Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 16:44

“Ohangaronsement” havoga sement purkamoqda. Ekologiya qo‘mitasining "qo‘li bog‘langan"


Ekologiya qo‘mitasi mulozimi¸ "Ohangaronsement" havoga chiqarayotgan sement kuli va kukunlarning normadan bir necha baravar baland ekanini e’tirof qildi.
Ekologiya qo‘mitasi mulozimi¸ "Ohangaronsement" havoga chiqarayotgan sement kuli va kukunlarning normadan bir necha baravar baland ekanini e’tirof qildi.

150 mingga yaqin aholi yashovchi Toshkentning ikkinchi yirik tumani Ohangarondagi sement zavodi¸ oddiy aholi vakillarining Ozodlikka bildirishicha¸ atrof-muhitga turli zaharli chiqindilar va hatto sement purkashda davom etmoqda.

Insonlar salomatligi¸ atrof-muhitga muttasil ziyon yetkazayotgan bu korxonaning ekologik talablarga javob bermasligi haqida Prezident portali¸ Bosh prokuraturaga qilingan shikoyatlar¸ ohangaronliklarga ko‘ra¸ natijasiz qolgan.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat ekologiya qo‘mitasining Ozodlik suhbatlashgan mutaxassisi bunday chorasizlikni Shavkat Mirziyoevning 2016 yil 5 oktabr kuni imzolagan 4848-sonli qarori bilan izohladi.

“Ohangaronsement”ning asosiy mulkdori – Rossiyaning Yevrosement grup kompaniyasi matbuot xizmati Ozodlikning ohangaronliklar va mutaxassislar e’tiroziga nisbatan savoliga hozircha javob bermadi.

Sement changiga burkangan Ohangaron

So‘nggi paytlarda Ohangaron shahridagi “Ohangaronsement” AJ zavodidan chiqayotgan ishlab chiqarish otxodi miqdori sezilarli darajada ko‘paygan. Bu esa o‘z navbatida inson sog‘lig‘i uchun jiddiy xavf tug‘dirmoqda.

Zavodning 86% aksiyasi rossiyaliklarda¸ qolgani esa O‘zbekiston tomonda. Demak qaymog‘ini ular olib ketadi¸ zararini ko‘radigan esa bu yerdagi aholi. Kattalar mayliku-ya, o‘sib kelayotgan yosh avlodga qanaqa ta’sir ko‘rsatadi?!”¸ deb murojaat qildi 6 dekabr kuni Ohangaronda yashovchilardan biri.

Bu suhbatdoshga ko‘ra¸ kun davomida har xil yumush bilan ko‘pincha zavodning atrof-muhitga chiqarayotgan gaz va changgiga e’tibor bermagan ohangaronliklar¸ har tongda bu jarayonning muttasil borayotganining isbot-daliliga ko‘z yuma olmaydi.

Ertalab tursak¸ hamma joyda qalin sement va chang turgan bo‘ladi. Mashinalarning oynalari¸ kapotlari ustida yig‘ib olsa bo‘ladigan darajada sementli chang bo‘ladi”¸ degan ohangaronlik suhbatdosh¸ o‘z mashinasi ustidagi oppoq chang qatlami va “Ohangaronsement” havoga purkab turgan tutun suratini gapiga ilova qildi.

Ohangaronliklarga ko‘ra¸ butun shahar har kuni ana shunday sement changiga burkanib yashamoqda.
Ohangaronliklarga ko‘ra¸ butun shahar har kuni ana shunday sement changiga burkanib yashamoqda.

Zavodlar havoga chiqarayotgan zararli tashlamalarni nazorat qiladigan bormi?

O‘zbekiston Respublikasining “Ekologik ekspertiza to‘g‘risida” 2000 yili qabul qilingan qonuniga muvofiq¸ “Davlat ekologik ekspertizasi sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi hisoblanadi”.

Ammo 7 dekabr kuni Ozodlik gaplashgan mazkur qo‘mita mutaxassisi¸ Shavkat Mirziyoevning 2016 yil 5 oktabrida imzolagan “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga¸ xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yashxilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 4848-sonli farmoni qo‘mitaning bu nazorat faoliyatini falaj qilib qo‘yganini aytadi.

Nafaqat Ekologiya qo‘mitasi¸ keyingi ikki yil ichida hatto prokuratura ham “Ohangaronsement”ni tekshira olmayapti. Prezident har qanday tekshirishni butunlay to‘xtatgan 4848-sonli farmoni bilan. “Ohangaronsement” ustidan shikoyatlar bizda ham portalda ham¸ prokuraturada ham qalashib yotipti¸ lekin hech narsa qilolmaymiz. Gidromet analizlari havoga chiqarilayotgan zararli tashlamalarning normadan kamida 3-4 barobar ko‘pligini ko‘rsatib turipti¸ lekin ularga ogohlantirish maktubi yuborishdan boshqa qo‘limizdan hech narsa kelmaydi”¸ - dedi Davlat ekologiya qo‘mitasi mutaxassisi.

