasida o‘tkazilmoqda.

Imom ishtirokidagi qasamyod

Jazolanishidan qo‘rqib ismi sir qolishini so‘ragan Yuqorichirchiq IIB xodimining Ozodlikka aytishicha, "IIB shaxsiy tarkibi ishtirokida hafta davomida uch marotaba xizmat intizomi buzilishiga, poraxo‘rlik va tamagirlikga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha yig‘ilish" o‘tkazilgan.

Ichki ishlar xodimi qasamyod marosimlari tuman imom- xatibi ishtirokida bo‘lib o‘tganini bildirdi:

"Qasamyod marosimlari Yuqorchirchiq imom-xatibi ishtirokida bo‘lib o‘tdi. Shaxsiy tarkibdagi har bir xodim Qur’onning o‘zbek tilidagi nusxasiga qo‘lini qo‘yib, poraxo‘rlik va tamagirlik qilmaslikqa qasam ichdi," - dedi u.

Biroq, Yuqorichirchiq IIB navbatchisi marosim to‘g‘risida ma’lumot olish uchun "boshliqlarga bog‘lanish zarur"ligini aytdi.

Yuqorchirchiq tuman imomi ayni marosim yuzasidan ma’lumot berishni istamadi.

O‘zbekiston Ichki ishlar akademiyasi o‘qituvchilaridan birining Ozodlikka aytishicha, ichki ishlar xodimlarining qo‘lini Qur’onga qo‘yib qasam ichishi "yuqoridan berilgan buyruq emas, balki tuman ichki ishlar rahbarlarining o‘zlaridan chiqqan tashabbus bo‘lishi mumkin".

"Profilaktika inspektohlarining ommaviy qasamyod keltirishi shu yil boshidan buyon bo‘layapti. Lekin, Qur’onga qo‘l qo‘yib qasam ichilsin, degan topshiriq vazirlikdan bo‘lgani yo‘q," - dedi akademiya o‘qituvchilaridan biri.

Fermerlar va shifokorlar qasamyodi

Fermerlarning ommaviy qasamyod marosimi. Sirdaryo viloyati
Fermerlarning ommaviy qasamyod marosimi. Sirdaryo viloyati

O‘zbekistonda ommaviy ravishda qasamyod qilish marosimi dastlab Sirdaryolik fermerlar orasida kuzatildi.

Bu haqda Ozodlik ilk bor 18 noyabrda xabar qilgandi.

Hamshiralar qasamyod qilmoqda
Hamshiralar qasamyod qilmoqda

​Noyabr oyida Kattaqo‘rg‘on va Jomboy tumanlarida shifokorlarning qasamyod qabul qilish marosimi ham o‘tkazildi.

Ayni xabar matbuotda tarqalishi ortidan Samarqand viloyat hokimiyati bunday tadbirlarni to‘xtatishga buyruq berdi.

Davlat xizmatchilari qasamyodi

Hozirda O‘zbekistonda davlat xizmatchilariga qasamyod keltirishni shart etib qo‘yish masalasi ko‘rilmoqda.

2018 yil may oyida QHTBT (Qonunchilik hujjatlari ta’sirini baholash tizimi) portalida "Davlat xizmati to‘g‘risidagi" qonun loyihasi muhokamaga qo‘yilgan edi.

Mazkur qonun loyihasining 55-moddasida davlat xizmatiga qadam qo‘ygan xodim quyidagi mazmundagi qasamyod qabul qilishi alohida qayd etilgan.

"O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga og‘ishmay rioya etishga, o‘z faoliyatimda O‘zbekiston Respublikasining davlat xizmati prinsiplariga rioya qilishga, xizmat vazifalarimni halol va vijdonan bajarish hamda O‘zbekiston xalqiga xizmat qilishga, bu qasamyod buzilgan taqdirda, qonunda belgilangan javobgarlikka tortilishga tayyorligim haqida tantanali ravishda qasamyod qilaman", qabilida qasamyod keltirgan shaxs keyin qasamyod matnini imzolashi shart bo‘ladi.

Qonun loyihasida qayd etilishicha, qasamyod matni davlat xizmatchisining shaxsiy ishjildida saqlanadi.

XS
SM
MD
LG