“Hatto tekshirib¸ zavod faoliyatining ekologik standartlarga mos emasligini aniqlaganimizda ham¸ qonunga ko‘ra¸ ulardan normadan ortiq zararli gaz uchun kompensatsiya to‘lashni talab qila olamiz¸ xolos. Bu kompensatsiya davlat byudjetiga o‘tadi. Ammo aholi vaziyat qurboni bo‘lib qolaveradi”¸ - deb qo‘shimcha qiladi ismi ochiqlanmayotgan bu mulozim.

“Ohangaronsement” AJdagi vaziyatdan bevosita xabardor mahalliy mutaxassis¸ 50-60 yillarda qurilgan quvur va turbinalar eskirib¸ talabga javob bermaydigan holga tushgani¸ ayni paytda¸ ularni o‘chirish haqida gap ham bo‘lishi mumkin emasligini aytadi.

Ohangaronsement”ning sement changini¸ kul qurumini ushlab qoladigan filtrlari eskirib¸ ishdan chiqib bo‘lgan. Bittasini remont qildi¸ baribir talabga javob bermaydi. “Yevrosement grup“ “O‘zqurilishmateriallari“ bilan birga zavod territoriyasida qo‘shimcha korxona qurayapti hozir. Zamonaviy ekologik talablarga javob berishi kerak bo‘lgan yangisi ishga tushirilganidan keyin bular hozir ishlab turgan eski zavodni to‘xtatishi mumkin. Ungacha ahvol shunaqa davom etaveradi¸ chunki prezident zavodni o‘chirishga ruxsat bermaydi”¸ dedi Ozodlik gaplashgan ohangaronlik mutaxassis.

Joriy yil 19 oktabr kuni Ohangaron shahrida O‘zbekiston-Rossiya hamkorligida yana bir qo‘shma korxona tashkil etilishi haqida xabar qilgan mahalliy agentliklar¸ qiymati 160 million dollarlik bu loyihaning 20 oy davomida (2021 yil o‘rtalarigacha – tahr.) ishga tushirilishi haqida yozdi.

Sement changi va salomatlik

Ozodlik gaplashgan ohangaronlik vrachlardan biri¸ “Ohangaronsement” zavodining odamlar salomatligiga yetkazayotgan zararini “avlodlarga cho‘ziladigan epidemiya” deb atadi.

Bu ommaviy zaharlanish kabi shov-shuvli jarayon emas. Ya’ni havoga sement changi chiqishi oqibatida yuzlab odam birdaniga gospitalizatsiya bo‘lmaydi. Har kuni tarkibida sement va boshqa zaharli elementlar bo‘lgan havodan nafas olish aholi orasida silikoz kasali keng tarqashiga sabab bo‘ladi. Sanoat aerozollari va changlar keltirib chiqaradigan kasalliklardan bo‘lgan silikoz asosan konchi-ko‘mirchilarning kasb kasalligi hisoblanadi. Lekin “Ohangaronsement” yaqinida yashovchilar orasida ham shu kasallik ko‘p tarqalgan. Buning aniq statistikasi Toshkentdagi ilmiy-tadqiqot institutida bo‘lishi kerak”¸ degan mahalliy vrach o‘zida ohangaronliklar orasida silikozning qanchalik keng tarqalganini ko‘rsatuvchi aniq raqamlar yo‘qligini bildirdi.

Sovet ittifoqi davrida qurilgan Ohangarondagi sement zavodining 86 foiz aksiyasi 2006 yili Rossiyaning Yevrosement grup xoldinggiga sotildi.

Rasmiy saytida yozilishicha “Ohangaronsement” AJ O‘zbekistondagi ikkinchi eng yirik tsement zavodi hisoblanadi va uning loyihaviy quvvati yiliga 2 180 000 tonnani tashkil etadi.

7 dekabr kuni Ozodlik “Ohangaronsement”ning asosiy mulkdori Yevrotsement grupning Moskvadagi bosh ofisi bilan bog‘lanib¸ ohangaronliklar shikoyati va mutaxassislar tilga olgan ma’lumotlarga munosabat bildirishni so‘radi.

Bu masala atroflicha o‘rganilib¸ albatta¸ javob berilishini bildirgan holding matbuot xizmatidan¸ 7 dekabr kuni javob bo‘lmadi.

XS
SM
MD
LG